Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sudyalar oliy kengashida BMT maxsus ma’ruzachisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Sudyalar oliy kengashida BMT maxsus ma’ruzachisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Foto: «Xabar.uz»

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Sudyalar oliy kengashi hamda Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabi rahbarlari tomonidan martabali mehmonga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, inson huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi tizimli amaliy ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, keyingi ikki-uch yil mobaynida davlat rahbari tashabbusi bilan sud tizimini isloh qilishning mutlaqo yangi davri boshlangani alohida ta’kidlandi. Ya’ni, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadigan, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida sudyalar hamjamiyatining davlat vakolatlariga ega bo‘lgan organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Odil sudlov sifatini oshirish maqsadida sudyalik lavozimini egallash uchun eng kichik yosh 30 yoshdan 35 yoshga o‘zgartirildi. Sudyalik lavozimiga birinchi marta besh yillik muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga tayinlanish yoki saylanish amaliyoti joriy etildi.

Bundan tashqari mamlakat Prezidentining 2019-yil 6-yanvardagi qarori bilan Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor tashkil etilgan mazkur davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasida ish yuritish va tanqidiy tahlil qilish, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda asoslangan qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradigan interfaol o‘qitish uslublarini ta’lim jarayoniga tatbiq etildi.

Oliy maktabda «sudyani sudya o‘qitadi» prinsipi asosida olib boriladigan dars jarayonlariga kasbiy mahorati yuksak, ko‘p yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan sudyalar jalb etilgan.

Uchrashuvda Maxsus ma’ruzachi Sudyalar oliy kengashi faoliyati bo‘yicha o‘zini qiziqtirgan bir qancha savollar berdi.

Tadbir yakunida Diyego Garsiya-Sayan qabul uchun minnatdorlik bildirib, Sudyalar oliy maktabining tashkil etilganini yuksak baholadi. Ushbu ta’lim muassasasi professional sudyalarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Arslon Eshmurodov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring