Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adham Otajonov (Abu Muslim)

Har bir amalingizni tahlil qilib, kimga yoki nimaga sig‘inayotganingizni bilish mumkin.

Imperiya tarixida burilish yasagan Ko‘sem Sulton

Imperiya tarixida burilish yasagan Ko‘sem Sulton

Ko‘semning nasroniylikda bo‘lgan ismi ma’lum emas, biroq keng tarqalgan taxminlarga ko‘ra, uning ismi Anastasiya bo‘lgan.

Foto: sultankesem.ru

Ko‘sem Sulton, Mohipaykar ismi bilan ham mashhur (turkchasi, Mâh-Peyker Kösem; taxminan 1590 — 1651-yil 2 sentyabr), Usmoniy Sulton Ahmadning ikkinchi yo uchinchi kanizagi (xasaki unvoni bo‘lgan) va Murod IV va Ibrohim I sultonlarning onasi. Farzandlari sultonlik qilgan davrlarda Volida Sulton unvoniga ega bo‘lgan va Usmoniylar sultonligida katta ta’sirga ega bo‘lgan ayollardan hisoblanadi. Mehmed IV sultonligi davrida sultonning buvisi bo‘lib, Buyuk Volida unvoniga ega bo‘lgan. Umumiy hisob bilan 30 yilga yaqin hokimiyatda bo‘lgan. Uning ta’siri bilan sulton Ahmad Mustafo I hayotini saqlab qolgan va shu tarzda Usmoniylar saltanatida taxtni meros qilish tartibi o‘zgargan. Turxon sulton tarafdorlari tarafidan o‘ldirilgan.

Kelib chiqishi va haramdagi ilk yillar

Haramga kelishidan oldingi hayoti haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Qaysi yil tavallud topgani ham noma’lum. Biroq ba’zi manbalarda uning yunon yoki bosniyalik qiz ekani haqida aytilgan. Uning yunon qizi ekaniligi haqidagi xabar italyan sayohatchisi Petro della Valle tarafidan bitilgan maktubda ilk bor zikr qilingan. 1615-yil 25-oktyabrda Istanbuldan Ko‘sem sulton haqida bitilgan maktubda: “Agar to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, u yunon ruhoniysining qizi bo‘lib, Konstantinopoldan 200 chaqirim uzoqlikda joylashgan shahar yoki mamlakatdandir”. Uning nasroniylikda bo‘lgan ismi ma’lum emas, biroq keng tarqalgan taxminlarga ko‘ra, uning ismi Anastasiya bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, u Bosniya sanjakbeyi tarafidan qul sifatida sotib olingan va 15 yoshida u haramga keltirilgan. Unga Mohipaykar deb ism berilgan. Uning boshqa bir ismi Ko‘sem bo‘lib, bu ismni unga Ahmad sulton bergan. Bu ismning kelib chiqishi haqida yana boshqa talqinlar ham bor. Usmoniylar tilini o‘rgangan Petro della Vallening yozishicha, bu ism sochsiz (turkcha, ko‘sa – sochsiz, soqolsiz) degan ma’noni berar, tanasida tuklar bo‘lmagani uchun shu nomni olgan bo‘lishi ham mumkin. Bundan tashqari, Islom qomusiga ko‘ra, usmoniycha kösem/kösemen so‘zining“peshvo, rahbar, erkin va ozod” degan ma’nolari ham bor ekan.

Ahmad 13 yoshida sulton bo‘ladi. Bu vaqtda uning kanizaklari ham farzandlari ham bo‘lmagan. Bu esa sulola uchun xavfli edi. Shuning uchun ham an’anaga xilof ravishda uning ukasi Mustafo tirik qoldiriladi. Yosh sultonning eng birinchi vazifasi vorislarni dunyoga keltirish edi. Unga kanizaklar hadya qilindi. Ko‘sem Ahmad sultonning haramiga keltirilganida sultonning boshqa bir xasaki kanizagi bor edi. Ahmadning katta o‘g‘li Usmonni 1604-yili Mahfiruz tuqqan. Lesli Pirsning yozishicha, Ko‘sem Sulton ikkinchi yoki uchinchi kanizagi bo‘lgan. Ehtimol boshida Ko‘sem haramda katta ta’sirga ega bo‘lmagan, chunki Mahfiruz Usmondan boshqa yana bir o‘g‘il tug‘ib bergan. Petro della Vallening yozishicha, sultonning ikki xotinidan to‘rtta farzandi bo‘lgan. O‘zining aqli va go‘zalligi tufayli Ko‘sem Ahmad sultonning sevikli ayoliga aylandi.

1610-yillar o‘rtasida Ko‘sem Sulton ta’sirida Ahmad Sulton Mahfiruz sultonni eski saroyga badarg‘a qiladi. Venetsiya elchisi Kontarini 1612-yilda Ko‘sem sultonning g‘azabini keltirgan ayolni sulton urib tashlagani haqida yozganda Mahfiruzni nazarda tutgan. Ko‘sem sultonga juda ko‘p farzand tug‘ib bergan. So‘ng farzand va nevaralarini yuqori lavozimni egallagan shaxslar nikohiga berib, katta ta’sirga ega bo‘lgan.

Mustafo I va Usmon II hukmronlik davrida

Ahmad I hukmron bo‘lgan vaqtida Ko‘sem siyosiy sohada qandaydir ta’sirga ega emas edi. Uning o‘limidan so‘ng, 1617-yil 22-noyabr kuni ukasi Mustafo I taxtga o‘tiradi. Usmoniylar saroyi urf-odatiga ko‘ra, Ahmad taxtga chiqqan kuni u o‘ldirilishi kerak edi. Biroq Ahmad 13 yoshida taxtga chiqqan va voris bo‘ladigan farzandlari ham yo‘q edi. Demak, u o‘ladigan bo‘lsa, vorislari yo‘q bo‘lgani bois sulola uzilishi xavfi bor edi. Bundan tashqari, yana ikkita omil bor edi: birinchidan u ruhiy xasta bo‘lib isyon ko‘tarish yoki boshqa siyosiy jihatdan xavfsiz edi. Ikkinchidan, Mustafoni o‘limdan Ko‘sem saqlab qolishga harakat qilgan. Venetsiya elchisi Simon Kontarini 1612-yilda xabar qilishicha, Ko‘sem Ahmadni Mustafoni qatl qilmaslikka ko‘ndirgan. U sultonga o‘zi ham sultonning to‘ng‘ich farzandi bo‘lmasa ham taqdir uni taxtga chiqishini nasib qilganini aytgan. Shuning uchun, usmoniylar odatiga xilof bo‘lsa ham, u ukasiga zarar qilmasligi kerakligiga ishontiradi. Kontarinining so‘ziga ko‘ra, Ko‘sem bu bilan «Ahmadning o‘z ukasiga bo‘lgan marhamatini keyinroq o‘zining farzandlari va boshqa shahzodalarga ham tatbiq qilinishi»ni istagan.

Mustafo hukmron bo‘lganidan so‘ng Ko‘sem sultonni o‘lgan sultonlarning kanizaklari va qizlari badarg‘a qilinadigan eski saroyga yuboradi. Mustafo faqat uch oygina sulton bo‘ladi. 1618-yil 26-fevral kuni u taxtdan ag‘dariladi, biroq qatl etilmaydi. Ahmad sultonning 14 yoshli Usmon ismli farzandi yangi sulton bo‘ladi. Usmonning onasi yosh vafot qilganligini 1615-yili Petro della Vale qayd etgan ekan. Usmon yoshlik vaqtidayoq Ko‘sem u bilan do‘stona munosabat o‘rnatishga harakat qilgan. Usmon o‘gay onasiga hurmat ko‘rsatadi va 1619-yili, sulton bo‘lib turganida eski saroyga uni ziyorat qilgani keladi. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, Xotin urushiga ketishidan oldin Usmon Ko‘semning katta o‘g‘li Mehmedni qatl qilishga buyruq beradi. Xotin urushida usmoniylar mag‘lub bo‘ladi. Sulton va yanicharlar o‘rtasida ziddiyat yanada kuchayadi. 1622-yili 19-may kuni Mustafoning onasi Halima Sulton va kuyovi Qora Dovud Posha tarafidan ko‘tarilgan isyon natijasida Usmon taxtdan ag‘dariladi va so‘ng o‘ldiriladi.

Usmonning haramida bir nechta xasakisi bo‘lgani bilan uning farzandlari bo‘lmagan. Mustafo yana sulton bo‘ladi. Halima esa, volida unvoniga ega bo‘ladi. Sulishovskiy bu kunlar haqida quyidagilarni yozgan edi: «To‘rt kun davom etgan isyon go‘yo hech narsa bo‘lmaganidek bir zumda to‘xtadi». Ko‘sem uchun bu davrlar juda og‘ir kunlar edi. Chunki Dovud Poshoning Sulton Mehmed III qizidan ikkita o‘g‘il farzandi bor edi. Agar Ahmad sultonning tirik o‘g‘illari yo‘ldan olib tashlansa, kelajakda uning farzandlari hokimiyatga kelishi mumkinligi ehtimoli bor edi. Shuning uchun ham Ko‘semning katta o‘g‘li Murodga suiqasd uyushtirildi.

Mustafoning ikkinchi hukmronligi 1623-yilning 10-sentyabrigacha davom etdi. Bu alg‘ov-dalg‘ov davr bo‘ldi: Abaza Posho isyon ko‘tardi va Usmon II qotillariga jazo berishni talab qildi. Halima va Bosh vazir bo‘lib olgan Qora Dovud Posho hukmronligiga qarshi bo‘lib, norozi bo‘lganlar juda ko‘p edi. Volida sulton isyonchilarni tinchlantirish uchun 13 iyun kuni Qora Dovud Poshoni ishdan oladi, biroq bu chora yordam bermaydi va dekabrda isyonga sipohilar ham qo‘shiladi. 1623-yili esa Usmon qotillariga jazo berishni vazirlar ham talab qila boshlaydi. Qora Dovud posho va boshqa qotillikka aloqasi borlar qatl qilinadi.

Shunday bo‘lishiga qaramay, ya’ni Halima sultonning katta qurbonlar evaziga Mustafoni taxtda saqlab qolishning ilojisi bo‘lmaydi. 1623-yili may oyida Abaza Posho 40 ming askardan iborat qo‘shini bilan Anqarani qamal qiladi. 1623-yili 30-avgust oyida Bosh vazir etib Qora Ali Posho saylanadi. U esa ulamolar yordamida Halima Sultonni Mustafoni taxtdan olishga ko‘ndiradi. Halima sulton keyinchalik Mustafoni qatl qilmaslik sharti bilan rozi bo‘ladi. Natijada, 1623-yili sentyabr oyida Ahmad Sulton va Ko‘semning 11 yoshli Murod ismlik o‘g‘li usmoniylar taxtini egallaydi. Halima eski saroyga qaytadi, Mustafo esa Qafasga yuboriladi va umrining oxirigacha shu yerda qoladi.

Umumiy hisob bilan Ko‘sem Sulton Eski saroyda olti yilcha yashaydi.

Volida sulton

Murod taxtga chiqqanidan so‘ng Ko‘sem davlat to‘ntarishini qilish aybi bilan ayblandi. Shayxulislom oldida oqlanishga to‘g‘ri keldi. Yangi sulton onasi bo‘lgani uchun Ko‘sem Volida Sulton bo‘ldi va Eski saroydan To‘pqopiga ko‘chib o‘tdi. Murod IV 11 yoshida sulton bo‘ldi va buning natijasida 1632 yilgacha hokimiyat Ko‘sem va uning tarafdorlari qo‘lida saqlandi. Ko‘semning o‘zi rasmiy ravishda regent sanalib yana besh yilcha hukmronlik qildi. So‘ng Murod ulg‘ayadi va onasini davlat ishlaridan chetlashtiradi. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, onasining aqli, tajribasini qadrlaydi va unga quloq solib turadi. Murod tez-tez harbiy yurish qilib turardi, o‘sha vaqtlarda ham boshqaruvni onasi nazorat qilardi. Murod barcha ukalarini qatl qilishga buyruq berganidayam u Ibrohimning hayotini saqlab qololadi.

1640-yili farzandi Murod vafot qiladi. Taxtni egallash uchun uning o‘g‘illari bo‘lmagani sababli taxt usmoniylar sulolasining yolg‘iz vakili Ibrohimga nasib qiladi. Ibrohim hukmronligining ilk yillarida hokimiyat yana Ko‘sem qo‘lida bo‘ladi. Keyinchalik ona va bola o‘rtasida munosabatlar keskinlashadi. Ibrohimning ruhiy holati hamda Usmoniylar saltanatidagi holat salbiy tarafga qarab o‘zgaradi. Ibrohim kanizaklari ta’siriga tushib qoladi va onasini To‘pqopidan badarg‘a qiladi. Oradan biroz vaqt o‘tgach Ibrohim onasi va Bosh vazir uni taxtdan ag‘darish rejalarini qilayotganini bilib qoladi. Bosh vazir qatl qilinadi Ko‘sem esa Iskandar Chalabiy bog‘iga surgun qilinadi.

Ibrohimning Venetsiya bilan boshlagan urushi aholi o‘rtasida norozilikni keltirib chiqaradi.

1648-yil saroydagi barcha guruhlar, xususan Ko‘sem ham sultonni tezda taxtdan ag‘darish lozimligi haqidagi fikrga keladi. 1648-yili 8-avgust kuni sulton taxtdan ag‘dariladi va bir ikki kundan keyin bir fatvoga ko‘ra qatl etiladi. Ulkan saltanat tepasiga Ko‘semning nevarasi va qatl etilgan sultonning olti yoshli Mehmed ismli o‘g‘li keladi. Mehmed taxtga chiqishi bilan uning Turxon ismlik onasi Volida Sulton unvoniga ega bo‘lsa ham unvonning barcha imtiyozlari Ko‘semga nasib qiladi. U esa Buyuk volida unvonini oladi. O‘sha vaqtda Turxon yigirma yoshdan endi oshgan bo‘lib, tajribasiz bo‘lgani uchun uni Ko‘sem osongina hokimiyatdan uzoqlashtiradi.

Nafsoniyatli Turxon jangsiz taslim bo‘lishni istamaydi. Ko‘sem uch yildan beri hokimiyatni egallagani bilan, Turxon o‘ziga juda ko‘p tarafdorlar orttiradi. Bularning ichida haram og‘alarining rahbari va Bosh vazir ham bor edi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Ko‘sem tarafida yanicharlar turadi.

Ko‘sem davlat ishlarini eplab tursa ham aholi orasida yanicharlarning mamlakat siyosatiga katta ta’sir qilayotganiga qarshi noroziliklar boshlanadi. Bosh vazir Malik Ahmad posho va yanicharlarning rahbariyati xazinadagi tanqislikni yopish uchun qilgan barcha choralarga qaramay, 1651-yili avgust oyida poytaxtda isyon ko‘tariladi.

Taxminan o‘sha payt, Ko‘sem Sulton yanicharlar roziligi bilan Mehmed IV ga zahar berib, uning o‘rniga boshqa nevarasi, shahzoda Sulaymonni taxtga keltirishi haqidagi xabar Turxon sultonga ma’lum bo‘ladi. Shahzoda Sulaymonning onasi Soliha Dilashub Sulton so‘zga yuruvchan bo‘lib tuyulgan bo‘lsa kerak. Bu rejalar haqida Turxon Sulton Ko‘semning xizmatkori Malaki-xotundan biladi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, bu xotin ikki tarafga so‘z tashib yuruvchi josus bo‘lgan ekan.

1651-yil 2-sentyabr kuni Ko‘sem Sulton o‘z xonasida Turxon tarafdorlari tarafidan o‘ldiriladi. Biroq bu qotillik Mehmed IV onasi tarafidan rejalashtirilib va uning buyrug‘i asosida amalga oshirilgani hozirgacha tasdig‘ini topmagan.

O‘sha vaqtda shayxulislom bo‘lgan tarixchi Qora Chelebizodaning so‘zlariga ko‘ra, qotil Uzun Sulaymon og‘a va uning odamlari bo‘lgan. Ular Ko‘semni haramdagi shkaflarning biriga yashiringan holda topib parda arqoni bilan bo‘g‘ib o‘ldirishadi. Ko‘semning jasadini avval Eski saroyga olib borishadi, biroq uni keyin Sulton Ahmad masjidi yaqinida Ahmad I qabri yoniga dafn qilishadi.

Farzandlari

Murod IV va Ibrohim I sultonlar va shahzoda Qosimlar aniq uning o‘g‘illari bo‘lgan. Oysha va Fotima ismli qizlari ham bo‘lgan. Shahzoda Mehmed, Sulaymon, Xonzoda, Atika va Gavharxonlar haqida turli taxminlar bor. Ko‘sem o‘z qizlarini katta ta’sirga ega davlat arboblariga turmushga bergan va o‘zi ularni qo‘llab turgan. Ular ham doim onalarining tarafdori bo‘lgan.

* * *

Juda ko‘p tarixchilar, «xino qo‘yib olgan» qo‘llari bilan katta mamlakatni boshqarmoqchi bo‘lgan, deb aytishadi. Ba’zilar hatto u hukmronlik qilgan vaqtlarni «Ayollar saltanati» davri, deb ham qo‘yishadi. Nima bo‘lganida ham, bir vaqtlar dunyoning eng yirik saltanati bo‘lgan qudratli davlat aynan ayollar boshqaruvi davridan boshlab inqirozga yuz tuta boshlaydi. Bunda aql egalari uchun juda ko‘p hikmatlar bor.

 

 

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring