Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantinning kushandasi – kitobdir

Karantinning kushandasi – kitobdir

Koronavirus sababli hamma uyda. Juda zerikarli, biroq mutolaa ishtiyoqi bilan yashayotganlar uchun vaqt bemalol – ayni muddao.

Yoshligimdan kitobni yaxshi ko‘raman. Yaylovda qo‘y-qo‘zilar orasida kun qorayguncha kitob quchoqlab o‘qirdim. Uning sehrli dunyosiga oshufta bo‘lib, vaqtning qanday o‘tganini ham bilmay qolardim.

Balki shuning uchun ham kitob nuri meni oliygohga boshladi, qo‘limga qalam olib, ijod qilishda undadi.

Kuni-kecha milliy teleradiokompaniya tizimidagi tajribali jurnalist, uzoq yillar samarali ijod qilib kelayotgan Norali Ochilov qo‘lida ushbu chiroyli muqovali qalin kitobni ko‘rib qoldim.

Ijozat so‘rab, u kishi qo‘llaridan oldim va ichini varaqlasam, nafaqat menbop, balki hammabop ekan. Nimasi bilandir boshqa kitoblardan boshqacha.

Boshqachaligi shundaki, kitobning ilk sahifalaridanoq, ruhingiz bilan olamga sayohatga otalanasiz. Yer kurrasidagi barcha mamlakatlar va davlatlar haqida to‘liq va aniq ma’lumotlar keltirilgan.

Dunyo mamlakatlari haqida tushuncham bor, deb yurardim. Ammo ko‘pdan buyon uzoqlashib ketgan ekanman. Ijodkor igna bilan quduq qazganday har bir ma’lumot ustida ko‘p manbalar asosida ishlagani ko‘rinib turibdi.

Har bir davlatning boshqaruvidan tortib, tabiatigacha, aholisidan tortib, tashqi siyosatigacha, hatto faqat shu davlatga xos eng qiziqarli ma’lumotlar jamlangan ekan. Ayniqsa, har bir davlat bilan mustaqil O‘zbekistonimiz o‘rtasidagi munosabatlar haqida berilgani uning qiymatini keskin oshiradi. Chunki, hozirgacha bunday keng ko‘lamli axborotlar bir joyga jamlanmagan.

Dunyoda kitoblar ko‘p, ijodkor ham oz emas. Shu ma’noda muallif Laziz Rahmatovning katta mehnatini qadrlayman. Karantin damlarida oila davrasida bolalar uchun chinakam xazina ekan, vaqt ham unumli va juda mazmunli bo‘ladi.

Ochig‘ini aytganda, oddiy odamni qo‘ya turing, ba’zan ayrim «yulduz» jurnalistlarimiz ham Avstriya bilan Avstraliyaning, Shvetsiya bilan Shveysariyaning farqiga bora olmasligini ko‘rib, odamning hafsalasi pir bo‘ladi.

Men bu kabi ensiklopedik kitoblarni nafaqat Norali Ochil kabi zarabrdast qalam ahlining qo‘lida, balki barcha ijodkorlar ish stolida ko‘rgim keladi.

Yana bir gap. Sayyoramizdagi qoloq mamlakatlar bilan tanishar ekanman, sokin va tinch, barcha boyliklar mujassam, jannatmonand O‘zbekiston diyorida yashayotganimga, oqil rahbarlarimizning xalqqa manzur siyosat olib borayotganiga yana bir bor shukronalik keltirdim. Karantin kabi o‘tkinchi tadbirlar chog‘ida toqatsiz bo‘lmasdan, uni sabr va qanoat bilan, kitobxonlik madaniyati bilan yengishimiz uchun ichimda yangi qudratli bir kuch paydo bo‘ldi. Karantinning kushandasi – haqiqiy kitob ekan.

Gulshoda Qurbonova, jurnalist

(Muallifning feysbukdagi sahifasidan olindi)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring