Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Uzun qo‘l» va «kalta qo‘l» yo‘lovchilar (jiddiy hikoya)

«Uzun  qo‘l» va «kalta  qo‘l» yo‘lovchilar (jiddiy hikoya)

Foto:«Kommersant.uz»

Avtobusda odam kam edi. Suv bosgan ko‘chalarni birma-bir ortda qoldirib ketayotgan bu ulov, goh tezlikni oshirar, gohida toshbaqa misol imillab harakatlanardi.

Salonda o‘tirgan ikki yigit diqqatni tortadi. Birining qo‘li tanasiga nisbatan uzun, juda bashang kiyingandi. Ikkinchisining esa qo‘li kaltaroq, kiyimi oddiy, odmi, ohori to‘kilgan edi. Ikkisining ham yonida yuki bor.

− Qayoqqa? – savol berdi uzun qo‘l.

− Chetga ishlagani, – javob qildi kalta qo‘l, – sizchi?

− Men ham! – bosh irg‘adi uzun qo‘l. – Nima maqsadda ketyapsiz? Masalan men, oliy o‘quv yurtida o‘qish uchun. O‘zimizda o‘xshamadi. Kirolmadim. Keyin qarasam, puli borlarga «shans» bor ekan, shartta dadamga qo‘ng‘iroq qilib, «kontrakt»ga pul talab qildim. Qarabsizki, talaba bo‘lib turibmanda!

− Qoyil, − dedi kalta qo‘l, − men ham rosa tayyorlanib to‘rt yil topshirdim, lekin kirolmadim. Har yili o‘qishga kirolmay, mardikorlikka jo‘nayman. Bu yil ham ishlab, pul topish uchun ketyapman!

− Qayerda yashaysiz? Masalan men shaharda tug‘ilganman! – dedi uzun qo‘l.

− Qishloqdanman, − javob qildi kalta qo‘l.

− Qishloqda qanaqa bilmadim-u, shaharda sira tinchlik yo‘q. Har kuni baqir-chaqir, shovqin-suron! Kechalari «stalba»dagi chiroqlar ko‘zimga tushib, uyqum qochib ketadi! Uyimiz juda issiq! Gazning hididan ko‘nglim ayniydi! Internetning ham tezligi past! – nolib qoldi uzun qo‘l.

− Gapirmang, − ma’qulladi kalta qo‘l. Garchi sherigining nimalar deganini yaxshi tushunmagan bo‘lsa ham. – Qishloqda bundan battar! Ertalabdan chiroq o‘chadi, gazning hidini unutib ham yuborganmiz! Uy sovuq, zax! Suv qidirib, bir chaqirim yerga borib kelamiz! Hatto, telefonda gaplashish uchun ham imkon yo‘q...

− Zo‘r-ku! – dedi uzun qo‘l havasi kelib. − Yana bizda mashina ko‘p, hammayoq «probka»! Qayga qarama do‘kon, salon, «moyka», qassobxona, o‘quv markazi! Oyiga bittadan ko‘prik quriladi...

− Bu yaxshi-ku! – dedi kalta qo‘l havasi kelib. – Bizda esa aksincha: qishloqda bironta ham do‘kon, salon, o‘quv markazi, sartaroshxona, oshxona, balo-battar yo‘q! Xatto mashina topolmay, markazga ham borolmaymiz! Markaz bilan bog‘laydigan bitta-yu bitta ko‘prik ham buzilib, shalog‘i chiqib yotibdi! Yo‘lni uzoq qilib, zovurni aylanib o‘tamiz!  

− Maktab paytimiz juda qiziq bo‘lganda, − gap boshladi uzun qo‘l, − o‘zlaricha bizni teatrgami, kinogami olib bormoqchi bo‘lishardi! Biz esa darsdan qochib, klubga, internet kafelariga borardik!

− Bizda esa umuman dars o‘tilmagan, − ming‘irladi kalta qo‘l, − ustozimizni qayoqqadir olib chiqib ketishardi. Biz esa dalada paxta terardik!

− Qaytib kelgach nima qilmoqchisiz? – yana savol berdi uzun qo‘l. – Masalan men, shahardagi eng zo‘r firmaga ishga kiraman! Keyin o‘z ustimda ishlab, shaxsiy ishimni boshlayman. Chet-ellarga borib, malaka oshiraman. So‘ng, «baquvvat» bir oila qiziga uylanib, dabdabali to‘y qilaman! Belgilangan jarima biz uchun nima degan gap? Shartta to‘laymanda, bilganimni qilaveraman...

− Men esa, − gap boshladi kalta qo‘l, − agar o‘sha yerda o‘lib ketmasam, ishlab uyga pul yuboraman! Tomi yo‘q uyni ko‘tarish, kasal onamni davolatish, singillarimni uzatish, qarzlarimni to‘lash va ro‘zg‘orni to‘ldirish uchun ham shunga majburman! To‘y masalasiga kelsak, hamma qatori bo‘ladi! Agar kelin talab qilsa «kuyov salom» ham bo‘laveradi...

 − Mana, manzilga ham kelib qolibmiz-ku?! Siz ham «aeroport»da tushasizmi? – savol berdi uzun qo‘l.

− Yo‘q, «vokzal»da tushaman, − javob qildi kalta qo‘l.

− Unday bo‘lsa, men ketdim! Siz bilan tanishganimdan xursandman! Agar yo‘lingiz tushsa, biz tomonlarga bir keling, xo‘pmi? – qo‘l cho‘zdi uzun qo‘l.

− Afsuski yo‘lim tushmaydi, − javob qildi kalta qo‘l, − «propiska» degan balodan qo‘rqaman! Mayli, yaxshi boring!

− Siz ham o‘z yurtingizga eson-omon qaytib keling! – xayrlashdi uzun qo‘l va avtobusdan tushib qoldi.

Ular xayrlashgach, ikkovining yuragida shu savol qoldi: «Bu yigit o‘zi qaysi davlatdan?»

Ular bu savolning javobini topolmay, rosa o‘ylanishdi. Ammo haqiqat shundaki: ikkovi ham bir yurtning farzandlari edi...

Sherzod Haydarbekov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring