Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalist kasbini o‘zgartirib, ko‘ngilli sanitarkaga aylandi. «Xabar.uz» u bilan bog‘landi. Va...

Jurnalist kasbini o‘zgartirib, ko‘ngilli sanitarkaga aylandi. «Xabar.uz» u bilan bog‘landi. Va...

Foto: «Xabar.uz»

Jurnalist Oygul Kajanova «kasbini o‘zgartirib», Tibbiyot akademiyasi (xalq tilida «yangi ToshMI») klinikasiga ko‘ngilli sanitarka bo‘lib bordi. Bir muddat koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashayotgan shifokorlar safida bo‘lib, qator sarguzashtlarni boshdan kechirdiki, ular bilan o‘rtoqlashmaslikning iloji yo‘q. Roppa-rosa o‘n to‘rt kun ishlab, kutilmagan holatlarga duch kelgan hamkasbimiz ayni paytda tegishli tahlillarni topshirgan. Natijasidan ko‘ngli to‘q, uyiga ruxsat tegishini kutib, «yangi ToshMI»da toqatiga to‘zim so‘rab yotibdi. U bilan telefon orqali bog‘landik.

Oygul «to‘lib-toshib» turgan ekan, birdan «yorildi»:

— Shu yilning 28-iyulidan «yangi ToshMI»ning 8-korpus, 6-qavatida sanitarka bo‘lib 14 kun ishladim. Televizorda bong urilganidek, bu yerda ish haqi har kuni naqd berilishiga ko‘pam ishonmagandim. To‘g‘ri chiqdi. Mana, 14 kun ishlab qo‘ydik, ammo haqimizni haligacha berishgani yo‘q.

Bir boshdan aytsam, bu yerga ikki nafar jiyanim bilan keldik. Bizni Bahodir aka degan bosh shifokor o‘rinbosari qabul qildi, o‘sha kunning o‘zida forma kiydirilib, ishga tushdik. Eng qizig‘i, bizdan na biron hujjat so‘rashdi, na shartnoma tuzishdi!.. Biz kelgan kunlari sanitarka topa olmay yurishgan ekan-da. «Keldingmi? Davay, ishga!» qabilida qabul qilindik, xullas...

Bilishimizcha, bu dargohga chetdan odam olinmasmish. Ko‘ngillilar orasida begona ham yo‘qdek: kim kimnidir kelini, o‘g‘li, qizi... qisqasi, shunaqa! Savol bersak, unisi bunga tashlaydi, bunisi unga... Eng yomoni, bu yerda sanitarkalarga eng past tabaqa vakillari sifatida qarashadi. Ortiqcha savol bersangiz, baqirib berishini aytmang. Mavhumlikda bir hafta o‘tdi. Lekin ish ketyapti. Bizni qabul qilgan Bahodir degan do‘xtir bilan umuman bog‘lanib bo‘lmadi. Telefon qilsam yo ko‘tarmaydi, yoki «xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida». Oxiri SMS yozdim. Hartugul, aloqaga chiqdi. «Maoshmi? Sizlarga pul naqd berilsa kerak, yana aniqlashtirib beraman», — dedi.

Shu alfozda 13 kun o‘tdi...

Ungacha shu yerda ishlovchi necha bir xodimlarga murojaat qildim. Hammasining ham javobi bitta: «So‘rab beraman...» Kimdan? Qachon? Yana mavhumlik...

Qisqasi, «past tabaqa vakili», ya’ni sanitarka bo‘lib ishlash azobini his qildim. Rosti, «kasbimni o‘zgartirib», sanitarka bo‘lganimga, shu tariqa voqelikni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, maqola yozishni niyat qilganimga pushaymonlar bo‘ldim...

Meni ajablantirgan holat, yuqorida aytdim, bu yerda ishlovchilar chetdan odam olmay faqat o‘zlari «aylanib ishlashar» ekan. Ana tomosha, ana ko‘rgilik?! Hech kim robot emas, «aylanib ishlash»ga jismoniy kuch qayerda? Bu fidoyilikmi? Qayoqda! Katta maoshni begona qilmaslikning yo‘li, deb tushundim.

Nihoyat, ishlayotganimizning 13-kuni kechasi pasport nusxasini so‘rashdi. Berdik. «Pul naqd beriladimi?» desam, o‘zimiz aytamiz, deyishdi. Yana sirlilik...

Bugun (11-avgust!) ertalab sanitarkalar boshlig‘ining telefon raqamini arang topib, qo‘ng‘iroq qilsam, «Sizlar qayerdan kep koldinglar?» deya hayron qolsami?!

Suhbatimiz yakuni shu bo‘ldiki, qachon moliya vazirligi pul bersa, o‘shanda bizni chaqirib, hisob-kitob qilar ekan. «Shartnoma-chi?» deb so‘rasam, pul olgani kelganingizda shartnomaga imzo qo‘yaverasiz, deydi. Mana sizga mas’ul xodimning gapi...

Hozirgi kunda (karantin sabab) ishini yo‘qotganlar ko‘p. Bugun Kovid markazida naqd ish bor, pul bor. Biroq «yangi ToshMI» misolida aytsam, «chetdan odam olinmaydi». Hammasini o‘zlari uddalashyapti, go‘yo. Bizga o‘xshab «adashib kelib qolganlar» bilan na sharnoma imzolashadi, na haqini o‘z vaqtida beradi, deng..

Sog‘liqni saqlash vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi «Ishonch telefoni»ga qo‘ng‘iroq qilmadimmi? Necha marta qildik? Ishlamaydi!

...Taassurotlarimning bir shingili shu. Bu yerdan ruxsat tegib, uyga ketsak, qolgani haqida gaplasharmiz, nasib. E, gap ko‘p, ko‘p...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring