Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda «Asal olami» savdo markazi ochildi (foto)

Toshkentda «Asal olami» savdo markazi ochildi (foto)

Foto: Sergey Nasledov

Poytaxtimizda O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi yangi binosining ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizda asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlari yildan-yilga ortib, asalni qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda uyushma qoshida tashkil etilgan yurtimizning barcha hududlarida keltirilgan asal turlari va asalchilik mahsulotlari sotishga mo‘ljallangan «Asal olami» savdo markazi, asalarichilikka ixtisoslashgan veterinar apteka, asalarichilik uskunalari va zamonaviy texnologik liniyalarni lizing asosida yetkazib beruvchi «ALOQALIZING» MChJ, asalari mahsulotlari va asalarilarni chaqtirish bilan davolashga ixtisoslashgan «Apiterapiya» tibbiy markazi, asalni sifatini aniqlovchi laboratoriyaning taqdimoti ham tashkil etildi.

«Uyushmamiz 2018 yilda Xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasi — «Apimondia»ga  a’zo bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi raisi Sherali Suyarqulov. – Bu respublikada asalarichilikni jadal sur’atda sanoatlashtirish, rivojlangan mamlakatlarning xalqaro tajribasidan foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda asalarichilik sohasining asosiy yo‘nalishi – qishloq xo‘jaligi ekinlarining changlatish orqali hosildorligini sezilarli darajada oshishi imkonini beradi. Ayni paytda republikamizda soha mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalarilar bilan changlatish hisobiga  1,5 trillion so‘mlik qo‘shimcha mahsulot olinadi. Kelgusida   asalarilarni bog‘ va dalalarda to‘g‘ri joylashtirish bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga ushbu ko‘rsatkichni 4,0 trillion so‘mga yetkazish mumkin. Joriy yilda O‘zbekiston tarixida birinchi marta qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalarilar bilan changlatish agrotexnikasi Samarqand viloyatining Jomboy va Bulung‘ur tumanlaridagi bog‘dorchilik xo‘jaliklarida amalga oshirildi. 1500 gektar bog‘lardagi gilos, olma, nok, olxo‘ri va boshqa daraxtlar 7500 ta asalari oilalari bilan changlatildi. Agronomlarning aytishiga qaraganda, tajriba maydonlaridagi hosildorlik cho‘g‘i kutilganida ancha yaxshi».

Tadbirda aytilishicha, hozirgi kunda respublikamizda 14 mingdan ortiq asalarichilik sub’yektlarida 870 mingdan ortiq asalari oilalarini mavjud.

Asalarichilik sohasida har yili 15 foiz o‘sish tempi saqlanib qolinmoqda. O‘tgan 2018 yilda xalqimiz dasturxoniga 17 ming tonnadan ortiq asal mahsulotlari yetkazilib berildi. Bu aholi jon boshiga asal ishlab chiqarish yarim kilogrammni (0,5 kg) tashkil etadi, degani. 

2019 yilda respublikamizda asal yetishtirish hajmini 19 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

«Yurtdoshlarimizda asalarichilikka qiziqish katta, – deydi Farg‘ona shahridan kelgan shaxsiy asalarichilik xo‘jaligi rahbari Jasur Niyazov. – Ayniqsa, asalarilar bilan changlatish uchun dala boshiga asalari qutilarini joylashtirish tabiiy muvozanatni yaxshilashi barobarida asalchiniyam, bog‘bonniyam, dehqonniyam daromadini oshiradi. Daromad yaxshi bo‘lganidan keyin, albatta, har qanday inson, u fermer bo‘ladimi, tadbirkor bo‘ladimi, asalchi bo‘ladimi, faoliyatini kengaytirish taraddudiga tushadi».

Jasur Niyazovning gaplarida jon bor. Chunki bugun kunda hududiy asalarichilik uyushmalariga kerakli tavsiya, maslahat olish maqsadida, asbob-uskuna sotib olish uchun imtiyozlar bilan tanishish uchun kelayotganlar soni tobora ortib bormoqda. Bu borada yurtdoshlarimizning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda AT «Aloqabank» va O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi tomonida olib borilayotgan ishlarni alohida e’tirof etish kerak.

«Asalari uyalari, asalarichilikda qo‘llaniladigan inventarlar, maxsus transport vositalari va tirkamalar, shuningdek, asalni qadoqlash bo‘yicha zamonaviy texnologiya liniyalarini lizing asosida yetkazib beryapmiz», — dedi «ALOQALIZING»MChJning rahbari Olim Mamatraimov.

Bugun asalarilarga nafaqat asal yetishtiruvchi, balki  qishloq xo‘jaligi ekinlarini asosiy changlatuvchisi, bog‘larning hosildorligini sezilarli darajada oshirib beruvchisi sifatida qaralmoqda. Muhimi, ushbu soha takomili asalchini ham, bog‘bonu dehqonni ham boy qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring