Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qiyin sharoitda qolgan tadbirkorni yil oxirigacha birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi

Qiyin sharoitda qolgan tadbirkorni yil oxirigacha birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida farmon qabul qildi. Hujjatga asosan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unda 10 trillion so‘m shakllantiriladi.

Yig‘ilishda farmonda belgilangan dolzarb vazifalarni amalga oshirish, pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish masalalari ham muhokama qilindi.

Koronavirus tarqalashining oldini olish, shifoxonalarni dori, himoya va diagnostika vositalari bilan ta’minlash, karantin xarajatlarini o‘z vaqtida moliyalashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan. Ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlab, oylik maoshiga qo‘shimcha 120 foiz ustama to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kasallanganlarni o‘z vaqtida aniqlash va profilaktikaga e’tiborni kuchaytirish, buning uchun barcha hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ekspress-testlar bilan ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Hozirgi kunda 16 mingdan ortiq fuqarolar karantinga olingan. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga karantin nazoratini ta’minlash yuklatildi.

Koronavirus ta’siri eng yuqori bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta’tillari va kredit qarzlari bo‘yicha imtiyozlar berish, budjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Masalan, mehmonxona biznesida 90 milliard so‘mlik, transport-logistika sohasida 650 milliard so‘mlik, umumiy ovqatlanish muassasalarida 180 milliard so‘mlik, tashqi savdo korxonalarida 3,6 trillion so‘mlik kreditlarni qaytarish imkoniyati pasaymoqda. Turistik firma va mehmonxonalar har bir sayyoh uchun kuniga 2-3 dollardan turizm yig‘imi to‘lab kelmoqda.

Shu bois ushbu korxonalarning kredit muddatlarini uzaytirish, turistik yig‘imlar undirishni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, pandemiya sababli faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarga banklar orqali foizsiz budjet ssudalari ajratiladi. Hokimlarga iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan korxonalardan mahalliy soliqlarni undirishni 6 oygacha kechiktirish vakolati beriladi.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig‘i, fermerlarning suv solig‘i 50 foizga kamaytiriladi. Bunda mahalliy budjetdagi yo‘qotishlar respublika budjetidan qoplab beriladi.

Yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy e’lon qilinadi va qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash to‘xtatiladi. Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi.

Xalqaro savdodagi vaziyatni inobatga olib, eksport-import bo‘yicha kechiktirilgan qarzdorlikka jarima qo‘llamaslik, «yashil yo‘lak»lardan mahsulot o‘tkazishni ko‘paytirish, yuk tashishda yuzaga kelayotgan masalalarni operativ hal etib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

– Hozirgi holatda ba’zi korxonalarning soliq tushadigan bazasi kamayishi tabiiy. Lekin bu kamomad nima hisobidan qoplanishi bo‘yicha mutasaddilarda kundalik tahlil va so‘rov bo‘lishi shart, – dedi Prezident.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring