Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirkorning TATU rektori xonasiga «bostirib kirishi» va... ziddiyatning boshqa tafsilotlari (video)

Tadbirkorning TATU rektori xonasiga «bostirib kirishi» va... ziddiyatning boshqa tafsilotlari (video)

Foto: Videolavhadan skrinshot

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hududida xususiy tadbirkor A.Abduvaxidov hamda rektorat o‘rtasida kelib chiqqan ziddiyatni ochiq hal etish maqsadida matbuot anjumani o‘tkazilayotganini xabar qilgandik.

«Xabar.uz» muxbirining xabar berishicha, universitet rektori To‘lqin Teshaboyev tadbirkor A. Abduvaxidov o‘z oila a’zolari bilan birga kabinetiga bostirib kirib, o‘zidan yangi shartnomaga qo‘l qo‘yishni talab qilishgani haqidagi videotasvirni matbuot anjumanida yig‘ilganlarga namoyish etdi.

Foto: «Xabar.uz»

Universitet A, V, S binolaridan iborat. Bu binolar o‘tish yo‘laklari bilan o‘zaro bog‘langan. Bu yerda 7 mingga yaqin talaba o‘qiydi. Tabiiyki, binolar oralig‘ida harakatlanish chog‘ida muammolar yuzaga kelmoqda. Aynan shu sababga ko‘ra tadbirkordan yo‘lakni bo‘shatib qo‘yishni so‘ragan edik, — deya izoh bildirdi rektor.

To‘lqin Teshaboyev barcha so‘zlarini videolavhalar bilan isbotlashga harakat qildi.

Tadbirkor nafaqat yo‘lakka joylashib olgan, balki yonidagi xonani o‘z omborxonasiga aylantirib olgan. U savdo qilgan joy antisanitariya va yong‘in xavfsizligiga mutlaqo javob bermas edi. Boz ustiga A. Abduvaxidov universitetga tegishli parta va stol-stullarni olib chiqib, o‘z ehtiyoji yo‘lida foydalanib kelgan, — davom etadi u.

Men xo‘jalik ishlari bo‘yicha prorektorga A. Abduvohidov savdo olib borayotgan joylarga olib o‘tilgan elektr quvvatini uzish va joyni bo‘shatish haqida topshiriq berganimdan so‘ng tadbirkor oila a’zolari bilan birgalikda 4 sentyabr kuni «namoyish»ga chiqdi. Afsuski, o‘sha kuni universitetimizga bir qator hamkorlarimiz, shu jumladan xorijdan mehmonlar tashrif buyurgan edi. Ular hayron bo‘lishdi, ammo biz vaziyatni ularga tushuntirdik, — deydi rektor.

Shundan so‘ng matbuot anjumanining yanada qiziqarli qismi boshlandi. Savol-javobga o‘tildi.

— Nima sababdan yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan joyda savdo qilishga avvaldan ruxsat berilgan? Buning huquqiy asoslari bo‘lganmi? Yong‘in xavfsizligi bunga qanday qaragan?

— Tadbirkor bir necha yillar davomida bu yerda faoliyat yuritib kelgan. Avval shunchaki kanselyariya buyumlari sotishar edi, keyinchalik esa nusxa olish moslamasi o‘rnatishdi va joylarini kengaytirib oldi. Natijada talabalarning harakatlanishi qiyinlashib qoldi, — deydi rektor.

— Universitet tomonidan berilgan xatga asosan vaziyatni o‘rgandik. Darhaqiqat yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid holatda foydalanib kelingan. Binoda faqat o‘rnatilgan rozetkalardan tok olib, foydalanish mumkin. Ammo tadbirkor sim orqali elektr tortib kelib, faoliyat olib borgan. Bu yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid, — dedi yong‘in xavfsizligi boshqarmasi vakili.

— Yong‘in xavfsizligi talablari buzilishi bo‘yicha jarima qo‘llanilganmi? Qo‘llanilgan bo‘lsa, kim to‘lagan?

— Universitet to‘lagan. Bu bo‘yicha bizga nisbatan jarima qo‘llanilgan.

— Namoyish bo‘yicha qanday chora qo‘llaniladi?

IIV xodimi: — Bizga 4 sentyabrda TATU hovlisida namoyish bo‘layotgani haqida xabar kelib tushdi. Bu yerga yetib kelganimizda darhaqiqat universitet talabalari A. Abduvaxidov va qizlari uyushtirgan namoyishni tomosha qilib turganini ko‘rdik. Tadbirkor oila a’zolari bilan jamoat joyida yurish-turish qoidalarini qasddan buzish, rektor sha’niga haqoratli so‘zlarni aytish hamda rektoratning qonuniy talablariga bo‘ysunmayotgani haqidagi holatni o‘rgandik va bu bo‘yicha ish ochdik. Ayni vaqtda mayda bezorilik, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik va noqonuniy namoyish uyushtirish bo‘yicha ayblov Yunusobod tumani ma’muriy ishlar sudiga yuborilgan.

— Tadbirkor 2019 yilning yanvar oyidan buyon shartnomasiz ishlab kelgan ekan. O‘tgan vaqt uchun ijara haqi to‘langanmi?

Rektor: — Hech kimga ijara haqi to‘lanmagan. Tadbirkor o‘zboshimchalik bilan savdo yuritib kelgan. A. Abduvaxidovning asosiy quroli — qizlari. Ulardan joyni bo‘shatib qo‘yishni talab qilganimizda, tadbirkorning qizlari darhol janjal ko‘tarib, savdo qilishda davom etardi. Tadbirkorning o‘zi har doim ortda turgan. Mojaro videosida ham ko‘rinib turibdi, faqat qizlar menga tashlanmoqda.

Biz ularga yo‘lakni bo‘shatib, tashqarida, boshqa tadbirkorlar yonida faoliyat yuritishni taklif qilganmiz. Joy ham ko‘rsatganmiz. Ammo ular ko‘nishmadi.

DSI: Yakka tartibdagi tadbirkor A. Abduvaxidovga to‘lov terminali va nazorat kassa apparati o‘rnatish bo‘yicha ogohlantirish xati berilgan. Ammo u qabul qilib olishdan bosh tortgan. Videodan ayonki, tadbirkor savdo qilish davomida to‘lov terminali va nazorat kassa apparatidan foydalangani ko‘rinmaydi. Tadbirkorga ma’muriy javobgarlik kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jarima qo‘llaniladi.

IIV: A. Abduvaxidov o‘z qizlari bilan «namoyish» chog‘ida o‘z huquqlari poymol qilinayotganini da’vo qilgan. Ammo na rektorat va na soliq qo‘mitasi tomonidan ularning huquqlari poymol qilinishi holatlari aniqlanmadi. Tadbirkor bunga qadar soliq majburiyati va huquqiy normalarni buzib kelgan. Ammo hozirda u faqat 4 sentyabrdagi holat bo‘yicha javobgarlikka tortilmoqda. Bu ham tadbirkorning huquqlari umuman poymol etilmaganini tasdiqlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring