Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh prokuror «tez yordam» 15 daqiqada boradi, degandi. Xo‘sh?

Bosh prokuror «tez yordam» 15 daqiqada boradi, degandi. Xo‘sh?

Foto: «Kun.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tgan 15-iyul kungi videoselektor yig‘ilishida ko‘pgina mutasaddilar «oladiganini olgach», pandemiya bilan bog‘liq ahvolni yanada yaxshilash borasidagi ishlarda siljish kuzatila boshlandi. Ayniqsa,  «tez yordam» chaqiruvi bilan bog‘liq muammolarni bartaf etish borasida favqulodda choralar ko‘rishga tushildi.

Bu jarayonga prokuratura organlari xodimlari jalb etilishi selektor yig‘ilishidan keyinroq ma’lum bo‘lgandi. Negaki, Prezident videoselektoridan so‘ng Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev maxsus intervyu berib, davlat rahbari ko‘ndalang qo‘ygan muhim topshiriqlarni sanab o‘tarkan, chaqiruv bilan bog‘liq masalaga ham to‘xtaldi va bundan keyin «tez yordam» 15 daqiqada aytilgan manzilga yetib borajagini ma’lum qildi.

O‘sha kunlardagi tarang vaziyatdan kelib chiqib, bosh qonun posbonining mazkur bayonotiga shubha bilan qaraganlar kam bo‘lmadi, rosti. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni-ku, aytmang. Biroq, ko‘z tegmasin, endi vaziyat (xususan, chaqiruv bilan bog‘liq) nisbatan o‘zgargan.

Albatta, halvo degani bilan og‘iz chuchimaydi. Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga bu borada amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar haqida bergan ma’lumoti tizim xodimlari yaxshigina ter to‘kayotganiga dalolat qiladi.

Demak:

  1. Qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish uchun markaziy stansiyada qo‘shimcha
    70 ta joy tashkil qilinib, unga 70 ta ko‘ngillilar jalb etildi. Ko‘ngillilar uchun tezlikda operatorlik faoliyatini yuritish uchun maxsus o‘quv kurslari o‘tildi. (Darvoqe, ko‘ngillilar asosan Chilonzor Tibbiyot kolleji, Toshkent Tibbiyot Akademiyasi, Vrachlar malakasini oshirish institutining o‘qituvchi va xodimlaridan iborat)
  2. Prokuratura organlari tomonidan ularga (ko‘ngillilarga) 150 ta maxsus kiyimlar olib berilib, kunlik issiq ovqat bilan ta’minlanmoqda.
  3. Stansiyani elektr energiya bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida elektr quvvatini oshirish uchun 10 mln. so‘mlik «AVR» uskunasi olib kelinib, o‘rnatildi. Stansiyadagi mavjud ta’mirtalab 2 ta generator mutaxassislar tomonidan «odam qilib» berilishi ta’minlandi (shu paytgacha shuginaga jiddiy e’tibor berilmagan chog‘i? - tahr)
  4. Chaqiriqlar soni oxirgi 10 kunda 2200 tadan 4800 taga oshib ketishi sababli, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan 100 ta «Damas» avtomashinasi stansiyaga ajratilishi hamda davlat raqamlari olib berilishi ta’minlandi.
  5.  Bosh prokuratura tashabbusi bilan «Shifoxona info» telegram-bot kanali loyihasi ustida ishlanmoqda. Bunda har bir kasalxonaga biriktirilgan prokuratura xodimlari yuritayotgan mavjud bo‘sh o‘rinlar (koyka) hisobi muntazam ravishda «call» markazdagi chaqiruvlarni muvofiqlashtiruvchi dispetcherlarga taqdim etiladi.
  6. O‘z navbatida «Sall» markazdagi chaqiruvlarni muvofiqlashtiruvchi dispetcherlarga yetkazilgan ma’lumotlardan kelib chiqib, chaqiruvga chiqqan tez yordam brigadasi (zaruratga qarab) bemorni kasalligi bo‘yicha bo‘sh joy mavjud bo‘lgan yaqin oradagi shifoxonalarga yo‘naltirish imkoniyati havola etiladi.

Xo‘p, natija qanday?

Amalga oshirilgan ishlar natijasida murojaat etuvchilarning haqli e’tiroz va norozigarchiligini bartaraf etishga erishilmoqda. Xususan, bugunga (22 iyul) kelib, chaqiruvlar taxminan 2000 taga kamaygani aytilmoqda.

Qisqasi, o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Darvoqe, yaqinda mahkama mas’uli prokuratura organlari vakolati doirasiga kirmaydigan ishlar bilan tizim xodimlari shug‘ullanayotganiga izoh so‘rab berilgan savolga «hozirgi paytda ishlarning «seniki-meniki»si bormi, umummanfaatga xizmat qiladigan masalalarga hamma birdek mas’ul-ku?!» deya javob bergandi.

               

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring