Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Siz nega jimsiz?

Siz nega jimsiz?

Foto: «turkystan.kz»

«...Viloyatlardagi sayyor qabullardan vaqt orttirib, bir necha Mehribonlik uylarida bo‘ldik. Sharoitlariga gap bo‘lishi mumkinmas. Biroq u yerdagi aksariyat tarbiyalanuvchilarning ota-onasi bor. Ammo ajrashgan. Tartibga ko‘ra, ota-onasi bor bolalar Mehribonlik uylarida bir yil qolishi mumkin, xolos. Farzandi Mehribonlik uyining «to‘laqonli tarbiyalanuvchisi»ga aylanishi uchun ayrim onalar nima qilishyapti deng? Sud orqali o‘zlarini onalik huquqidan mahrum etishmoqda! Chunki, sobiq erdan najot yo‘q, onaning moddiy ahvoli tang. Birdan bir chora – farzandini «detdom»ga topshirish. O‘zini onalik huquqidan mahrum etib olsa, bolasi Mehribonlik uyida bemalol yuraveradi... Bundaylarni ko‘rib, «dod» devorging keladi, rosti!».

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida berilgan «Oliy sud raisi o‘rinbosari: «Dod devorging keladi ba’zan!..» maqolasidagi bu so‘zlarni o‘qib, avvalo, bir ona sifatida yuragim og‘ridi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan Mehribonlik uyida bemehr ota-onasini sog‘inib kun sanayotgan, «Bu yer yaxshi, ammo o‘z uyimda yashagim keladi, oyimni yaxshi ko‘raman» deya marjon yoshlari shashqator bolalarning videosi ham ko‘z oldimdan o‘tdi. Shu achchiq va alamli ko‘z yoshlarning sababchilari esa jim... Shu jimlik ularda bir chimdim mehr yo‘qligini anglatarmikin?! Ularda onalik hissi, mehri qachon shunchalar qaqshab ulgurdi ekan?!

Shu o‘rinda maqoladagi yana bir fakt: «...Sudlarda bekor qilinayotgan nikohlar soni: o‘tgan yili fuqarolik sudlarida 11153ta nikoh bekor qilingan! Bu – nizo sudgacha yetib, tomonlar berilgan muddat, mahallaning aralashuvi va boshqa choralar kor qilmagandan keyin hosil bo‘lgan raqam. Holat jiddiy va tashvishlimi? Ha. Oddiy arifmetik hisob: nikohi bekor qilingan har bir oilada bittadan farzand bo‘lsa – 11153 nafar, agar ikki nafardan farzand bo‘lsa, 22306 bola tirik yetim bo‘ldi, degani bu!»

Iztirobli bolalik, sog‘inch, achchiq ko‘z yoshlarning hisob-kitobi, sanog‘imi bu?! Ha, shuncha bola oilasi bag‘rida ota-onasining mehriga, e’tiboriga, boshini silab uxlatishiyu erkalab uyg‘otishiga zor degani. O‘y-xayollarni chunon to‘zg‘itib, sovuq sukut saqlashga majburlaydigan vaziyatda ayrim ayollarning «qilmish»lariga alohida urg‘u berilganda jim turish to‘g‘ri emas.

Yosh qirqqa yaqinlashgan ko‘hlikkina bir ayolni taniyman. Ikki farzandi bilan hozir yolg‘iz yashaydi. U bu xulosaga kelishdan avval oilasini saqlab qolish, ikki farzandini tirik yetim qilmaslik uchun zug‘umkor, sayoq erining insofga kelishini yillar kutgan. Ammo barcha urinishlari besamar ketgan. Shu ayol o‘zigagina ayon alamli iztiroblarini qalbining tub-tubiga yashirib, ikki norasidasiga ham ota, ham ona. Salkam o‘n yil ijarama-ijara sarson bo‘ldi.

Yaqinda kreditga uy oldi. Kerakli joyga murojaat qilsa, unga sharoitini inobatga olib, hukumatimiz yordam berishini maslahat berdim. Ammo u unamadi. Qisqagina qilib «shukr qilish kerak», dedi. Shu ayol bolalari uchun eridan biror marta aliment ham talab qilmagan, hozir ham olmaydi. Ammo shu ayolning yordam so‘rab biror tashkilotning eshigini qoqqanini yoki hayotidan noliganini eshitmadim. Ota-onasi, aka-ukasi yaqinlariga suyansa kerak-da deydiganlar ham topiladi oramizda. Birgina hamma qatori davlat ishida ishlaydigan singlisidan boshqa hech kimi yo‘q.

Yosh, chiroyli bo‘lishiga qaramay ko‘p og‘iz solganlarga ro‘yxushlik bermaganini ham bilaman. Farzandini loaqal tug‘ilgan kunida biror marta yo‘qlab kelishga yaramagan bag‘ritosh, bemehr otaning o‘rniga  yumshoq o‘yinchog‘u shirinliklar ko‘tarib ketgan kunlarini guvohi bo‘lganman. Ammo farzandlarida biror marta otasiga nisbatan nafrat, sovuq munosabat uyg‘otishga uringanini sezmadim. Istarasi issiq shu ayolning qalbi tubiga ko‘mgan alamlari faqat ezgulikka, mehrga yashashga bo‘lgan ishtiyoqqa aylansa, neajab. 

Xo‘sh, endi o‘ylab ko‘raylik, o‘z bolasini Mehribonlik uyining «to‘laqonli tarbiyalanuvchisi»ga aylanishi uchun  sud orqali o‘zini onalik huquqidan mahrum etishdek «tashabbus»ni ko‘rsatayotgan ayollarda ham qalb bormi? Onalik mehri-chi? Ular ezgulikni qanday tushunar ekan? Onalarcha fidoyilikni-chi? Ular hayotda arzimagan maishiy muammolarga o‘ralashib, ularni kattalashtirish, murosa yo‘lini teskari solish asnosida go‘yoki o‘zlarini oqlab, insoniylik, onalik burchini unutib qo‘yayotganiligini bilisharmikin? Shu o‘rinda bir haqiqat: o‘z aybini tan olishni xohlamaydigan inson u erkak bo‘lsin, ayol bo‘lsin bir bahona, albatta, topadi. Yuqoridagi raqamlarning har birida «sabab» bor. Bu «tashabbuskor»larning o‘ziga ayon, vijdoniga havola.   

Ikkinchi jahon urushi davrida toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning xotini Bahri aya Akramova 17-bolalar uyidan turli millatlarning qarovsiz va yetim qolgan 16 nafar bolalarini asrab olib, ta’lim-tarbiya berishganini insonparvarlikning yuksak namunasini sifatida e’tirof etib, faxrlanamiz. Bugun bizga nima bo‘lyapti? Sud ota-onasi ajrashib, Mehribonlik uyida tarbiyalanishga mahkum bolalar qismatiga sababchilardan dili og‘rib kuyyapti. Faxr bilan qahr orasi shunchalar yaqin ekan. Endi nima qilish kerak? Yoki tirik yetimlar soni ko‘payaversinmi? Yoshlar ittifoqi, mahalla, maslahatchilar, xotin-qizlar qo‘mitasi ishlayapti, ammo elanib-elanib sudgacha yetib borayotgan ajrimlar, bu ajrimlarning qurboni tirik yetim bolalar. Shunday vaziyatlarda narxi qancha murosaning, ayting, devorging keladi, bexosdan. Xuddi narxi qancha mehrni degandek.

Xullas, bu borada muammolarni tahlil etganimiz sayin ko‘p narsaning qadrini, narxini axtarishimizga to‘g‘ri keladi. Ammo bunda jim turish yaramaydi. Javob, yechim bitta, oilada sog‘lom muhitni asrash, farzandlarimizga to‘g‘ri tarbiya berish kerak degan aqidaga borib taqalaveradi. Uning qanchalik samarali usullarini qo‘llash har bir ota-onaning ijobiy ma’nodagi ijodkorligiga bog‘liq. Toki, maqsadni to‘g‘ri qo‘yib unga eltuvchi yo‘ldan adashmaylik.  

Gulnoza Turg‘unboyeva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring