Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorazmga Bosh prokurorning «boshi borib, oyog‘i kelgani» yo‘q...

Xorazmga Bosh prokurorning «boshi borib, oyog‘i kelgani» yo‘q...

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Kecha Xorazm viloyatiga yangi prokuror tayinlangani, uni faollarga Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan tanishtirganiga oid xabar  berilgandi.

Keyinroq ayon bo‘ldiki, mamlakat bosh qonun posboni Xorazmga faqat yangi prokurorni tanishtirish uchungina borgani yo‘q. Aksincha, shundog‘am tig‘iz vaqtini siqib-tejab, qator xayrli ishlarga fursat topdi. Ya’nikim, qadimiy  go‘shaga qadami yetgani hamono oxorli kostyum-shim va bo‘yinbog‘ni ko‘chabop kiyimlarga almashtirib, Urganch tumanidagi 2-sektor hududida faoliyat ko‘rsatayotgan «Qoromon Barakati» fermer xo‘jaligi dalasiga yo‘l oldi. Hozir paxta mavsumi, har bir kun g‘animat. Terimchilar egatdan bosh ko‘tarmaydi, «aqlli gaplar»ga-ku, ko‘pam tobi yo‘q. Buni yaxshi anglagan nufuzli mehmon mehnatkashlarning ko‘p vaqtini olmadi: yaratilgan shart-sharoitlardan tashqari yutuqlardan ko‘ra ko‘proq  muammolar haqida so‘radi, ularning yechimi bo‘yicha mutasaddilar qat’iy ko‘rsatmalar bergach, ilg‘or terimchilarga qimmatbaho sovg‘alar ulashdi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

So‘ng Xivadagi «Bolalar shaharchasi»da bo‘lib, tarbiyachi va tarbiyalanuvchilari bilan muloqot qildi. Tarbiyalanuvchilar-ku, hali go‘dak, kim  yo‘qlab kelganini bilmasligi aniq. Biroq tarbiyachilar kim-kim - Bosh prokuror kelganidan biroz shoshib-hayajonlanishdi, «nima kamchilar bor?» degan savolga javob berishga hatto isteholaga qilishdi. Buni to‘g‘ri tushungan 3-darajali davlat adliya maslahatchisi (general-mayor) bu yerdagi sharoitlarni yanada yaxshilash, ularga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish lozimligini tagdor ohangda sektor rahbarlariga uqtirdi. So‘ng tarbiyalanuvchilarga o‘quv qurollari, qishki kiyim-kechaklar va qimmatbaho sovg‘alar hadya etib, bir dunyo quvonch ulashgach,  keyingi manzil - viloyat nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash markaziga  yo‘l oldi.

Bemorlar holidan xabar olishda xo‘b savob bor. Ulardan xabar olish asnosida qo‘ldan kelgancha yordam berishning ajri-chi? U yog‘ini O‘zi biladi. Nig‘matilla Yo‘ldoshev shu maskandagi ko‘ngli yarimlarining suhbatini olgandan keyin markazni aylanib, kuz-qish mavsumiga tayyorlik  masalasida qator kamchiliklar borligini darrov ilg‘adi. Va shu yerning o‘zidan mezbonlarni «sizlab», mas’ullarni «tuzladi». Bosh rahbarining ikki qoshi o‘rtasida tugun paydo bo‘lishi qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshi bilgan mahalliy prokurorlar darhol ishga kirishdi. Ajabmaski, kechaning o‘zidayoq mazkur muassasaga zamonaviy konditsionerlar keltirilgan bo‘lsa...

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Urganch tumanidagi «Ulli hovli» xususiy sayyohlik korxonasi va Urganch shahridagi «Ipak yo‘li grupp» MChJga qilingan qadam ranjida ham foydadan holi bo‘lgani yo‘q. Zamonaviy tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida kutilmagan muammo ko‘ndalang bo‘lishi tabiiy. Samaradorlikka erishishda tajriba katta ahamiyat kasb etadi. Shu uchun bunday tadbirkorlik sub’yektlari tez-tez amaliy yordamga ehtiyoj sezadi.  Yechim esa sektor rahbarlari bilan faol hamkorlik qilishda!

Kuz-qish mavsumida faoliyati muhim bo‘lgan Urganch tumanidagi «Ko‘mirta’minot» MChJga tashrif yuqorida qayd etilgan manzillardan boshqacharoq kechdi. Ko‘mir ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishgan N. Yo‘ldoshev aholi ehtiyojidan kelib chiqib, korxonani yanada rivojlantirishga katta zaruriyat borligini aytdi. Ko‘mak kerakmi? Marhamat - biz tayyor.  Gap orasida bugungi tashrif korxona rahbarlariga imtiyoz emas, mas’uliyat yuklashini chiroyli  usulda  o‘tgan mehmon ko‘mirning sifatini nazoratga olish, uning narxi barqarorligiga e’tibor qaratish zarurligini bildirdi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bu orada, yuqorida ta’kid etilganidek, viloyat faollariga yangi prokuror tanishtirildi. So‘ng  Bosh prokuror viloyatdagi barcha prokuratura organlari xodimlari bilan alohida gaplashib olishga ham ulgurdi. Alohida muloqotda prokurorlar mas’ul bo‘lgan sektorlar faoliyatini tubdan kuchaytirish masalasi ko‘ndalang qo‘yildi. Shuningdek, pandemiya sharoitida ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, «Temir daftar», «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari»ni yuritish bo‘yicha qo‘yilayotgan talablardan kelib chiqib, viloyat va tuman, shaharlar prokurorlari zimmasiga qator vazifalar yuklatildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring