Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda «BAD» masalasida xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda

Toshkentda «BAD» masalasida xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda

2019-yilning 25-26-oktyabr kunlari «City Palase Hotel Tashkent»  va «International Hotel Tashkent»ning anjumanlar zalida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi tashabbusi bilan «Biologik faol qo‘shimchalar: fan, ishlab chiqarish va boshqarish» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy tadbir o‘tkazilmoqda. Uni agentlik direktori B.I.Almatov tantanali ravishda ochib berdi.

Anjumanda yurtimizning tajribali professorlari A.S Xudayberganov, G.I.Shayxova, N.J.Ermatov, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, xususan, V.N.Shabalin (Rossiya), Bensu Karaxalil (Turkiya), Kang Dayejin (Janubiy Koreya), Malayan Yuliya Surenovna (Qozog‘iston) va boshqalar so‘zga chiqib, ishtirokchilar bilan fikr almashdi.

Unda erishilgan yutuqlar bilan birga hali yo‘lga qo‘yilishi kerak bo‘lgan muammolar ham aytib o‘tildi.

Jumladan:

- biologik faol moddalarni ro‘yxatga olishda ularning dori vositalariga taalluqliligini belgilashda, ularning chegarasini aniq belgilovchi normativ huquqiy hujjat mavjud emasligi;

- biologik faol moddalarni qayta ro‘yxatga olishda ularning barcha protseduralardan qayta o‘tishi holatlari mavjud bo‘lib, ushbu byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmaganligi, shuningdek, biologik faol moddalar realizatsiyasi bo‘yicha huquqiy-me’yoriy hujjatlar mavjud emasligi;

- respublikamizga olib kirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan biologik faol moddalarni hisobga olib, ularning realizatsiyasi, mahsulot hajmi va xususiyatini inobatga olgan holda mazkur mahsulotning soha klassifikatori mavjud emasligi;

- ro‘yxatga olish tizimi shaffof emasligi, ruxsat etish amaliyotida muddatlarga rioya etilishi yuzasidan jiddiy muammolar mavjudligi va hokazo.

Mazkur kamchiliklarni inobatga olgan holda hukumatimiz tomonidan xalqaro tajribani o‘rganish, ularni amaliyotga joriy etish, faoliyat shaffofligini ta’minlash yuzasidan xalqaro konferensiya tashkil etish topshirig‘i berilgan.

Tashkillashtirilgan anjumanda berilgan taklif, fikr va mulohazalar respublikamizda biologik faol moddalarni ro‘yxatga olish, ishlab chiqarish va realizatsiya masalasida mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha muhim qadam sanalib, bu sohada qabul qilinishi joiz deb topilgan huquqiy-normativ hujjatlarga asos bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring