Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Xumor». O‘zbekistonlik migrant chol hikoyasi

«Xumor». O‘zbekistonlik migrant chol hikoyasi

Foto:«Norma.uz»

Xullas Ivanjon bolam, oltmishga kirgan, oltita bolani katta qilib, uyli-joyli qilgan choldan xafa bo‘lma. Ba’zan gapga chechan bo‘lib ketaman. Ko‘ngil qurg‘ur qishloqni, kampirimni, bolalar va nevaralarni qo‘msaydi. Ko‘k choyni damlab, chorpoyada yarim tungacha gurunglashishlar, to‘y-ma’rakalardagi yig‘in va taloto‘plarning xumori tutadi.

Nima qilaylik, farzandlarni dunyoga keltirdik, palak yozdirdik, endi o‘zini tutib olishiga yordam berish uchun sening sovuq o‘lkangga har yili kelib-ketaveramiz. Bu yil kenja o‘g‘ilni uylantiradigan, yana bitta nabiraga tomorqa olib uy solishga yordam beradiganman... Sizlar qishloqni tashlab, shaharga qochyapsizlar, bizda qishloqlar ham gavjum, to‘g‘ri saratonda huvillaydi, ammo qishda yana odam ko‘payadi. Shu desang, nuqul yurtni eslash, oddiy qishloq odamlari haqida gapirish xumor qilyapti. Bir nos chekkulik vaqt bo‘lsayam, tin olib senga o‘zimiz tomonlar haqida gapirib berayin.

Ivan bolam, bizning Qo‘rg‘oncha qishlog‘iga bahor o‘zgacha keladi...

Yo‘q, tabiatning turfa xil tovlanib, ko‘k kiyishi haqida gapirib qulog‘ingni og‘ritmoqchi emasman. Shundoq ham bahorning ta’rifini eshitaverib, ko‘raverib o‘rgangansan.

Ko‘klam kirishi bilan qishloq, bug‘doyzorga oshiqqan chumoli galasidek betoqatlana boshlaydi. Hammaning o‘z dardi bor.

Ko‘pchilikning ko‘ziga qulf urib o‘sayotgan gullar ham, bedazorning egallagan mayda daraxtlarga tirmashgan navbahor ham ko‘rinmaydi. Tezroq ekinlarni ekib olib, dala ishlarini yengillashtirib, Rossiyaga jo‘nash kerak.

Kelish oldidan bir guruh o‘spirinlar bilan uzum tagini yumshatishga bordim. Fe’lim shu, uyda yotish, ko‘chada qartabozlik qilish menga yot. Ko‘chada men qatorilar isqirt ko‘rpachani supachaga yoyib, kunbo‘yi qanday qarta o‘ynashadi bilmayman. Axir vaqtni bekor sarflash ham uvol emasmi, Ivan bolam?

Ishlashga borgan o‘spirinlar tushda nos chekib, dam olib turganimizda nima deydi: «Bahor kelib, kunlar isiy boshlagach, Rossiyaga ketishning xumori tuta boshlarmish!». Qarang, nosni, tamakini, ana boringki choyning xumorini eshitganman, ammo bunaqa xumorni eshitmagan ekanman. Shunda o‘ylab qoldim, nahotki butun boshli avlodning yoshligini muhojirlik yozig‘i o‘g‘irlagan bo‘lsa...

Ko‘pchiligining yuzida toqatsizlik, tezroq pul topsa, biletini olib sursa. Biz bular qatori vaqti kolxozda ishlagich edik, bahorda qirda irg‘ishlardik, paxtazordan chiqmasdik. Bilmadim, bilmadim...Televizorga termulsang nuqul yoshlar, yoshlar deydi. Nahotki bular shuncha imkoniyatni ko‘rmayapti? Nega bularga o‘qishning, o‘z yurtida ishlashning emas, Rossiyaga ketishning xumori tutadi? Qaydam, men yoshi o‘tayotgan odam, bugungi yoshlarning o‘y-fikrlaridan bexabardirman...

Ivanjon, men ayrim yoshlarning ko‘zlarida umiddan ko‘ra ishonchsizlikni, qolishdan ko‘ra ketish hissini, ilmdan ko‘ra pul ketidan quvishga harakatni, sabrdan ko‘ra betoqatlikni, dadillikdan ko‘ra ehtiyotkorlik va xavfsirashni ko‘proq ko‘raman. Ularga har qanday yaxshi narsa haqida gapirishni boshlasang, darhol salbiy fikr bilan qayirib tashlashga urinishadi, o‘qishga kir desang adolatsizlikni, ishla desang yetishmovchilik va aldovni, hunar o‘rganishga da’vatda esa qadrsizlikni pesh qilishadi. Natijada «chiqish eshigi» sening yurtingga tomon yo‘l bo‘lib chiqadi...

O‘zimning o‘g‘illarim ham shunday. Bilmadim biz qachon fursatni boy berdik, farzandlarimiz faqat ko‘rganiga, ko‘rganda ham qo‘li bilan ushlaganiga ishonadigan bo‘lib qoldi. Ularning shu holga kelishida biz ikkiyuzlamachi katta avlodning ham hissasi bor. Yoshlar kattalarni bemalol ayblasa bo‘ladi: biz ularning ko‘z o‘ngida o‘zimiz aytgan nasihatda turmadik, oddiy araqni harom deb baribir ichaverdik, porani harom deb olaverdik, yangilik kiritaylik deb baqirib eskilik sarqitlariga o‘ralashdik, yoshlarga yo‘l beraylik deb, aslida ular yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ldik, xullas ikkiyuzlamachilik qildik. Yoshlar reallikni yoqtiradi, aldovni, qizil gaplarni yoqtirmaydi. Essiz shu yoshlarning ko‘pchiligi sening yurtingni gullatyapti, Ivan. Shuncha aql, shuncha kuch, shuncha...

Buyog‘iga aqlim ham, sabrim ham yetmaydi. Bir nos chekkulik emas, bir osh pishgulik vaqt o‘tibdi. Sen mijg‘ovligimga e’tibor qilma. Bu yo‘qlikka yuz tutuvchi nutq, hech kimga keraksiz nutq. Og‘izdan chiqadi va havoga uchib ketadi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring