Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Vaqf» fondi raisi bloger Musannif Adham ustidan IIBga shikoyat qildi

«Vaqf» fondi raisi bloger Musannif Adham ustidan IIBga shikoyat qildi

Foto: blogerning sahifasidan skrinshot

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi raisi Iskandar Xalilov taniqli bloger Musannif Adham ustidan ichki ishlar idorasiga arz qildi. Bu haqda blogerning o‘zi «Facebook» tarmog‘idagi sahifasi orqali ma’lum qildi. 

I.Xalilov  o‘z arznomasida fond o‘tgan yillar davomida «...aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash» borasida muayyan ishlarni amalga oshirgani, shu kabi xayrli ishlar bugungi kunda ham davom etayotganini ta’kidlar ekan, «...so‘nggi vaqtlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda» uning faoliyatiga «biror bir asoslarsiz», «shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatilayotganini» bildiradi. So‘ng gapiga asos sifatida 2019 yilning 30 oktyabr kuni «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida Musannif Adham fond va uning rahbariga nisbatan «shaxsni sharmanda qiluvchi ma’lumotlar» tarqatganini aytib,  buni «...aholi o‘rtasida fond faoliyati nisbatan noto‘g‘ri fikrlar va qarashlar yuzaga kelayotganiga» sabab tariqasida ko‘rsatadi. Va «Musannif Adham»ning shaxsini aniqlab, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘raydi.

Arznoma ichki ishlar organiga qachon topishirilgani, surishtiruv ishlari o‘tkazilgan-o‘tkazilmagani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida «Vaqf» fondi raisi I.Xalilov qimmatbaho  «Malibu-2» xizmati mashinasi xarid qilgani ortidan mojarolar markazida qolgandi. Keyinroq u  mazkur xaridni  «...xorijlik mehmonlarni kutib olish va uzoq xizmat safarlarida foydalanish» mazmunidagi gaplar bilan izohlab, ko‘plarning ensasini qotirgandi.

Undan avvalroq esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining sobiq o‘rinbosari «Vaqf»  jamoat fondiga o‘tkazib berilgan ko‘chmas mulklar va ta’mir uchun ajratilgan katta mablag‘ bilan bog‘liq korrupsion sxemalarda ishtirok etgani uchun hibsga olinganiga oid xabarlar tarqalgandi. Ammo bu mazmundagi xabar rasman tasdiqlanmadi, shu barobarida rasman inkor etilgani ham yo‘q.

Yana bir gap. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunlarda «Vaqf» xayri jamoat fondining moliyaviy faoliyati jiddiy taftishdan o‘tkazilayotir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring