Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

JCh-2018. Belgiya — Angliya. 3-o‘rin uchun jang bo‘ladimi?

JCh-2018. Belgiya — Angliya. 3-o‘rin uchun jang bo‘ladimi?

Foto: «fifa.com»

Bugun, 14-iyul kuni Rossiya maydonlarida bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida Belgiya hamda Angliya terma jamoalari 3-o‘rin uchun bahs olib boradi.

Ushbu jamoalar chempionatni bir guruhda boshlaganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. O‘shanda ularning o‘zaro bahsi 3-turga to‘g‘ri kelgan, ikki jamoa ham dastlabki ikki turda g‘alaba qozongani bois, muddatidan avval pley-off bosqichiga chiqib bo‘lgandi. Bundan tashqari, ularning o‘zaro o‘yinida g‘alaba qozonishdan ko‘ra, mag‘lubiyatga uchrash yaxshiroq edi. Chunki mag‘lub bo‘lib guruhda 2-o‘rinni olgan terma pley-off bosqichida yengilroq setka tushardi. Xullas o‘yindagi intriga «nol»ga teng edi. Shunga yarasha Belgiya va Angliya terma jamoalari murabbiylari bahsga 2-tarkib futbolchilarini tushirgandi. O‘yin ham salkam o‘rtoqlik maqomida o‘tgandi. O‘shanda jamoalarning o‘yinga bunday munosabati ko‘plab muxlislarda norozilik uyg‘otmay qolmagandi.

Bu jamoalarda yana o‘zaro duch kelishi mumkin bo‘lgan ikki manzil bor edi: biri final, JCh chempionligi uchun bahs, ikkinchisi – tezda unut bo‘lib ketadigan 3-o‘rin uchun o‘yin. Final va 3-o‘rin uchun bahslar oralig‘i bir pog‘ona bo‘lsa-da, ular o‘rtasidagi farq shunchalik kattaki, ko‘pincha terma jamoalar 3-o‘rin uchun o‘yinda butunlay ishtiyoqsiz maydonga tushadilar.

Bugungi bahsda bunday bo‘lmaydi deb umid qilamiz. Chunki Belgiya va Angliyada bunday passiv o‘yin o‘tkazish limiti qolmadi. Ular guruh bosqichining uchinchi turida buni sarflab bo‘lishdi. Endi muxlislar uchun o‘ynashlari kerak ular. Menimcha, ular buni yaxshi his qilishadi. Shu sabab, bugun garchi 3-o‘rin uchun bahs o‘tkazilsada, uning qiziqarlik darajasi finalnikidan qolishmaydi.

Uchrashuvini eronlik Alirizo Fag‘oniy boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi. Bellashuvga Sankt-Peterburgdagi «Krestovskiy» stadioni mezbonlik qiladi.

Jahon chempionati

3-o‘rin uchun bahs. 14-iyul, shanba

Belgiya — Angliya

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring