Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Singapur universiteti yana katta sahnada: koronavirus qachon tugashini bu safar to‘g‘ri hisoblashdi degan umiddamiz

Singapur universiteti yana katta sahnada: koronavirus qachon tugashini bu safar to‘g‘ri hisoblashdi degan umiddamiz

Foto: «IEEE Spectrum»

Xabaringiz bo‘lsa, Singapur texnologiya va dizayn universiteti global miqyosda va mamlakatlarda koronavirus qachon tugashini hisoblab chiqqandi (ular O‘zbekistonda koronavirus may oyida batamom tugaydi deyishgandi). Ammo koronavirus matematiklarni ham dog‘da qoldirdi — pandemiya rivojlanishi kutilmagan o‘zanga burilib ketdi. Hisob-kitoblarni tinmay yangilaverishdan toliqqan singapurlik olimlar oxiri oldingi barcha xomcho‘tlarni bekor qilib, universitet rasmiy saytiga joylangan grafiklarni o‘chirib tashlashgacha borishgandi.

Ammo yaqinda bir xabar paydo bo‘ldi — singapurlik olimlar osonlikcha taslim bo‘lmasdan shu paytgacha hisob-kitobni davom ettirishgan ekan va koronavirusning qachon tugashiga aniqlik kiritishibdi (har holda shunga umid qilamiz).

Demak, olimlarga ishonadigan bo‘lsak, «2020-yil — koronavirus yili» bo‘ladi, ya’ni bu balodan global miqyosda uzil-kesil qutulish uchun «g‘alvir ko‘tariladigan» dekabr oyini kutishimizga to‘g‘ri keladi. Singapur texnologiya va dizayn universiteti tadqiqotchilari shu oygacha umid yo‘q deyishmoqda.

«New York Post» yozishicha, Singapur universiteti tadqiqotchilari AQSh infeksiyani sentyabr oyida, Buyuk Britaniya avgustning oxirida yengishini chamalashmoqda. Hisob-kitoblashda infeksiya tarqalishining (yuqtirishga moyillik, kasallar soni, sog‘ayib ketganlar) matematik modelidan foydalanilgan.

Singapurlik olimlar bu safar adashishmagan bo‘lsa, hademay bizning ko‘chada ham bayram bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring