Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar berdi

Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-aprel kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun videoanjuman tarzida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda, shuningdek, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban hamda kengash bosh kotibi Bahdat Amreyev va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, pandemiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatlarimizda ko‘rilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida fikr almashildi. Tomonlar epidemiologik nazoratni ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini muhofaza qilish, murakkkab sharoitda iqtisodiyot tarmoqlari va biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdilar.

Koronavirusga qarshi kurashishda tajriba va eng namunali amaliyot almashish maqsadida yaqindan hamkorlik qilish, savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalaridagi qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish va qo‘llab-quvvatlash muhim ekani ta’kidlandi.

Turkiy kengash mamlakatlari azaldan do‘stlik va sheriklik rishtalari bilan bog‘langani, keyingi yillarda ko‘p qirrali hamkorlikni faol rivojlantirib borayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Afsuski, tezlik bilan tarqalib borayotgan bu xatarli infeksiya 160 millionga yaqin aholiga ega bo‘lgan davlatlarimizni ham chetlab o‘tmadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu pandemiya butun bashariyat va jahon iqtisodiyoti uchun g‘oyat jiddiy sinovga aylandi. Global miqyosdagi epidemiologik inqiroz dunyoda transport qatnovining ancha qisqarishiga, yirik korxona va tarmoqlar faoliyatining to‘xtashiga, ishsizlikning ortishiga olib keldi hamda barcha mamlakatlarda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga katta salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.

Bu boradagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, davlatimiz rahbari infeksiyaning keng tarqalishini oldini olish bo‘yicha ta’sirchan va keng qamrovli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, sog‘liqni saqlash tizimlari salohiyatini mustahkamlash, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va nisbatan zaif sohalari uchun oqibatlarni yumshatish, ochiq xalqaro muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimizda koronavirusga qarshi olib borilayotgan mislsiz kurash tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiya va talablariga muvofiq joriy etilgan karantin choralari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Yurtimiz hududlarida karantin zonalari va zamonaviy modul kasalxonalarini barpo etish ishlari, vrachlar uchun ijtimoiy kafolatlarni kengaytirish, masofaviy ta’limni tashkil etish, iqtisodiyot va biznesni real qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qabul qilingan choralar, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va prognozlash milliy tizimi joriy etilayotgani, boshqa tadbirlar alohida qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oqibatlariga qarshi samarali kurashish bo‘yicha ta’sirchan amaliy choralar ko‘rish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan qator aniq takliflar ilgari surildi, shu jumladan:

  • Turkiy kengash doirasida epidemiologik holatni monitoring, tahlil qilish va uning rivojlanishini prognozlash bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi tizim yaratish;
  • xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish, diagnostika qilish va davolash sohasida tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun sog‘liqni saqlash vazirliklari va yetakchi tibbiyot muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Shu maqsadda yaqin vaqtda yetakchi ekspertlar ishtirokida birinchi videoanjuman o‘tkazish;
  • Turkiy kengash kotibiyatining muvofiqlashtiruvchi funksiyalarini kuchaytirish hamda pandemiyaga qarshi kurashish milliy shtablari bilan yaqin amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun tegishli guruh tuzish;
  • transport infratuzilmasi va kommunikatsiyalaridan maksimal darajada to‘liq foydalanish, yuk tashishda va ularning soddalashtirilgan tartibda chegaradan o‘tkazilishida amaliy ko‘maklashish, tashkilotga a’zo mamlakatlarning transport vazirlari rahbarligida ishchi guruh tuzish orqali yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish;
  • pandemiya oqibatlarini yumshatishga keng xalqaro yordamni jalb etish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va vakolatlarini yanada oshirish, JSST va Turkiy kengash o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida shuni alohida ta’kidladi:

«Hammamizga ayonki, biron bir davlat yakka holda ushbu pandemiya balosiga qarshi samarali kurash olib bora olmaydi.

Biz birdamlik, hamkorlik va o‘zaro g‘amxo‘rlik tamoyillari asosida ish tutishimiz lozim. Biz birgalikda ko‘p narsaga qodirmiz».

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining barcha taklif va tashabbuslari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdan tashqari sammitining yakuniy hujjatida – Boku deklaratsiyasida o‘z aksini topdi.

Ushbu muhim hujjat turkiy tilli mamlakatlar rahbarlarining uchrashuvi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda siyosiy va huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring