Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

TIV Turkiyaga boruvchilarni kontrabandadan ogohlikka chaqirdi

TIV Turkiyaga boruvchilarni kontrabandadan ogohlikka chaqirdi

Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolarining Turkiya bojxona va chegara nazorat punktlarida, jumladan, aeroportlarda Turkiya hududiga belgilangan me’yordan ko‘proq miqdorda tamaki va alkogol mahsulotlarini olib kirishga urinish faktlari bo‘yicha qo‘lga olinish holatlarga e’tibor qaratgan.

Shu munosabat bilan Turkiya hududida belgilangan me’yordan ortiq tamaki va alkogol mahsulotlarini olib kirgan shaxslarga nisbatan Turkiya Jinoyat kodeksi “Kontrabanda” moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochiladi. Sud Qaroriga muvofiq mazkur shaxslar jinoiy ish sodir etgan deb hisoblanadi va ularga nisbatan olti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va ma’muriy jarima to‘lash jazolari qo‘llaniladi.

Sudning yakuniy qarori chiqqunga qadar Turkiya hududidan deport qilingan va sud hukmiga ko‘ra aybdor deb topilgan shaxslar Turkiya vakolatli organlarining ma’lumotlar bazasiga qidiruvdagi shaxs sifatida kiritiladi va davlat chegarasini kesib o‘tish chog‘ida qo‘lga olinadi.

Shu munosabat bilan TIV Konsullik-huquqiy departamenti hamyurtlarimizni tamaki, alkogol va boshqa mahsulotlarni olib kirish bo‘yicha Turkiya bojxona qoidalariga amal qilishga chaqiradi.

Quyida Turkiya qonunchiligiga muvofiq ayrim tovarlarni olib kirish uchun o‘rnatlgan me’yorlar ilova qilinadi.

Turkiyaga 18 yoshdan oshgan fuqarolar tomonidan bojxona to‘lovlarisiz olib kirish mumkin bo‘lgan mahsulotlar:

a) Tamaki mahsulotlari:

1. Sigaretlar – 600 dona

2. Sigarillalar (har bir sigarillaning og‘irligi 3 grammdan oshmasligi kerak) – 100 dona.

3. Sigaralar – 50 dona.

4. Kesilgan tamaki (200 dona sigaret qog‘ozi bilan) – 250 gramm.

b) Alkogol va alkogol mahsulotlari:

1. Tarkibida alkogol 22%dan yuqori bo‘lgan alkogol va alkogol ichimliklari – 1 litr.

2. Tarkibida alkogol 22%dan kam bo‘lgan alkogol va alkogol ichimliklari – 2 litr.

c) Kosmetika mahsulotlari:

1. Maksimum 600 ml. – hojatxona suvi, odekalon, lavanda, atir yoki loson, teri uchun 5 ta vosita, makiyaj uchun vosita.

d) Oziq-ovqat mahsulotlari:

1. Choy – 1 kg.

2. Tayyor eriydigan kofe – 1 kg.

3. Qahva – 1 kg.

4. Shokolad – 1 kg.

5. Shakardan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari – 1 kg.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring