Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Milliy gvardiyaga o‘tgan qo‘riqlash xizmati xodimlari oylik kamligidan arz qildi

Milliy gvardiyaga o‘tgan qo‘riqlash xizmati xodimlari oylik kamligidan arz qildi

Vazirlar Mahkamasining 3-iyuldagi qarori bilan Ichki ishlar vazirligining Qo‘riqlash bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari Milliy gvardiyaga o‘tkazilgandi.

Ichki ishlardan Milliy gvardiyaga o‘tgan bu xizmat xodimlari e’tibordan chetda qolgan shekilli. Kanalimizga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi (16-gorbolnitsa) qo‘riqchilari oyliklari juda kamligidan arz qilgan, deb xabar bermoqda Telegramdagi Zed News kanali.

"Milliy gvardiyaga o‘tgach, oshadi deyishgandi. Yo‘q, o‘sha oylik, 600-700 ming so‘m olamiz. Axir bu pulga yashab bo‘ladimi? Bizning tizimda bunaqa past maosh berishi kerakmas-ku. Kechalari uxlamay chiqqanimiz hurmatimi shu?", degan ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan xodim.

Uning yozishicha, bu masala bo‘yicha shifoxona rahbariyatiga ham chiqishgan. U yerdan "bo‘lishi mumkin emas, sizlarga har oy 32 mln. so‘m ajratiladi", degan javob olishgan. Murojaatchiga ko‘ra, qo‘riqlash xizmatida jami 18 xodim ishlaydi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ya’ni Milliy gvardiyaning qo‘riqlash xizmati haqidagi nizomda shu masala ham hisobga olingan:

"Qo‘riqlash xizmati xodimlarining pul ta’minoti Milliy gvardiya xodimlariga o‘rnatilgan tartib bo‘yicha amalga oshiriladi.

Qo‘riqlash xizmati xodimlariga va ularning oila a’zolariga Milliy gvardiyaning tibbiy muassasalari, shuningdek, qo‘riqlanayotgan ob’yektlarning poliklinikalari, kasalxonalari, sanatoriylari, dam olish uylari, bolalar bog‘chalari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi".

"Umid qilamizki, nufuzi va ko‘lami bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda turuvchi mazkur shifoxona qo‘riqlash xizmati xodimlarining oylik maoshlari Milliy gvardiya tomonidan qayta hisoblab chiqiladi", deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring