Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dezinfeksiyalovchi vertolyotlar, jarimaga tortiluvchi ota-onalar va koronavirus bo‘yicha boshqa feyk xabarlar

Dezinfeksiyalovchi vertolyotlar, jarimaga tortiluvchi ota-onalar va koronavirus bo‘yicha boshqa feyk xabarlar

Ijtimoiy tarmoq hamda messenjerlarda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha turli xabarlar tarqamoqda. Koronavirusga oid ma’lumotlar berib boruvchi @koronavirusinfouz kanalida tarmoqda eng ko‘p tarqalayotgan feyk (yolg‘on) xabarlar haqida ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, quyidagi xabarlar yolg‘on:

- «Bugun 23:00 va tonggi 5:00 gacha vertolyotlar dezinfeksiya uchun dori sepadi. Deraza va balkonlar yopiq bo‘lishi lozim va 23:00dan so‘ng ko‘chalarda yurish mumkin emas. Harbiy qismdan xabar berishdi»

- «Do‘konlarda, avtobuslarda va ko‘chalarda bolalar aniqlansa, ota-onalari jarimaga tortiladi»

- «Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ertadan boshlab maktablarda reydlar o‘tkaziladi. Maktabda qo‘shimcha darslar yoki to‘garaklarda ishtirok etayotgan o‘quvchilar aniqlansa, maktablar jarimaga tortiladi»

- «Koronavirus o‘pkaga o‘tishidan avval, tomoqda 4 kungacha saqlanib turadi, shu paytda yo‘tal va tomoq og‘riq boshlanadi. Agar shu davrda ko‘p suv ichilsa, tuz va uksusli suvda tomoq chayqalsa, virus yo‘qoladi»

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, koronavirus kasalligi tufayli o‘lim holati aniqlangani hamda O‘zbekistonda telefon qo‘ng‘iroqlari va xabarlar yozilishi, ijtimoiy tarmoqlar monitoring qilib borilishi to‘g‘risidagi xabarlar ham haqiqatga zid.

Eslatib o‘tamiz, vahima tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjud.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln 900 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xorijiy OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, vertolyotlar orqali dezinfeksiyalovchi dorilar sepilishi haqidagi xabarlar Ukrainada ham tarqalgan hamda ushbu mamlakatda ham ularning feyk ekani aytilmoqda.

Manba: apostrophe.ua

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring