Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaxshi gapirib, to‘g‘ri tushuntirildi va... 40 mln. so‘m undi!

Yaxshi gapirib, to‘g‘ri tushuntirildi va... 40 mln. so‘m undi!

Foto: Xabar.uz

Aliment to‘lovlarini undirish Majburiy ijro byurosi (MIB) xodimlarining eng g‘urbat ishlaridan biri. Undirmasa, bo‘lmaydi – bu yoqda necha qorako‘z shunga qarab turibdi. Undirish esa oson emas: alimentchilar yo tutqich bermaydi, yoki ming xil vaj-bahona keltiradi. Bundaylarni ma’muriy qamoqqa tortishdan osoni yo‘q, biroq «o‘tirib» chiqqani kimga foyda?! Bu bilan zimmasidagi qarzdan qutilmaydi baribir. Yana MIB balogardon...

Nima qilish kerak?

Tushuntiruv va targ‘ibot ishlariga zo‘r berish kerakday. Aksariyat alimentchilar to‘g‘ri tushunishga moyil, biroq «to‘lamaysanmi, o‘v?!», «Aliment menga emas, bolangga kerak!», «Ikki kunda to‘lamasang, tiqib qo‘yamang!» degan gap kimga yoqadi?! Shundog‘am mas’uliyatni his qilganlar kemtik taqdirga tan bergancha to‘lovini vaqtida amalga oshirib yuribdi. Xullas, qarzdorlarga avval yotig‘i bilan tushuntirish kerak, jarimaga tortish yoki «tiqib» qo‘yish qochmas...

MIBning Uchtepa tumani bo‘limiga fuqaro N.S.dan sobiq rafiqasi hisobiga uch nafar voyaga yetmagan farzandi uchun ma’lum miqdorda aliment undirish haqida sud qarori 2006 yilning oxirida chiqqan. 2017 yilning apreligacha to‘lov masalasida muammo bo‘lgani yo‘q. Shundan keyin undan pul kelishi 36 oy (2020 yilning apreligacha) taqa-taq to‘xtab qolgach, undiruvchi X.S. Byuroning Uchtepa tuman bo‘limi ostonasiga bosh urib keldi.

Qarzdor oyog‘i yerga tekkizilmay sudga olib borilgandir?

Hech-da. Aksincha, unga hammasi to‘g‘ri tushuntirildi. E’tiborsizligining oxiri ma’muriy qamoq ekaniyam bosiqlik bilan uqtirildiki, qarzdor yigirma kunga qolmay 3 yillik (jami 40 mln. 400 ming so‘m!) aliment pullarini naqd sanasami?!

Bo‘larkan-ku.

MIB Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Marg‘uba Amonova shu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilar ekan, quyidagilarni qo‘shimcha qildi: «mayda fakt» beryapti deb, ensangiz qotmasin, aliment to‘lamagani uchun qancha shaxs javobgarlikka tortilganini yozavergandan ko‘ra, qarzdorlikni bir zarbda bartaraf etayotganlar haqidayam aytib turish kerak. Ayniqsa, muborak Ramazon kunlarida... Nima dedingiz?

Juda ma’qul-da.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring