Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tank» bilan qurilish ob’yektiga kirganlar... Ahvolimizga bir nazar

«Tank» bilan qurilish ob’yektiga kirganlar... Ahvolimizga bir nazar

So‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan noxush hodisalar qurilish sohamizga xolis baho berish, bundan jiddiyroq xulosa qilishga undamoqda.

Biz doim biror voqea sodir bo‘lishidan keyingina zo‘r shahd bilan kaltak sinadigan boshni qidiramiz, jilla qursa ko‘ngil taskini uchun. Ungacha esa o‘sha ilk qoziq qoqilganidan boshlab, lenta kesishlarigacha zo‘r berib qurilishlarni sharaflaymiz.

Endi xolisona bir tahlil etadigan bo‘lsak, mazkur voqelikda birgina pudratchi firmalarining o‘zigina aybdor emas. Bunda ilk bor rejalash ishlarini olib boruvchi «proyektniy institut»dan tortib, qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalarining ham, o‘sha texnadzoru, revizordan tortib, durust bir nigoh tashlamayoq sirtiga qarab chapak chaluvchilar, ya’ni hammaning aybi bor.

Qurilish jarayonidagi eng muhim jarayon bu – shubhasiz tender. Ammo bizda bu tolato‘p va noxolis, kerak bo‘lsa, jiqqa korrupsiyalashgan tadbir, boshlanajak qurilish ob’yektining poydevoriga qo‘yilgan dastlabki darz. Bu sohada tanish-bilishchilik, aka-ukachilik kabi o‘zaro hurmat-izzatlar shu qadar avjki, qatnashuvchi pudrat tashkilotlari o‘zining salohiyati va qurilish borasidagi imkoniyatini, ya’ni ekskavatoru, buldozerini emas, balki birato‘la «tanka»sini namoyon etadi. Tender mutasaddilari esa izzat-ikromdan ob’yekt tannarxi arzonligiga ahamiyat qaratib, karomat ko‘rsatuvchi quruvchini o‘z mezonida saralaydi.

Shu tariqa bir shovvoz g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Kim shu shovvoz deysizmi? Yirik texnikalari bor katta-katta korxonalar qolib, ba’zan yangi, mavhum bir MChJ bayroqdor bo‘ladi. Shu asnoda g‘ayrat bilan ishni boshlavoradi. Qanday qilib deysizmi? Qizig‘i keyin boshlanadi, ana o‘sha tenderda g‘olib bo‘lolmay endi qanday kun ko‘raman, texnikalar lizingini qanday to‘layman, ishchilarni qanday boqaman deb yurgan katta korxonaga taklif bilan chiqadi, texnikalaringni ijaraga ber yoki qurilish tilida aytganda «subpodryadchik» bo‘lib ishla.

Shu tariqa g‘olib MChJ katta korxonani yollaydiyu, mablag‘ «g‘olib»ning hisob raqamiga yig‘ilib, undan ish bajaruvchiga sizib chiqadi. Bu g‘olib besh-o‘ntalab ish bajaruvchilarni ishlataveradi.

Endi shu asnoda boshlangan qurilishga ishlatiladigan xom-ashyoga to‘xtaladigan bo‘lsak, u ham KIMningdir korxonasidan markazlashgan holatda, ko‘rsatma asosida yaxshigina narxga olib kelinadi. Tabiatning ohista bir «puf»lashiga kimlargadir jaraq-jaraq pul keltirgan tomlar uchib ketadi, devorlarga darz olib, dambalari buzilib ketadi. Bu yoqda jabrini tortgan jabrdiydalar qancha, ammo «qurilish mafiyasi»ning tepasida turganlar pinaginiyam buzmasdan, yana o‘sha «soqqasi»ni g‘amlaganicha yotaverishadi.

Aslida biz udaburon deb atagan yoki rostdan-da halol quruvchilarning ham o‘ziga yarasha bir muammosi ham borki, buni qayd etmaslik noxolislik bo‘ladi. Qurilish ob’yekti tenderi deylik, may oyida boshlansa, topshirilish muddati avgust, lekin moliyalashtirish ishlari kamida ikki oydan keyingina amalga oshiriladi. Ba’zan esa bu jarayon besh oygacha cho‘zilishi ham mumkin. O‘shanda, eng yomoni, oraliq muddatda narx-navo sezilarli oshadi. Tenderda ko‘rsatilgan narxdan atigi ikki foiz oshsa ham, katta qurilishda bu o‘z so‘zini aytadi. Bunda quruvchi, yuqoridagi izzat-hurmati va kelgusida  yo‘qlovchi «mehribon va serqadam» akalarining hurmatini joyiga quyishi uchun va qolaversa, o‘zi ham kasod bo‘lmasligi uchun o‘n qop sement o‘rniga sakkizta ishlatishga majbur bo‘ladi (shundayam insofli bo‘lsa).

Endi qurilish mahsulotlari yetkazish jarayoniga bir qarang: o‘sha ob’yekt quruvchisi bir kilometr naridagi sexda mahsulot ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, «katta»ning qat’iy ko‘rsatmasiga binoan yuzlab kilometr masofadan va yana qimmat narxga olib kelishga majbur bo‘ladi. Endi shuncha dahmaza bilan olib kelinayotgan o‘sha qurilish materiallari sifatlimi dersiz? Tadbirkor peshi asosida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonaning mahsulotlari sifat mezoni qanday tekshiriladi, baholanadi bu – noma’lum.

Shu asnoda bitkazilib, alvon lentalar-la qaychilanib, tantanali topshirilgan ob’yektning bajaruvchisi bo‘lgan o‘sha MChJ ikki yoki uch yil o‘tib tugatilib, shundoq boshqa odamning nomida yangidan ish boshlasa-chi, ya’ni tog‘asi jiyani nomiga o‘tkazsayu, shu asnoda yana javlon urib yuraversa? Shunda kaltak kimning boshida sinadi? Albatta, oddiy xalqning.

Shu ma’noda bizga soniga qarab emas, sifatiga qaraladigan qurilishlar kerakmikan degan o‘yga borasan kishi. Katta-katta ob’yektlarimizni qo‘ziqorin MChJlarga emas, balki Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yirik va mavqeiga ega pudratchilariga ishonishimiz kerakdir. Xohlasa, chidasa, talabiga javob bersa, mahalliy korxonalar hamkorlikda ishlasin. O‘shanda ular ham shakllanadi. Investorlar bilan hamkorlik qiladi. Eng asosiysi, qurilishda burilish bo‘lib, kaltakka ham hojat qolmaydi, aholining minglab vakillari ham yo‘q yerdan jabr chekib o‘tirmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring