Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoro tibbiyot institutida xorijlik 287 talaba qolgan. Ularga onlayn dars o‘tilmoqda

Buxoro tibbiyot institutida xorijlik 287 talaba qolgan. Ularga onlayn dars o‘tilmoqda

Buxoro davlat Tibbiyot institutida joriy yilning 26 martidan Talabalar turar joyida karantin tufayli o‘z yurtiga qaytmagan xorijiy talabalar uchun onlayn darslar boshlab yuborildi. Bu haqda Buxoro davlat Tibbiyot instituti rektori Amrillo Inoyatov Xabar.uz’ga ma’lum qildi.

Buxoro davlat Tibbiyot institutida Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belorusiya, Pokiston Hindiston, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Ukraina davlatlaridan jami 309 nafar xorijlik yoshlar tahsil olmoqda. Ayni paytda karantin tufayli yurtiga o‘z xohishi bilan jo‘nab ketmagan 287 nafar talaba institutning Talabalar turar joyida istiqomat qilmoqda. Shulardan 244 nafari turkman talabalari bo‘lsa, 43 nafari hindistonlik talabalardir. Ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan.



Joriy yilning 26 martidan boshlab esa Talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan xorijiy talabalar uchun 10 ta auditoriyada parallel tarzda onlayn darslar tashkil etilgan. Ta’lim muassasasi audio va video jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.

Talabalar onlayn ma’ruzalarni o‘z xonalaridan turib kuzatishadi. Institut professor-o‘qituvchilari esa oliy ta’lim muassasasi bosh korpusining o‘zbek, rus va ingliz tili kafedralarida onlayn darslarni olib borishmoqda. Bu, albatta, qiyin sharoitlarda ham o‘quv jarayonining to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘yilmaganini ko‘rsatadi. Ushbu noodatiy formatdagi mashg‘ulotlardan talabalar mamnun.

Oliygoh tomonidan talabalarga 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilgan. Talabalar turar joyida tibbiyot xonasi ham tashkil etilgan bo‘lib, zarur dori vositalari bilan ta’minlangan. Ularning salomatligi shifokorlar nazoratida. Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar viloyat boshqarmasi tomonidan Turar joy binolari va atrof-muhitda doimiy ravishda dizenfeksiyalash olib borilmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, Turkmaniston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi sekretari Shamuhammet Muhammedov ham ayni damda Talabalar turar joyida yoshlar bilan birga. Ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik, hamjihatlikdan minnatdor.

Ma’lumot o‘rnida: Buxorodagi 4 ta oliygoh hamda 6 ta kasb-hunar ta’limi muassasalarida 32392 nafar yoshlar tahsil oladi. Shundan 1270 nafarini turli xorij davlatlaridan kelib tahsil olayotgan yoshlar tashkil etadi. 634 nafari Oliygohlarda, 636 nafari esa kasb-hunar kollejlarida tahsil oladi. Karantin mavsumida Buxoroda qolgan jami xorijlik talabalar 1238 nafardan iborat.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring