Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shifokorlarga tajovuz: holat, sabab, oqibat... Shamsutdinov nima deydi?

Shifokorlarga tajovuz: holat, sabab, oqibat... Shamsutdinov nima deydi?

Foto:«Xabar.uz»

Shifokorlarga nisbatan tajovuzlar favqulodda yangilik bo‘lmay qoldi, rosti. Bunday yoqimsiz va og‘riqli manzaralar ozmuncha kuzatilmoqdami?! Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, keyingi ikki yilda birgina «Tez yordam» shifokorlariga nisbatan 266 marta zo‘ravonlik holati qayd etilib, bundan 340 nafar tibbiyot xodimi jabr ko‘rgan. Shunga qaramay bor-yo‘g‘i 40 ta holatda aybdorlarga jazo chorasi qo‘llangan, xolos. 109 holatda masala yarashuv bilan tugatilgan bo‘lsa, 128 holatda aybdorlar jazosi qolib ketgan?!

Raqamlar xavotirli.

«Xabar.uz» muxbiri Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari, adliya maslahatchisi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘lanib, tarqatilgan ma’lumotlarga izoh so‘rashi barobarida bu borada tizimda amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdi.

- Nafaqat muayyan kasb egalari, balki har qanday fuqaroga nisbatan tajovuz yoki zo‘ravonlikni qonun oqlamaydi. Shifokorlarga nisabatan-ku, inchunin, - deya gap boshladi Hayot Ne’matovich. - Vazirlik tarqatgan ma’lumotlarga kelsak, ochig‘i, bu bizni hayron qoldirdi: «128 holatda aybdorlar jazosi qolib ketgani» - bu ancha bahsli raqam. Ayni masalada vazirlik mutasaddisi bilan shaxsan bog‘landim. U aytdiki, ichki ishlar xodimlarining «erta keling, indin keling»laridan keyin shifokorlar qo‘l siltab ketishgan, deb... «Qo‘l siltab ketish»dan ko‘ra tegishli tartibda shikoyat qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi aslida! Shundagina vaziyatga uzil-kesil oydinlik kiritilishi mumkin. Albatta, ayni ma’lumot tekshirilmoqda. Biroq alohida qayd etish kerak, «qo‘l siltashlar» «yopiq qozon» shundayligicha qolib ketishiga sabab bo‘lsa, ikkinchidan, bu huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lishi ehtimolini yuzaga keltiradi. Ko‘ryapsizki, bundan hech kimga foyda yo‘q. Har bir murojaat, ayniqsa, shifokorlarning shikoyati prokuratura organlari tomonidan jiddiy ko‘rib chiqilishiga ta’kid ortiqcha bo‘lsa kerak.

Endi «109 holatda masala yarashuv bilan tugatilgani» haqida ikki og‘iz. Jinoyat qonunchiligida yarashuv instituti joriy qilinganidan ko‘pchilikning xabari bor. Ma’lum toifa jinoyatlarda agar jabrlanuvchi bilan aybdor o‘zaro yarashib olganini bildirib, bu haqda tegishli tartibda murojaat qilsa, ish tugatiladi. Bunda jabrlanuvchining xohishi ustuvor ahamiyat kasb etadi: xohlasa - da’vo qilsin: masala qonun doirasida nihoyasiga yetkaziladi, xohlasa - kechirsin, bu - uning huquqi. Illo, yarashuv bilan tugatilgan ishlarni o‘zgacha talqin qilish kerak emas.

2019 yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 17 ta holatda shifokorlarga tavojuz qilish bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan. Shu yilning 21-avgust kuni Andijonda sodir bo‘lgan voqea ko‘plarning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Fuqaro F. Azimov Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiy markazning jarohat oqibatlari va ortopediya bo‘limi mudiri B.Shavkatovning xonasiga kirib, onasini noto‘g‘ri davolaganlikda ayblab, shifokorni bo‘g‘ib, qo‘llarini bog‘lab, o‘zi bilan olib kelgan 1,5 litr benzinni xonasiga sepib, yoqib yubormoqchi bo‘lgan... Mazkur holat yuzasidan 22-avgust kuni Andijon shahar IIOFMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining (JK) 112-moddasi 1-qismi, 25,173-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari yakunlanib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.

Yaqindagina (31-oktyabr) Navoyi viloyatida sodir bo‘lgan holatni ayting. Ikki kimsa - E.Po‘latov va K.Hikmatov - mast holatda Uchquduq tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli «Tez yordam»ni yolg‘ondan chaqirib, shifokorga nisbatan kurakda turmaydigan hurmacha qiliqlar qilishgan?! Ikkisiyam 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tortildi.

Shifokorlarga nisbatan nafaqat tan jarohati yetkazish, balki hayotiga tajovuz qilish, hatto tovlamachilik qilingan holati ham mavjud.

Masalan, fuqaro J. Quvondiqov 2019-yil 29-iyun kuni soat 10-30 larda Jizzax viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi jarrohlik bo‘limiga kelib, «exinokok» tashxisi bilan qilingan operatsiyada vafot etgani ukasi uchun go‘yoki «xun talab qilib», bo‘lim mudiri T. Hazratqulovga pichoq bilan tashlanadi. Shifokorning ko‘krak va qorin qismiga bir necha marta pichoq urib, tan jarohati yetkazgan vaqtida, yaxshiki, boshqa shifkorlar ajratib qoladi. Jinoiy maqsadini oxiriga yetkaza olmagan J. Quvondiqov voqea joyidan qochib ketadi. Ayni holat bo‘yicha JKning 25-97-modda 1-qismi (odam o‘ldirishga sui’qasd qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Farg‘onada shu yilning o‘zidan uch marta shifokorlarga nisbatan turli jinoyat sodir etilgan. Mana, bittasi: bir necha nafar fuqarolar oldindan til biriktirib, viloyat ona-bola skrining markazida ishlovchi shifokorni o‘zlaricha «burchakka taqashadi». Ya’ni, shifokorga noqonuniy abort bilan shug‘ulanishi, butun mol-mulkini qonunga xilof ravishda topganligi haqida o‘zlaridan ma’lumot borligini aytib, ularni oshkor qilmaslik evaziga «Lasetti» rusumli avtomashina talab qilishadi. Uch nafar tovlamachining ikkitasi aka-uka bo‘lsa, yana biri ayol ekan. Ular jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Yuqoridagi misollar ko‘rsatyaptiki, prokuratura organlari shifokorlarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlikka nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishini ta’minlamoqda. Shuningdek, voqeliklar xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz va tahdidlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish ehtiyojini keltirib chiqarayotgani bor gap. Bu boradagi qonun loyihasi parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi. Oxirgi so‘zni parlament deputatlari aytishadi, albatta. Biroq qattiq chora ko‘rish bilangina vaziyatga yechib topib bo‘lmasligi tajribalardan ayon.

Asosiy e’tibor tibbiy madaniyatni shakllashtirishga qaratish kerak. Eng samarali vosita shu.

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring