Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Toshkentlik enaga go‘daklarni azobladi. Va...

Toshkentlik enaga go‘daklarni azobladi. Va...

Illyustrativ surat

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudining ochiq sayyor sud majlisi bo‘lib, unda fuqaro Sayyora Egamovaga (ism-shariflar o‘zgartirilgan) oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Rosti, sudlanuvchining bir oila boshiga solgan ko‘rguliklaridan yoqa ushlaysiz. Hali turmush qurmagan, farzand qadrini bilmaydigan Sayyora 2014-yildan 2016-yilga qadar bir ayolning ikki bolasiga enagalik qilgan va ular bilan birga yashagan. Bir kun tuz totgan uyingga qirq kun salom ber, deyishadi. Ammo Sayyora bu oilaning tuzini totib, tuzlug‘iga tupurdi. Eng yomoni, 2009-yilda tug‘ilgan go‘dak B.F.ni sabab-besabab urib-do‘pposladi, badanini tirnoqlari bilan tirnashgacha boradi... Bolakayning badaniga sigareta cho‘g‘i va qizdirilgan temir buyumlar bosganiga nima deysiz?! Sud-tibbiy ekspertizasida voyaga yetmagan B.F.da «burun chap yon sohasi va ko‘krak old yuzasida chandiqlar, ya’ni yaraning bitishidan keyingi izlar, chap bilak sohasi giperpigmentatsiya — shilingan joylarning bitishidan keyingi izlar» mavjudligi aniqlanadi.

Sayyoraning jinoiy harakatlari bu bilan to‘xtamadi. Oldiniga tovlamachilik yo‘li bilan pullarni o‘zlashtirgan bo‘lsa, endi bu jinoyatga xonadon sohibasining 11 yoshli qizini ham jalb etadi. Qizaloqni aldab-suldab, boshqa joyda istiqomat qiluvchi kelinoyisining uyiga o‘g‘rilikka jo‘natadi. (Agar enagaga pul olib kelib bersa, folbin uydagi ins-jinslarni haydab, xonadondan falokatni aritarmish). Qizcha fuqaro Z.Ortiqovaga tegishli narxi 1 500 000 so‘m bo‘lgan bir juft tilla sirg‘ani yashirin ravishda Sayyoraga keltirib beradi. U bu bilan cheklanib qolgani yo‘q: qizaloqni yana avrab, tag‘in kelinoyisining uyiga jo‘natadi. Shu tariqa Z.Ortiqovaning 2 000 000 so‘mlik bir juft tilla sirg‘alarini qo‘lga kiritadi. Sayyoraning gaplariga laqqa tushgan qiz uchinchi marotaba yana o‘sha ayolning narxi 5 000 000 so‘m bo‘lgan tilla taqinchoqlarni o‘g‘rilab keladi...

Ushbu harakatlari bilan Sayyora Egamova voyaga yetmagan qizaloqni bir necha bor o‘z jinoyatiga sherik qiladi. Yaxshi niyatlar bilan enagalikka olingan tarbiyachi bolalarga shu taxlit o‘rnak ko‘rsatadimi, shu taxlit tarbiya beradimi? Bolalarning hayotida ro‘y bergan bunday ayanchli voqealarni ular yodidan chiqarishi va izdan chiqqan tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga solish uchun endi yana qancha kuch-g‘ayrat sarflash kerak?

Sudlanuvchi qonun bo‘yicha o‘ziga tegishli jazoni oldi. Ammo savol tug‘iladi. Nahot xonadon egalari o‘zini g‘ayritabiiy tutadigan enaganing bu qilmishlarini ikki yil davomida anglab yetmagan? Nahot ikki yil davomida bu qizga nisbatan biror shubha tug‘ilmagan bo‘lsa? Surishtirish asnosida bunga ham aniqlik kiritildi. Sayyora avvalo, onani o‘g‘lini «erkakdek» tarbiyalayotganiga, o‘g‘il bolani qattiq ushlash kerakligiga ishontiradi. Qolaversa, ikki go‘dakni ham qattiq qo‘rqitib qo‘yadi. Eng achinarlisi, bu sir bolalarning onasi yaxshi maoshli ishidan ajragach oydinlashadi. Ishsiz qolgan ayol ikki bolasi bilan ota xonadoniga qaytib boradi. Va enagadan qutulgan bolalar boshidan o‘tganlarini bobo-buvilariga aytib beradi. Axir, jinoyatchi qilmishiga yarasha jazosini oladi, hatto yetkazilgan zararni to‘laydi, deyishingiz mumkin. Ammo yetti yoshidayoq ham ma’nan, ham jismonan qiynoqlarga solingan bolakay, o‘n-o‘n bir yoshli bir necha marta kiprik qoqmay o‘g‘irlik qilishni «qoyillatgan» qizaloq tarbiyasiga yetkazilgan ziyon-zahmatni qanday qoplash mumkin?

Afsuski, enagalik katta mas’uliyat talab qilishini hali-hanuz anglab yetganimiz yo‘q. A.S.Pushkinning enagasi Arina Rodionovna shoirning shoir bo‘lishida katta xizmati bo‘lgan yoki Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligi qiroli Georg V ning bolalari enagasi Sharlotta Bill bu oilasining eng yaqin do‘stiga aylangan. Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanidagi Yusufbek Hojining xonadoni xizmatkori Hasanali nima sababdan ushbu oilada o‘z o‘rniga ega bo‘lgani hammamizga ma’lum. Bu enagalar o‘zining odob-axloqi, tarbiyasi va qolaversa tarbiyachi sifatida salohiyatiyu mehri bilan o‘z vaqtida bolalarning ko‘nglidan joy olgan. Psixologlar tili bilan aytganda enagalarning ham toifasi bor: enaga-boshliq, enaga-xizmatkor, enaga-dugona, enaga-robot...

Enaga-boshliqlar, qachonki bolaning onasi tajribasiz, uquvsiz bo‘lganda farzand tarbiyasidan tortib uy tutumigacha o‘zi nazorat qiladi. U ona bilan emas, ona u bilan hisoblashadi.

Enaga-xizmatkor esa oila a’zolari nima desa, o‘shanga itoat qiladi.

Enaga-dugonaning yaxshi tomoni ona bilan yaqinligi, yomon tomoni, ona unga hech qanday ta’sirini o‘tkazolmaydi. Axir dugonasini xafa qilib qo‘yishi mumkin.

Enaga-robot esa barcha ishni qoyillatgani bilan bola qalbiga yo‘l topolmaydi. Yana bir toifa enagalar bo‘larkanki, bolalar ularni o‘z onasidan ham ko‘ra yaqin ko‘rarkan. Germaniyada nomi tarixda qolmagan, ammo mehribonligi bilan nom qozongan bir enaga o‘tgan. Mehribonlik uyida ham ruhan, ham jisman sog‘lig‘i yomonlashgan, yashab ketishi qiyin bolalarga aynan shu enaga qaragandan keyin hayotga qaytarkan. Buning sababi juda oddiy: enaga ovqat pishiradimi, uxlaydimi, hamma vaqt bolaning yonidan bir daqiqa ham jilmas ekan. Xulosa shu bo‘lganki, bola yonidagi odamdan qanchalik mehr ko‘rsa, shuncha tez oyoqqa turadi. Angliyalik yozuvchi Pamela Grevarsning «Meri Poppins» asari aynan ana shunday sehrli qalb egasi bo‘lgan enagalar haqida. Ushbu asar egizaklar Jeyn va Maykl hamda osmondan tushgan Meri Poppins ismli enaganing sarguzashtlari haqida.

Onasiga farzandlarini tashlab ketayotgan bemehr ayol begona go‘dakka yoki qari kishilarga mehr berishiga esa sira ishongimiz kelmaydi.

Pedagog kadrlarni tayyorlaydigan institutlarda albatta enagalarni yetishtirib chiqaradigan bo‘limlarga ehtiyoj bor, menimcha. Yoki maktabgacha tarbiya muassasalari uchun yetishib chiqayotgan mutaxassislar qanchalik sohasiga fidoyiligini bugun qanday aniqlash mumkin? Tarbiyachi yoki enaganing ishi faqat bolaning qornini to‘yg‘azish, vaqtida uxlatish, turli rasm chizishni o‘rgatish emas-ku. Tarbiyachi yoki enaga yuqoridagi ishlarni qoyillatib bajarishi mumkin. Ammo bu bolani yaxshi ko‘radi, degani emas. Bolaning ko‘ngliga yo‘l topish esa juda qiyin, ya’ni bolani aldab bo‘lmaydi.

Pedagogika kollejlaridagi o‘quvchilar amaliyot o‘tash uchun bog‘chalarga yuboriladi. Ammo ularning ichida hammasi yuz foiz bola tilini tushunadi, deb aytolmaymiz.

Psixologlar tili bilan aytganda agar bola enagaga talpinmas ekan, u hech qachon mehribon enaga bo‘lolmaydi. Balki bog‘chalarda tarbiyachilarni mehribon yoki toshbag‘irligini sinash uchun bolalar orasiga qo‘yib, bir necha kun sinash kerakdir. Bolalar qochadigan, onasining ortiga yashirinadigan bog‘cha opalar, tarbiyachilar yoki enagalar bolalar tarbiyasiga mas’ullikni o‘z zimmasiga olmaganlari ma’quldir.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan «Meri Poppins» kabi o‘quv markazlarida ochilgan «Yangi imkoniyat» kurslarida enagalik qilish niyati borlar bir oy o‘qitilmoqda. Ammo bu bir oy juda kam nazarimda.

Ko‘pchilik ota-onalar farzandlarining taqdiriga shu qadar befarqki mana shunday agentliklardan ishonchli enagalarni izlash o‘rniga yetti yot begonani ishga olishadi. Axir, qanday qilib go‘dakning tarbiyasini biror ma’lumotga ega bo‘lmagan insonga ishonib topshirish mumkin?! Axir, qanday qilib o‘z ota-onasiga mehr ko‘rsatmagan, qaynonasining hurmatini joyiga qo‘yolmagan ayollar keksa otaxonu onaxonlarning ko‘ngliga yo‘l topishi mumkin? Keyingi paytlarda ota-onalar pul topish maqsadida farzandlarini bilmagan, sinalmagan, biror ma’lumot olgani uyoqda tursin, o‘z oilaviy hayotini o‘nglamagan Sayyora kabi tarbiyaga muhtoj kimsalarga ishonib topshirayotgan ko‘plab holatlar yuzaga qalqib chiqmoqda. Farzand tarbiyasida ana shunday loqaydlikka yo‘l qo‘yishning oqibati esa yuqorida aytilgani kabi juda ayanchlidir. Eng yomoni, bolalarning bolaligi o‘g‘irlanadi, qolaversa, ayolga, onaga, tarbiyachiga nisbatan nafrat uyg‘onadi.

Fransiyada ayollar imkon qadar oliy ma’lumot olishga harakat qilishadi. Bundan maqsad karera qilish yoki biror sohada ishlash emas, balki farzand tarbiyasida olgan bilimi asqotishini o‘ylarkan. Shu topda bir donishmandning mana bu gapi yodimga tushdi: «Menga yaxshi onalarni bering, men dunyoni yaxshilayman». Men esa bunday deb o‘ylayman: «Bizga yaxshi ayollarni bering, biz dunyoni yaxshilaymiz».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring