Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Atomli qudratli kuch». Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan maslakdosh ijodkorlar O‘zbekistonda jam bo‘ldi

«Atomli qudratli kuch». Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan maslakdosh ijodkorlar O‘zbekistonda jam bo‘ldi

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekistonlik bir guruh adabiyotsevarlar tashabbusi bilan tashkil etilgan Uzbekistan’s Literature and Art Bridge (O‘zbekistonni dunyo adabiyoti va san’ati bilan bog‘lovchi ko‘prik) dasturi doirasida bu yil ham yurtimizga dunyoning turli o‘lkalaridan ijodkorlar tashrif buyurdi.

Joriy yil 25-sentyabrdan 10-oktyabrga qadar davom etadigan yozuvchi, rassom va madaniyat xodimi rezidensiya dasturida bu gal AQSh, Avstraliya, Yaponiya, Daniya, Ispaniya, Bolgariya, Isroil, Bangladesh, Qirg‘iziston hamda Qozog‘iston vakillari ishtirok etmoqda.

Dastur mushoira va badiiy o‘qish kechalari, qisqa muddatli chet tili kurslari, davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar, kutubxona, adabiyot va uy-muzeylariga tashrif, shuningdek, yurtimizning tarixiy shaharlari va ziyoratgohlariga sayohatni o‘z ichiga oladi.

Dasturning ilk kunlari xorijlik ijodkorlar O‘zbekiston milliy kutubxonasida mehmon bo‘lib, bu yerda saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar bilan tanishdilar. Milliy kutubxonaning shinam bo‘lmasida o‘tkazilgan davra suhbatida esa yozuvchi-shoirlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, adabiyotning ertasi kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.

Yaponiyalik atoqli shoira Ke Morining ijodi xalqaro darajada e’tirof etilgan: u bir necha adabiy mukofotga sazovor bo‘lgan. Darvoqe, Sharq mumtoz adabiyotiga oshufta ijodkor Alisher Navoiy g‘azallarining bir turkumini yapon tiliga tarjima qilgan.

Bir zamonlar Buyuk ipak yo‘li dunyo xalqlari uchun o‘ziga xos madaniyat ko‘prigini bajargan edi. Ushbu tarixiy yo‘l orqali nafaqat tovarlar, balki yangi g‘oyalar, adabiy asarlar ham tarqalgan. Buloq qayta ko‘z ochgani kabi bugun tarixiy adabiy aloqalar qayta tiklanmoqda. Uzbekistan’s Literature and Art Bridge dasturi buning yorqin misoli», deydi shoira Ke Mori.

Kunchiqar o‘lkadan tashrif buyurgan shoira hazrat Navoiy ijodi qay jihati bilan uni maftun etganiga ham oydinlik kiritdi.

«Alisher Navoiy ijodi bilan o‘zbekistonlik shoir va mutarjim A’zam Obidning inglizcha tarjimalari orqali tanishdi. Navoiy o‘z ijodida insoniyatga bo‘lgan yuksak mehr-muhabbatni tarannum etgan ekan. Mutafakkir ijodi meni ayni shu jihati bilan o‘ziga rom etdi. Qolaversa, Navoiy g‘azallaridagi ritm va ohangdorlik yapon she’riyati an’analarini yodga soldi. Endilikda o‘zbek tilini puxta o‘rganib, shoir asarlarini originaldan tarjima qilmoqchiman», – deydi yaponiyalik shoira. 

Isroillik Sipi Levin Bayron nafaqat nozikta’b shoira, balki ziyrak olima sifatida ham e’tirof qozongan. Nufuzli universitetlarda saboq bergan ijodkor milliy o‘zlikni anglashda adabiyotning o‘rni muhim deb hisoblaydi.  

«Bugun dunyo miqyosida, ayniqsa, mustamlaka davrini boshdan kechirgan o‘lkalarda milliy o‘zlikni anglash dolzarb masalalardan biriga aylangan. Globallashuv, texnik taraqqiyot va kapitalistik munosabatlarning tig‘izlashuvi bois vaziyat xiyla murakkab tus olmoqda. Menimcha, har bir millatning o‘zligini anglashi, dunyo maydonida munosib o‘rin topishida adabiyot, xususan, she’riyat ham hal qiluvchi o‘rin tutadi», – deydi Sipi Levin Bayron.

Milliy adabiyot namunalarini jahonga olib chiqish haqida ko‘p va xo‘b munozara qilinmoqda. Xo‘sh, buning uchun nima qilmoq kerak?

«Barcha sohalar qatori adabiyot uchun ham mahdudlik davri ortda qoldi. Asaringizni dunyo ahliga ingliz tilida yetkazishga harakat qiling», deydi shoira.

«Sharq xalqlari bir zamonlar dunyoga ustozlik qilgani haqida so‘zlashni xush ko‘radi. Albatta, bu tarixiy faktni rad etib bo‘lmaydi. Ammo bugun o‘tmishga mahliyo bo‘lib o‘tirishning mavridi emas. Bugungi avlod ota-bobolari shuhrati bilan shunchaki maqtanmay, moziydagi buyuklikni, ustozlik maqomini qaytarishga intilishi kerak», – deydi Sipi Levin Bayron.

Daniyalik Klaus Ankersen shoir va rassom sifatida nom chiqargan. Ko‘plab xalqaro adabiy anjumanlarda qatnashgan ijodkor jamiyatning adabiyotga munosabati masalasiga to‘xtaldi.

«Bugun dunyo miqyosida adabiyotga yalpi e’tiborsizlik holati kuzatilmoqda. Sara asarlar yaratilmoqda, ammo fojia shundaki, uni qadrlovchi o‘quvchi yo‘q. Noshirlik sohasidagi monopoliya, ya’ni yirik nashriyot uylarining kitob bozorida nazorat o‘rnatib olgani ham moddiy imkoniyati cheklangan ijodkorlar uchun jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Muammo ko‘p, albatta. Ammo men har qanday holatda ham adabiyotning najotkorlik, xaloskorlik kuchiga ishonaman», – deya fikrlariga yakun yasadi shoir Klaus Ankersen.

Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan adabiyot, san’at va madaniyat namoyandalari sayyoramizning turli o‘lkalaridan kelgan. Ammo ularni birlashtirib turuvchi mushtarak xususiyat mavjud: ular adabiyot, san’at hamda madaniyat «atomdan qudratli kuch»ga ekani, dunyo bo‘ylab avj olgan ma’naviy-axloqiy buhronlardan insoniyatni aynan yuksak ijod qutqarishiga qat’iy ishonadilar.

UzLAB dasturi 2018-yil oktyabr oyida tajriba sifatida ilk bor joriy etilgan. Hozirga qadar unda o‘ndan ziyod xorijiy davlatdan 20 nafardan ortiq ijodkor qatnashdi.

«UzLAB mustaqil tashabbusimizdan ko‘zlangan maqsad – adabiy, madaniy almashuv, o‘zbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat sohasi vakillariga xorijlik hamkasblari bilan muloqot o‘rnatish uchun imkoniyat yaratish, muntazam hamkorlik qilish, ko‘rgazmalar o‘tkazish, kitoblar chop etishdan iboratdir. Dasturimiz kelgusida yurtimizda keng ko‘lamli xalqaro ijodiy loyiha va festivallar tashkil etilishi, xalqaro ijod uylari ochilishiga turtki bo‘ladi degan umiddamiz», – deydi dastur tashabbuskori, yozuvchi va tarjimon A’zam Obid.

Ta’kidlash joizki, Uzbekistan’s Literature and Art Bridge dasturi maxsus moliya manbalari va homiylik mablag‘larisiz, ko‘ngillilarning himmati evaziga amalga oshirilmoqda.

O‘tgan dasturlar natijasi o‘laroq, yurtimiz adiblarining she’riy va nasriy asarlari xorijiy tillarda dunyo yuzini ko‘rdi. Yaqin fursatda xorijda Alisher Navoiyning ingliz tiliga o‘girilgan «Farhod va Shirin» dostoni va zamonaviy o‘zbek she’riyati antologiyasi bosilishi rejalashtirilgan. Dunyo matbuotida ham yurtimiz madaniyati, san’ati va adabiyotiga oid maqolalar chop etilmoqda. Sirasini aytganda, mazkur dastur o‘zbek va jahon adabiyoti o‘rtasida mustahkam ko‘prikka aylanmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring