Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vazirlik: Asossiz chaqiriqlar «tez yordam» mashinalari kechikishiga sabab bo‘lmoqda

Vazirlik: Asossiz chaqiriqlar «tez yordam» mashinalari kechikishiga sabab bo‘lmoqda

Mamlakatimizda shoshilinch va «tez yordam» xizmatidan yiliga o‘n million nafardan ko‘proq aholi foydalanadi. 

2017 – 2019-yillarda tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari kabi tez tibbiy yordam xizmati infratuzilmasini ham yanada yaxshilash, sohaning moddiy-texnika bazasini kuchaytirish, tibbiyot amaliyotiga jahon ilm-fanining eng ilg‘or uslublarini tatbiq etishga yo‘naltirilgan muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Natijada «tez yordam»ning avtomashinalar parki tubdan yangilandi. Bugungi kunda har o‘n uch ming nafar aholiga bitta «tez yordam» mashinasi to‘g‘ri keladi. 

Biroq, davlat darajasida amalga oshirilayotgan shunday muhim chora-tadbirlarga qaramay, hali-hamon «tez yordam»ga nisbatan aholida e’tirozlar uchrab turibdi. Bunga tez tibbiy yordam xizmatida kechikishlarning mavjudligi ham sabab bo‘lmoqda. 

— Tahlillardan ma’lum bo‘lishicha, «tez yordam» mashinalari kechikishi sabablarining biri asossiz chaqiriqlardir, — deydi Shoshilinch va tez tibbiy yordam masalalari bo‘yicha mahalliy koordinator Obidjon Dilmurodov. — Bugungi kunda «tez yordam»ga tushayotgan murojaatlarning o‘ttiz foizdan ko‘prog‘ini ana shunday asossiz chaqiriqlar tashkil etadi. Xo‘sh, bu murojaatchilar kimlar, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bularning aksariyati surunkali kasalligi bor bemorlardir. Poytaxtimizdagi «tez yordam» xizmatiga ularning ba’zilari yiliga 500 martadan hatto 1000 martagacha murojaat qiladi.

— Shuni alohida ta’kidlash joizki, surunkali kasalliklarni davolash «tez yordam» shifokorlarining vazifasi emas, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokor o‘rinbosari Ilhom Aslonov. — «Tez yordam» shifokori kasallikning hayot uchun xavf solishi mumkin bo‘lgan belgilarini bartaraf etadi, xolos. Bu bemorga vaqtincha yengillik beradi. Bemor darddan to‘la xalos bo‘lishi uchun umumiy amaliyot shifokori nazoratida turib yoki shifoxonada yotib davolanishi kerak.

Eng achinarlisi, ana shunday asossiz chaqiriqlar tufayli «tez yordam» xizmatida tig‘izlik yuzaga keladi. Natijada shoshilinch tibbiy yordamga haqiqatan muhtoj bo‘lgan bemorlarga o‘z vaqtida yetib borish imkoniyati cheklanmoqda.

Shu o‘rinda shuni aytmoqchi edikki, har bir inson avvalo o‘zi, qolaversa yaqinlari sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi lozim. Buning uchun qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarda kasalliklarning oldini olish borasida davlatimiz tomonidan yaratib berilgan zamonaviy tibbiy imkoniyatlardan oqilona foydalanish lozim.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring