Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijda qilinadigan qimmat va murakkab yurak jarrohligi Navoiyda bepul o‘tkazildi

Xorijda qilinadigan qimmat va murakkab yurak jarrohligi Navoiyda bepul o‘tkazildi

Foto: «Xabar.uz»

Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan vohada birinchi bor yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar va yoshlarda bepul murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda «Xabar.uz»ning Navoiydagi muxbiri xabar berdi.

Markazda ikki kun davomida 4 nafar bemor AIK — sun’iy qon aylantirish apparati yordamida operatsiya qilindi. Ushbu jihoz Germaniyaning «Sorin» firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, butun dunyo tibbiyoti murakkab yurak jarrrohlik amaliyotida ana undan foydalanadi. U muassasaga mahalliy budjetdan orttirilgan mablag‘lar hisobidan olib berilgan.

— Hozircha faqat kam ta’minlangan va uzoq yillardan buyon shu kasallik bo‘yicha ro‘yxatda turgan oila farzandlarining jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdik, — deydi markaz bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi M.Ahmedov. — Chunki bunday operatsiyalarni amalga oshirish uchun juda katta mablag‘ talab etiladi.  Yangi texnologiyaning afzalligi u ma’lum muddat yurakning funksiyasini bevosita o‘zi bajarish imkoniga ega. Bu esa jarrohlarga amaliyot jarayonida qulaylik yaratadi. 2009 yildan buyon faqat poytaxtdagi klinikalarda bunday uskuna mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirda Namangan, Xorazm va Samarqand viloyatlarida uning yordamida murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Qiziltepa tumanining «Vang‘ozi» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 6 yoshli Asilbek Shomurodov ham tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan. Operatsiyadan keyin u ham ro‘yxatdan chiqib, tengdoshlariday to‘rt muchasi sog‘ bolalar safidan joy oldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizda yiliga 2,5 – 3 ming nafar bola yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi. Ammo poytaxt klinikalarida bir yilda shulardan 600 nafarinigina operatsiya qilish imkoni mavjud.

Navoiy viloyatida 200 nafardan ziyod bola tug‘ma yurak nuqsoni bo‘yicha ro‘yxatda turadi. Bu bemorlarga o‘z vaqtida va to‘laqonli tibbiy yordam ko‘rsatilsa, ularni hayotga qaytarish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring