Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zsanoatqurilishbank Boshqaruvi Raisi bank mijozlariga murojaat qildi

O‘zsanoatqurilishbank Boshqaruvi Raisi bank mijozlariga murojaat qildi

Foto: O‘zsanoatqurilishbank Axborot xizmati

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo xalqlari boshiga og‘ir kunlarni yog‘dirmoqda. Yaqin tarixda insoniyat bunday inqirozga yuz tutmagan.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida o‘z vaqtida muhim qarorlar qabul qilinib, tezkor chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Joriy yil 26 mart kuni davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham pandemiya oqibatlaridan jamiyatimizni asrab-avvaylash maqsadiga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalar ishlab chiqildi.

Yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini oshirishda, Sizlardek tashabbuskor mijozlarga yaqin hamkor, hammaslak bo‘lishda o‘z kuchini ayamayotgan O‘zsanoatqurilishbank jamoasi mazkur murakkab vaziyatda ham ishonchingizni saqlab qolish yo‘lida bor imkoniyatlarini safarbar etmoqda.

Avvalo, hukumatimiz tomonidan ishlab chiqilgan karantin qoidalariga qat’iy amal qilish maqsadida bank Bosh ofisida maxsus shtab tashkil qilindi. Bu borada filiallarda amalga oshirilayotan ishlar qat’iy nazoratga olindi.

Xizmat ko‘rsatuvchi ofislar doimiy dezinfeksiya qilinmoqda, xodimlar himoya vositalari bilan ta’minlanmoqda, bankka tashrif buyurayotgan mijozlarga ham tibbiyot niqoblari tarqatilib, antiseptik vositalar bilan dezinfeksiya qilinmoqda.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishi sababli faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan, moliyaviy qiyinchiliklarga uchrayotgan tadbirkorlik sub’yektlari hamda jismoniy shaxslarga Bankimizdan olingan kreditlarini so‘ndirish muddatlari uzaytirilmoqda.

Shuningdek, bugungi epidemiologik vaziyat tufayli Bank tomonidan masofaviy xizmatlar va mahsulotlar ommabopligini oshirish bo‘yicha ishlar yanada kuchaytirildi. Aksariyat mijozlar uchun «Bank-mijoz», «Mobil bank» xizmatlaridan foydalanishda imtiyozlar taqdim etildi. Amaldagi interaktiv xizmat va mahsulotlar ahamiyati xususida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot ishlari faollashtirildi.

Uyda qolayotgan aholimizning pulga ehtiyojini qondirish maqsadida onlayn mikroqarz berish joriy qilindi. Bugungi kunda bunday kreditlar bankimiz tomonidan muomalaga chiqarilgan «Ish haqi» loyihasi asosidagi plastik karta egalariga «UzPSB Mobile» mobil ilovasi orqali garovsiz, kafilliksiz, sanoqli daqiqalarda taqdim etilmoqda.

Ma’lumki, koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha hukumat komissiyasi topshiriqlariga binoan tashkilot rahbarlarining aholini bevosita qabul qilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi.

Shunga ko‘ra, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari tizimi masofadan yo‘lga qo‘yildi. Hozirda murojaatlar interaktiv shaklda Bank elektron pochtasi ([email protected]), telegram-bot manzili (@sqb_uz_bot), «Ishonch telefoni» (+998-78-120-45-01) hamda «Call-markaz»i (+998-71-200-43-43) orqali qabul qilinmoqda.

Qayd etish lozimki, ushbu «virusli urush»ga qarshi kurashish borasidagi yagona tizim faqatgina davlat yoki muayyan tashkilotning zimmasidagi vazifagina emas, balki har birimizning o‘z-o‘zimizni asarashimiz zarurligiga qaratilgan ijtimoiy da’vatdir.

Shunday ekan, kasallikni tezroq bartaraf etish yo‘lida barchamiz hukumatimiz atrofida jipslashib, belgilangan qoidalarga amal qilishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu bilan ushbu sinovli kunlarni tezda ortda qoldirib, yangi yorug‘ kunlar, yangi marralarni qarshi olishga imkon yaratamiz.

So‘zim so‘ngida bizga ishonch bildirgan mijozlarimizga minnatdorlik bildiraman! Bu butun O‘zsanoatqurilishbank jamoasi uchun o‘ta muhim va yuqori baho bo‘lib, bizni yangiliklar yaratish yo‘lida ilhomlantiradi, kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.

Salomatlik doimo hamrohingiz bo‘lsin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring