Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Singapur yo‘llanmasi uchun kurash boshlandi — «Startup Weekend Women Tashkent 2019»

Singapur yo‘llanmasi uchun kurash boshlandi — «Startup Weekend Women Tashkent 2019»

Foto: «Inha.uz»

Kecha, 27-sentyabr kuni Toshkent shahridagi INHA universitetida «Startup Weekend Women Tashkent 2019»ga start berildi.

«Startup Weekend» loyihasi doirasidagi «Startup Weekend Women Tashkent 2019» 27—29-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Turli sohalardan mutaxassislarni birlashtiruvchi ushbu loyihada butun O‘zbekistondan faol va aniq maqsadli qizlar qatnashmoqda.

Kelayotgan dam olish kunlari tadbir ishtirokchilarini haqiqiy ish jarayoni kutib turibdi!

«Startup Weekend»ning asosiy maqsadi — o‘z biznesini ochmoqchi bo‘lgan qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ular loyihalarini boshlashi kerak bo‘lgan target bozori bilan tanishtirishdir.

«Startup Weekend» tadbirida biznesning turli sohalaridagi ko‘plab ekspertlar va investorlar, IT-mutaxassislar, marketologlar, muvaffaqiyatli startapchilar ishtirok etishmoqda va ularning barchasi o‘z tajribalarini o‘rtoqlashishga tayyor.

«Startup Weekend» dam olish kunlari 67 mamlakatning 200 dan ortiq shaharlarida o‘tkaziladi. Uning bitiruvchilarini dunyo bo‘ylab sarmoyadorlar diqqat bilan kuzatmoqdalar. O‘tgan yil davomida «Startup Weekend» orqali amalga oshirilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun uchinchi tomon $ 30 milliondan ko‘proq mablag‘ ajratdi.

2018-2019-yillarda O‘zbekistonda 200 dan ortiq ishtirokchilarni birlashtirgan ikkita «Startup Weekend» loyihasi bo‘lib o‘tgan va unutilmas onlarni taqdim etgandi.

Bu yil ishtirokchilarga muvaffaqiyatli biznesmenlar va turli kompaniyalarning mutaxassislaridan asosiy biznes nazariyalarini o‘rganish, jamoalarni yig‘ish va o‘ziga xos biznes g‘oyalarini yaratish, o‘z biznes rejalarini topish, to‘liq ishlaydigan startapni namoyish etish va sovg‘alarni yutib olish uchun noyob imkoniyat beriladi.

Har bir ishtirokchi 54 soat mobaynida biznes muhitini va loyihani amalga oshirish jarayonini boshdan kechiradi. Birinchi kunda ishtirokchilar o‘zlarining g‘oyalarini taqdim etishlari uchun bir daqiqa ajratiladi, ana shu qisqa vaqt ichida muvaffaqiyatli, ishonchni qozona olganlari keyingi rivojlantirish uchun tanlab olinadi.

Tanlovning ikkinchi kuni yangi tashkil etilgan jamoalar potensial mijozlar va murabbiylar bilan ko‘plab suhbatlar o‘tkazadi, bu esa ularga o‘z biznes loyihalarini ideal darajaga ko‘tarish imkonini beradi. Uchinchi kun — sinov, hakamlarga tayyor startapni taqdim etish va kuchli uchlikka kirishga harakat qilish kunidir.

Eng yaxshi jamoa Singapurdagi «Startup Weekend» xalqaro anjumaniga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.


Tashkilotchilar: Digital Generation, Mirzo Ulug‘bek Innovatsiya markazi, Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalar ittifoqi.

Homiylar: UzCard, C-Space Coworking markazi, Ucell

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring