Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va dabdaba — to‘ylarga qarshi navbatdagi «urush» ochildi

Shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va dabdaba — to‘ylarga qarshi navbatdagi «urush» ochildi

Foto: Newopen

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis palatalari Kengashlari a’zolari, deputatlar, senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Kun tartibi tasdiqlangach, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettirgan to‘y-hashamlarda, oilaviy tantanalarda, ma’raka va marosimlarda, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda. Ularga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida, shuningdek fuqarolar yig‘inlarida oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzildi, ko‘plab tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Biroq o‘rganishlar tahlili, shuningdek aholi bilan bevosita o‘tkazilgan muloqotlar, jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Xususan, ayrim fuqarolar dabdabali to‘y marosimlari va ularni o‘tkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda.

Ba’zi fuqarolar oilaviy tadbirlarni dabdaba bilan o‘tkazishni qo‘shnilar, qarindoshlar tomonidan bo‘ladigan tanqidlardan, umuman olganda, ijtimoiy tazyiqdan xalos bo‘lish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar o‘rtasida qarzdorlikning vujudga kelishiga va oqibatda keskin ziddiyatlarga olib kelmoqda.

Majlis ishtirokchilari bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida qat’iy choralar ko‘rish lozimligini ta’kidlab o‘tishdi. Oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida oilaviy tadbirlarni qat’iy tartibga solishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, uning talablariga rioya qilish yuzasidan nazorat olib borish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari zimmasiga yuklatildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring