Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish qilish taqiqlanadi

Tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish qilish taqiqlanadi

Mamlakatimizda har qanday davlat tibbiyot muassasasi hududida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktyabrdagi 279-sonli  «Davlat mulki ob’yektlarini xususiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi»gi qaroriga asosan balansda saqlovchi va mahalliy davlat hokimiyati organining birinchi rahbari tomonidan imzolanadigan hamda muhr bilan tasdiqlanadigan xulosasini taqdim etish tartibi joriy etilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 11-bandida Sog‘liqni saqlash vazirining roziligisiz davlat tibbiyot  muassasalarining yer uchastkalari va ko‘chmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlanganligi belgilangan.

— Afsuski, shunga qaramasdan bugungi kunda ayrim tadbirkorlar tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligining ruxsatini olmasdan turib, davlat tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish ishlarini olib borish holatlari ham uchrab turibdi, — deydi vazirlikning Qurilish va moddiy texnik ta’minotni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akmal Norbekov. — Masalan, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli «Navbahor» qishloq vrachlik punkti hududining 0,10 yer maydonida hammom va savdo majmuasini qurish uchun fuqaro Z.Aliboyevga yer ajratish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining roziligisiz 2018-yilda Bulung‘ur tuman hokimining qarori qabul qilingan.

Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Bulung‘ur tumani hokimining qarori ustidan protest keltirilib, Bulung‘ur tumani hokimining qarori bekor qilingan. Buning natijasida qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, davlat tibbiyot muassasalari  xududidan noqonuniy  ravishda  foydalanish, bino va inshootlarni buzish yoki qurish hamda davlat mulki ob’yektlaridan noqonuniy foydalanish qat’iy taqiqlanganligini unutmasligimiz kerak.

Shuningdek, 2017-yilda Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri hududidagi 300 kvadrat metrdan iborat yer maydonini «Shifokor Valijon Surxon» xususiy korxonasiga ajratish bo‘yicha Termiz shahar hokimining qarori qabul qilingan. Ushbu yer maydonining tadbirkorga berilishi va mahalliy hokimlik balansiga olinishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-fevraldagi 54-son qarori talabiga zid ravishda Sog‘liqni saqlash vazirligining rozilik xati olinmagan. Mazkur holat bo‘yicha Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri yer maydonini qaytarish maqsadida Termiz shahar hokimining qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga protest keltirilib, Termiz shahar hokimining qarori bekor qilingan hamda noqonuniy qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilgan.

Xulosa o‘rnida aytganda, davlat tibbiyot muassasalari hududida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qonun hujjatlariga asosan, Sog‘liqni saqlash vazirligining ruxsati olingan holda faoliyat amalga oshirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Tadbirkorlar  ushbu masala bilan bog‘liq barcha savollariga vazirlikning (71) 239-44-81 telefon raqami orqali javob olishlari mumkin, deyiladi vazirlik xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring