Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Tug‘iliboq bo‘g‘ilgan safar yoxud avtomobil transporti agentligi uchun jurnalist vaqti «bir tiyin»mi?

Tug‘iliboq bo‘g‘ilgan safar yoxud avtomobil transporti agentligi uchun jurnalist vaqti «bir tiyin»mi?

Foto:«Xabar.uz»

Ikki kun avval avval pochtamizga yuqori tashkilotdan xat keldi: O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan Tojikistonning Xo‘jand shahriga mediatur uyushtirilar emish. «Toshkent—Xo‘jand—Qo‘qon—Toshkent» avtobus yo‘li ochilishi munosabati bilan, sinov avtobusida jurnalistlar borib, jarayonni yoritishlari kerak edi. Ham sayohat, ham ijod deganlaridek, rahbariyatdan ruxsat so‘rab, safarga bormoqchi bo‘ldik. Agentlik matbuot xizmati bilan bog‘langanimizda xushmuomalalik bilan ro‘yxatga qo‘shib qo‘yishlarini aytishdi.

Xullas, menga o‘xshagan chegara xatlamagan yosh muxbirga katta imkoniyat edi bu. Ertalab aytilgan vaqtda fotograf bilan O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi binosiga bordik. Bizni kutib olib, ro‘yxatga tirkab qo‘yishdi. Dastlab «mehmondo‘stlik» yomon bo‘lmadi. Avtobus kechikayotgani va ayrim «texnik» sabablarni aytib, oshxonada kutib turishni maslahat berishdi. Soatga qarab turdim. Naq bir soatni oshxonada o‘tkazdik. Oramizda yangiliklar saytlari, televideniye vakillari, matbuotchilar va axborot agentliklari vakillari bor edi. Hamma bo‘lajak safar va tassurotlar haqida gapirardi.

Xullas«avtobus keldi» degan quloqqa yoqadigan gap eshitilgach, qo‘zg‘aldik. Yap-yangi avtobusga avaylabgina chiqdik. Ichkarida uch-to‘rtta yo‘lovchi otaxonlar bor edi.Telejurnalistlar allaqachon kadr yig‘ishni boshlashdi. Shu onda juda g‘alati voqea sodir bo‘ldi. O‘zini boshqarma boshlig‘i deya tanishtirgan kishi «bugun Toshkent—Xo‘jand—Qo‘qon—Toshkent» avtobus yo‘nalishi hali qatnovga to‘liq tayyor emasligi, bugun faqat mutaxassislar sinov tariqasida yuborilishini, maxsus tekshiruvdan so‘ng, ma’lumotlarni taqdim etilishini»ni ma’lum qildi. Bu nutqqa faqat «marhamat qilib endi avtobusni bo‘shatib qo‘yinglar, hurmatli jurnalistlar» degan gap yetishmadi xolos.

Foto:«Xabar.uz»

Mayli, yo‘nalish bo‘yicha qandaydir kamchiliklar bordir, bilmadig-u, o‘zini «avtomobil transporti agentligi» deya nomlagan tashkilot o‘ttizdan ziyod jurnalistni mediaturga taklif etishdan avval (vaholanki, xabar ancha oldin tarqatilgandi) ushbu masalada qanaqa kamchilik borligini faqat oxirgi soniyalarda anglasa? Safar bir kun avval yoki ertalabning o‘zidayoq bekor qilinsa ham mayli edi. Ikkinchidan, shuncha jurnalistning yarim kunlik ish vaqti o‘g‘irlandi, bundan kim zarar ko‘radi? Uchinchidan jurnalist yerdan chiqqan qo‘ziqorinmikan, pul bo‘lsa uni qayergadir taklif qilib, xohlagan vaqtingda qaytaraversang? Xullas, savollar ko‘p.

Bir sherigimiz o‘z taassurotini quyidagicha izhor etibdi:«Uch kun avval Matbuot va axborot agentligidan xat keldi: «Toshkent – Xo‘jand – Qo‘qon – Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha ilk avtobus qatnovi (sinov) yo‘lga qo‘yiladi. OAV vakillari yoritsin, degan mazmunda. Bugun ertalab avtomobil transporti agentligi binosida 30 dan ortiq jurnalist to‘plandik. Hamma xursand, Tojikistonni aylanib kelamiz degan o‘yda. Bir payt agentlik boshqarma boshlig‘i keldiyu, bu texnik sinov edi, sizlarni kim chaqirdi deganday qilib, hammaga javob berib yubordi. Shundan so‘ng jurnalistlar so‘kina-so‘kina ortga qaytib ketdi».

Foto:«Xabar.uz»

Oxirgisi esa oshib tushdi: xunob bo‘lib ishga qaytib kelsak, boshqa bir OAVda hozirgina biz borolmay «dog‘da qolgan» yo‘nalish haqida maqola chiqib, unda «albatta bu yangiliklardan odamlar mamnun ekani» haqida yozilibdi.

Aslida turli «yog‘li» tashkilotlarning jurnalistlar uchun shunaqa safarlar uyushtirishi g‘alatiroq. Bu bizda jurnalistlarning uzoq hududlar bilan ishlashi masalasi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, sohaning tashkilotlarga qaramligidan dalolat beradi. Jurnalistika ham mediabiznesga aylanmas ekan, turli tashkilotlarning xayriya shaklidagi mediaturlari-yu, quyuq kofebreykli tadbirlariga maftun bo‘lib ketuvchi soha xodimlari topilaveradi.

Ulug‘bek Oripov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring