Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev jahon standartlariga mos mehmonxonalar va malakali gidlar yetishmasligini tanqid qildi

Shavkat Mirziyoyev jahon standartlariga mos mehmonxonalar va malakali gidlar yetishmasligini tanqid qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni turizmni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati xabar berdi. 

O‘tgan yili yurtimizga 6,7 million nafar sayyoh kelgan. Diyorimiz 10 dan ortiq nufuzli xalqaro nashrlarda eng jozibali turistik maskan sifatida e’tirof etildi.

Joriy yilda xorijdan keladigan sayyohlar sonini 7,5 millionga, 2022 yilda 10 millionga va 2025 yilda 12 millionga yetkazish rejalashtirilgan. Bu orqali turizm xizmatlari eksporti joriy yilda 1,5 milliard dollar, keyingi 5 yilda 3 milliard dollargacha oshiriladi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, jahon standartlariga mos mehmonxonalar, malakali gidlar yetishmaydi.

Shu bois mehmonxonalarni joriy yilda 1 ming 700 taga, kelgusi 5 yilda 3 mingtagacha ko‘paytirish kerak. Oilaviy mehmon uylarini ham 2 mingtaga yetkazish zarur.

Bular orqali turizm sohasida yiliga kamida 30 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda ushbu natijalarga erishish uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Sayyohlikning an’anaviy turlari qamrovini kengaytirish bilan birga yangi ko‘rinishlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Kardiologiya, urologiya, stomatologiya, oftalmologiya kabi yurtimiz yuqori salohiyatga ega bo‘lgan tibbiyot yo‘nalishlarida turizmni rivojlantirish, sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlariga strategik investorlarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. MDH davlatlari kasaba uyushmalari bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yib, sayyohlar sonini keskin oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Madaniyat vazirligiga turizm marshrutiga kiritilgan ob’yektlar sonini joriy yilda 800 taga, 2025 yilda esa 2,5 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Qishki turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya loyihalarini ishlab chiqib, amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Samolyot va poyezdlarimizda xizmat ko‘rsatish sifati pastligi, chiptalar narxi esa qimmatligi yo‘lovchilarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Oqibatda ko‘pchilik xorijiy tashuvchilar xizmatini tanlamoqda. Temir yo‘l va avia yo‘nalishlarimiz keng qamrovli va raqobatbardosh emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga O‘zbekistonning 4 aeroportida joriy etilgan «ochiq osmon» rejimidan to‘liq foydalanish, yangi avia yo‘nalishlar ochish, tezyurar poyezdlar sonini ko‘paytirish, chiptalar narxini arzonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yo‘lbo‘yi turizm infratuzilmasini rivojlantirish, «turizm qishlog‘i», «turizm ovuli» va «turizm mahallasi» loyihalarini amalga oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

O‘tgan yili xorijiy kinokompaniyalar tomonidan mamlakatimizda 1,6 million dollarlik 6 ta badiiy film suratga olindi. Shunda xarajatlarning bir qismini O‘zbekiston tomonidan qoplash tizimi yo‘lga qo‘yilsa, bu madaniyat turizmi rivojiga katta turtki berishi bilan birga o‘lkamizning xalqaro maydonda targ‘ibotiga ham hissa qo‘shadi.

«O‘zbekkino» milliy agentligiga xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizda suratga olish mexanizmlarini joriy etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Turizm sohasida kadrlar masalasiga e’tibor qaratilar ekan, 20 ta oliy ta’lim muassasasida hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga biriktirilgan 3 ta texnikum va 9 ta kollejda ishchi kasblar tayyorlash tizimini joriy etish bo‘yicha hali ko‘p muammolar o‘z yechimini topmagani ko‘rsatib o‘tildi. O‘quv jarayonida ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring