Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana o‘sha «otaxon» mojarosi

Yana o‘sha «otaxon» mojarosi

Foto: Videolavhadan skrinshot

Noxolis axborot odamlar orasida asossiz vahimaga sabab bo‘lmoqda. Joriy yilning 9-sentyabr kuni «Ozodlik» radiosining telegramdagi kanalida «Xalq banki pensiya bo‘limining ko‘chirilgani keksalarga noqulaylik tug‘dirmoqda» nomi bilan yana bir videolavha joylandi. E’tiborlisi, yana o‘sha 45 yoshli «otaxon» tumandagi Mustaqillik mahallasiga borib, navbatdan oldin nafaqa pulini olishni talab qilgani tasvirga olingan. Faqat bu safar pensiyasini vaqtida ololmayotgan «jabrdiyda» talqinida, deyiladi Xalq banki axborot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, Paxtaobod tumani Yolg‘iz bog‘ MFY Baxt ko‘chasida yashovchi 45 yoshli nogironligi bor ushbu fuqaro o‘z nafaqasini joriy yilning 6 sentyabr kuni (belgilangan muddatdan 18-20 kun vaqtli) olib bo‘lgan.

Bu «otaxon»ni hali unutib ulgurmagandik. Chunki 6 sentyabr kuni ham u farzandi chet eldan yuborgan pullarni bankdan olomayotganini aytib, to‘s-to‘polon ko‘targandi.

Ushbu holat joyiga borib o‘rganilganda, videodagi «otaxon» 45 yoshli nogironligi bor fuqaro (1974-yil 20-iyun kuni tug‘ilgan) ekani, farzandi va oilasi yo‘qligi, ota-onasi bilan birga yashashi aniqlangandi. Shuningdek, ushbu fuqaro nomiga xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha xorijiy davlatlardan pul kelmagani ham ma’lum bo‘lgan edi.

«Shu o‘rinda alohida qayd etish kerakki, «Ozodlik» radiosining odatdagidek tekshirilmagan, noxolis axborotni tarqatayotgani odamlar orasida asossiz vahima ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, ayrim fuqarolar nogironligi bor fuqaroning ruhiy holatini bila turib, uni videotasvirga olgan hamda keng ommaga oshkor qilib, fuqaroning sha’ni va insoniy huquqlarini buzishga, shuningdek, Xalq banki imijiga qasddan putur yetkazishga urinmoqda. Bu esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida Xalq banki faoliyati noto‘g‘ri talqin qilinishiga olib kelmoqda», deyiladi Bank axborot xizmati xabarida.

Ta’kidlanishicha, Xalq banki tomonidan Paxtaobod tumanidagi 25,5 mingga yaqin pensiya va nafaqaxo‘rlarga joriy yilning 10-sentyabr holatida 4 mlrd. so‘mdan ortiq (43 foiz) to‘lovlar amalga oshirilgan. Xalq banki hududdagi aholiga pensiya va nafaqa pullarini o‘z vaqtida olishlari uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring