Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vatan tanlanmaydi, ota-ona ham...

Vatan tanlanmaydi, ota-ona ham...

Foto:«O‘zA»

Naf’ing agar xalqqa beshak durur,

Bilki, bu naf’ o‘zingga ko‘prak durur.

Navoiy

Purma’no hikmatlarimiz ko‘p. Mana, bittasi: bolaning begonasi bo‘lmaydi. Ayni hikmat shu kunlarda takror-takror tilga olinayotgan bo‘lsa, ne ajab?! Chunki, kecha yana bir unutilmas tarixiy voqea guvohiga aylandik: begona yurtlarda ota-onasidan judo bo‘lib, abgoru nochor holdagi 64 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi.

Bunday nozik va murakkab vazifani amalga oshirish hazilakam ish emas. Murg‘ak qalblar dunyoning og‘riqli nutasiga aylangan Iroq davlatidan olib kelingani esa qo‘yilgan vazifa xatardan xoli bo‘lmaganini ham ko‘rsatadi.

Bu mamlakat rahbaridan qanchalar jasorat va siyosiy iroda talab etganini tasavvur qilyapsizmi?

Bolalarning baxtiqaro otalari o‘zga yurtda katta ehtimol bilan kafansiz ko‘milgani, onalari esa tutqunlikda nechog‘ili ahvolda ekanini xayolga keltirishning o‘zi og‘riqli. Bular endi alohida mavzu.

Biroq bolajonlarda nima ayb?

Insoniyat qismatiga bitilgan yozuq shuki, unda qachon, qayerda tug‘ilish yoki  ota-onani tanlash huquqi yo‘q. Biroq  yorug‘ dunyoga kelgan har bir bolada baxtli bo‘lish huquqi mavjud. Buning uchun o‘zini hurmat qilgan har bir davlat zimmasiga kerakli majburiyat oladi va bajaradi ham.

Gap o‘z-o‘zidan masalaning huquqiy tomoniga borib taqalayotir. Shu yo‘sinda so‘zimizni davom ettirsak, Konstitutsiyamizning 22-moddasi yodga olishga to‘g‘ri keladi. Unga ko‘ra :«O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi». Demak, O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, maxsus ishchi guruh tomonidan Iroq davlatidan qarovsiz qolgan 64 nafar bolaning vatanimizga qaytarilganligi ana shu konstitutsion qoidaga rioya etilishining amaldagi ko‘rinishidir.

Ushbu tadbir ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar taqdiriga nisbatan davlatimiz tomonidan o‘z vaqtida namoyon etilgan katta g‘amxo‘rlik ham insonparvarlikning oliy ko‘rinishi desak,  ayni haqiqat aytilgan bo‘ladi.

Bolalar O‘zbekiston zaminiga qo‘nishi hamono sog‘lomlashtirish muassasalariga joylashtirilib, kerakli tibbiy-psixologik, ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilayotgani, shu jarayonda hujjatlarini rasmiylashtirib, bog‘cha, maktabga joylashtirish, homiylar va vasiylarga biriktirish choralari ko‘rilayotgani ham konstitutsion normaga so‘zsiz rioya etilayotganini ko‘rsatadi. Zero, Asosiy qonunimizning 64-moddasiga ko‘ra, davlat va jamiyat  yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi. Bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi...

Shuningdek,  ayni amaliyot dunyoga O‘zbekiston  inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalariga, xususan,  BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Xalqaro konvensiya talablariga so‘zda emas, amalda qanchalik rioya etayotganini ham yaqqol ko‘rsatdi.

Xolmo‘min Yodgorov,
Oliy sud raisi o‘rinbosari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring