Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Tug‘ildimu, bo‘g‘ildim yoxud yoshlarga berilgan bir imtiyoz tarixi

Tug‘ildimu, bo‘g‘ildim yoxud yoshlarga berilgan bir imtiyoz tarixi

Foto: «Norma.uz»

2017-yil 5-iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi PF-5106-sonli Prezident farmonining 13-bandida yoshlarga quyidagicha imtiyoz berilgandi:

  • ta’lim muassasasini tamomlaganiga uch yil bo‘lmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan yoshlarga daromad solig‘ini birinchi yil uchun 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillar uchun esa 25 foizga kamaytirish.

Lekin bu imtiyoz deyarli ishlamadi desa ham bo‘ladi. Chunki bu yoshlar orasida tayinli targ‘ibot qilinmadi (umuman qilinmadi hisob) va yoshlar bunaqa imtiyoz borligini bilishmadi ham.

O‘tgan yili kanalim orqali xuddi shu masala haqida 2 ta post yozgandim (1, 2). Shundan keyin adashmasam «O‘zA»da bitta kichkina xabar mazmunidagi maqola chiqdi, «Yoshlar» kanalida bitta kichik reportaj efirga ketdi, yana 1-2 ta joyda shu haqida aytishgandir, bo‘ldi, tamom. Shu bilan yana unutildi.

Lekin shu kichikkina targ‘ibot orqali ham ko‘pchilik yoshlar bundan xabar topdi. Ammo!

Ammo xabari borlar ham bu imtiyozdan deyarli foydalana olmadi. Chunki korxona va tashkilot buxgalterlari «bunaqa imtiyozdan xabarimiz yo‘q, hech qanday ko‘rsatma bo‘lmagan» deb tan olishmadi. Tan olganlari esa, xohlasa ham bu imtiyozni qo‘llay olishmadi, chunki budjet tashkilotlarining buxgalteriyasida ishlatiladigan «UzAsbo» tizimiga bu soliqni qo‘llashga oid band qo‘shilmadi. Moliya vazirligiga qilingan murojaatlarga esa, vazirlik «tez orada qonunchilikka o‘zgarish kiradi, shundan keyin ko‘rib chiqamiz» degan mazmunda ajabtovur javob berildi.

Bu o‘zgarish o‘zini ko‘p kuttirmadi. 2018-yil 26-dekabrdagi PF-5607-sonli Prezident farmoniga binoan, yoshlarga berilgan o‘sha soliq imtiyozi bekor bo‘ldi. Ha, endi bu imtiyoz yo‘q.

Mayli, yo‘q bo‘lsa, yo‘qdir. Shaxsan men soliq imtiyozlarini va o‘zi har qanday iqtisodiy imtiyozlarni uncha xushlamayman.

Lekin masala boshqa joyda. U imtiyoz yaxshimi, yomonmi, har holda PREZIDENT FARMONI bilan belgilangan edi. Belgilandimi, demak ijrosini ham qilish kerakda. Ammo na Soliq qo‘mitasi, na Moliya vazirligi, na Yoshlar ittifoqi bunga jiddiy qaradi. Muammolarni o‘rganishmadi, unga yechim taklif qilishmadi. Ishlayotgan yoshlarga shu imtiyoz qo‘llanilishi ta’minlanyaptimi, deya reyd va o‘rganishlar qilinmadi. «O‘raga siqchon tushdi, guldur-gup» prinsipida ish qilindi.

Lekin «Yoshlarga yaratilayotgan mislsiz imkoniyatlar» mavzusida ma’ruza va nutqlar qilinganda, ishonamanki, albatta shu imtiyoz haqida ham faxr va iftixor bilan gapirib, maqtanishgandir. Qog‘ozda boru, amalda deyarli qo‘llanmagan imtiyoz bilan...

Imtiyoz bekor bo‘lgandan keyin ham uning muammosi hal bo‘lmayapti. Aniq bir misol aytaman.

Qonunchilik talabi bo‘yicha, imtiyoz amalda bo‘lib turgan davr uchun u qo‘llanilishi shart. Garchi u keyinchalik bekor bo‘lib ketgan bo‘lsa ham.

Foto: @xushnudbek

Lekin bir mushtariy yozmoqda, uning 2017-yil oktyabr oyidan 2018-yil dekabr oyigacha bo‘lgan davr uchun soliq imtiyozini qo‘llash haqidagi talabi Soliq organlari tomonidan rad qilindi (rasmga qarang). Rad qilish asosini qarang – «Bugun bu imtiyoz bekor bo‘lgan». Ha, baraka topgur, bugun bekor bo‘lgan bo‘lsa bordir, lekin murojaatchi o‘tgan davr uchun, ya’ni imtiyoz amalda bo‘lib turgan davr uchun haqqini so‘rayaptiku. Halol haqqi bu. Qonun hujjatlarida belgilangan huquqi bu.

Xullas, bu imtiyoz amalda o‘zini oqlamadi. O‘sha payti kim taklif qilgan, bunisi menga qorong‘u. Bunday imtiyozdan yoshlar tayinli foyda ko‘rishmadi, hatto bilmay ham qolishdi. Endi bila boshlaganda esa, bira to‘la bekor qilib yuborishdi. Tug‘ildimu, bo‘g‘ildim, deyisharmidi shunaqa vaziyatda...

P.S.: o‘sha fuqaroga soliq organlari zimmasiga imtiyozni qo‘llash majburiyatini yuklashni so‘rab, ma’muriy sudga murojaat qilishi haqida maslahat berdim. Yoshlar o‘z huquqini talab qilib sudlashib ko‘rsinchi, oxiri nima bo‘larkin, ko‘ramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring