Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda pediatrlar s’yezdi o‘z ishini boshladi

Toshkentda pediatrlar s’yezdi o‘z ishini boshladi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Toshkentda mamlakatimiz pediatrlarining VIII s’yezdi o‘z ishini boshladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi. 

C’yezdda Rossiya, AQSh, Germaniya, Italiya, Litva, Turkiya, Bolgariya, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa xorijiy mamlakatlardan 60 dan ortiq taniqli olimlar, yetakchi mutaxassis va shifokorlar ishtirok etmoqda.

Tadbirda 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish Konsepsiyasiga ko‘ra hududlar miqyosida muammolar muhokama qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar rejasiga va hududlarda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish hamda respublikada pediatriya xizmatini rivojlantirishning asosiy tendensiyalari, istiqbollari va ularga erishish yo‘llarini belgilashga, yangi ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalar hamda ularni amaliyotga keng tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu Konsepsiyaning 2019-2021 yillarda amalga oshirilishi doirasida bir nechta me’yoriy-huquqiy hujjatlar, ya’ni «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»gi qonun va “Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Kuni kecha «Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bolalarga pediatriya sohasida ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, perinatal, ckrining, aholi reproduktiv salomatlik markazlari va uning quyi tizimlari ham tashkil etilganini, bolalarda uchraydigan kardioxirurgiya, otorinolaringologiya, neyroxirurgiya va boshqa sohalarda tug‘ma va orttirilgan kasalliklarda rekonstruktiv-tiklovchi va endovaskulyar operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilayotganini alohida ta’kidladi.

Yana shuni ta’kidlash lozimki, ushbu yo‘nalishda tibbiyot kadrlarini tayyorlash va mutaxassislarning malakasini oshirishga ham katta e’tibor qaratildi. Oxirgi ikki yarim yil ichida 150 dan ortiq mutaxassis xorijiy mamlakatlarning yetakchi universitet va klinikalarida malaka oshirib qaytishgan.

Tibbiyot tizimida amalga oshirilgan bunday muhim islohotlar natijasida go‘daklar, neonatal va bolalar o‘limi keskin kamayishi kuzatildi. So‘nggi uch yil ichida go‘daklar o‘limi 11,4 promillidan 9,9 promilliga kamaydi.

Tadbir doirasida bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish, xususan, kasalliklar profilaktikasi, tashxislash va zamonaviy davolash usullarini amaliyotga keng qo‘llash bo‘yicha o‘zaro muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring