Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

So‘x tumaniga samolyot va vertolyotlarda aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi

So‘x tumaniga samolyot va vertolyotlarda aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi

Bugun, ya’ni 12-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov So‘x tumaniga tashrif buyurdi, deya xabar berdi Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Prezidentning joriy yil 8 avgust kuni «2020-2021-yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qabul qilgan qarorida belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etishdan iborat.

Mazkur qaror asosida qabul qilingan dasturga 146 ta loyiha kiritilgan bo‘lib, 639 milliard so‘m mablag‘ sarf etiladi.

Jumladan, So‘x tumanida samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchasi tashkil etilmoqda.

Farg‘ona viloyati So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida rejalashtirilgan barcha chora-tadbirlar o‘z muddatida sifatli amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov bugun tuman faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Xususan, davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, Farg‘ona viloyati hokimligiga bir oy muddatda So‘x tumanida samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchalarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan. Ayni kunlarda bu borada amaliy ishlar boshlandi. Xususan, So‘x tumani «Novobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida kichik aeroport tashkil etilmoqda. Mazkur maydon salkam 10 gektar maydonni egallaydi. Bu yerdan ilgari mahalliy aholi aeroport sifatida foydalangan. Shuningdek, «Farg‘ona» xalqaro aeroportida ham mazkur yo‘nalishda aniq tadbirlar ishlab chiqildi.

Ta’kidlanishicha, aviaqatnovlarga O‘zbekistondagi «Humo AIR» aviakompaniyasining An-2 samolyoti hamda O‘zbekiston havo yo‘llarining «Uzbekistan Helicopters» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli MI-8 vertolyotlarini jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.

An-2 samolyoti 12 ta yo‘lovchi sig‘imiga, MI-8 vertolyoti esa 16 nafardan 20 nafargacha odam olish imkoniyatiga ega. Yo‘lovchilar 35-40 daqiqada Farg‘onadan So‘xga yoki So‘xdan Farg‘onaga yetib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Parvozlarni hozircha kuniga 2 tadan amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Kelgusida talabga qarab aviaqatnovlar ko‘payishi mumkin.

Transport vazirligi aviaqatnovlarning chipta narxlari yo‘lovchilar uchun maqbul narxlarda bo‘lishi bo‘yicha tegishli tadbirlarni ishlab chiqmoqda. Qarorda Farg‘ona shahridan So‘x tumaniga kichik aviatsiya transporti qatnovi bo‘yicha ko‘rilgan zararlarni qoplash uchun kompensatsiya to‘lovlarini joriy yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan qoplanishini va kelgusi yillarda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlash belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring