Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Azaliy savol: «O‘zbekistonda svet qachon o‘chmaydi?»

Azaliy savol: «O‘zbekistonda svet qachon o‘chmaydi?»

Sir emaski, havo harorati tushishi ortidan yurtimizda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Bundan ayniqsa chekka qishloqlardagi aholi ko‘proq jabr ko‘ryapti. Tabiiy gaz va boshqa qulayliklarning yo‘qligi sabab, odamlarning yolg‘iz ilinji elektr bo‘lib qoladi-da...

«Svet qachon o‘chmaydi?» degan savolga Namangan viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Jahongir Rizayev «Agar shu savolning javobini bilganimizda bu yerda o‘tirmagan bo‘lardik...» deya javob qaytardi.

Kuni kecha hududiy Namanganda ETK binosida jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda sohada 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar hisoboti va joriy yil rejalari haqida qisqacha ma’lumot berildi.

OAV xodimlari va ijtimoiy tarmoq vakillari mutasaddilardan o‘tkir savollariga atroflicha izohlar olishdi. Endi tizim mas’ullari o‘z gaplariga javob berishsa bo‘ldi.

Xullas, boshliq J.Rizayevning savollarga tezkor va tahliliy javobi bilan e’tiborimizni tortdi. Uning ayrim fikrlarini quyida qayd etyapmiz:

- O‘zbekistonda elektr energiyasi narxi boshqa mamlakatlarga qaraganda eng arzon, ya’ni 1 kilovat/soati 295 so‘m.

- Biz ham «svet» o‘chishini istamaymiz, chunki aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashdan davlat manfaatdor.

- Elektr toki uzilishi oqibatida ziyon ko‘rgan tadbirkorlik sub’yektiga, agar ayb haqiqatda bizning korxonada ekanligi isbotlansa, moliyaviy zararni to‘laymiz.

- Mazkur savollarga aniq javob berishimiz uchun hali ko‘p ishlashimiz kerak.

- Hozir haftada bir, ya’ni juma kuni yig‘ilish o‘tkazyapmiz, xolos. Avvallari esa har kuni videoselektor yig‘ilishi qilinardi.

Aqlli deyilayotgan «ASKUE» hisoblagichi noto‘g‘ri ishlamayapti. Ishonmasanglar, men bilan birga standartlashtirish boshqarmasiga borsangiz, isbotlayman.

(Tushundikki, bu hisoblagich mobil telefonni quvvatlaganda ham aylanayotgani sababli odamlarda «Yangisi tez aylantirarkan, ko‘p hisoblarkan, haqingizni qarzga chiqarib qo‘yarkan!..» deb o‘ylayotgan bo‘lishlari mumkin - O.J. izohi)

- Faoliyatimizdagi kamchiliklarni internetda ro‘y-rost ochib berayotgan barchaga, ayniqsa, siz, jurnalist va blogerlarga alohida rahmat. Tanqidiy materiallaringizga 24 soat ichida, albatta, munosabat bildiramiz.

Orifjon Jo‘rayev,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring