Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandlik 61 yoshli fuqaro benzin tashuvchi mashinani to‘xtatib, katta fojianing oldini oldi

Samarqandlik 61 yoshli fuqaro benzin tashuvchi mashinani to‘xtatib, katta fojianing oldini oldi

Foto: Facebook

Samarqandda 61 yoshli Nurali Musinov egasiz qolgan ZIL rusumidagi benzin tashuvchi yuk mashinasini to‘xtatib qoldi va ulkan fojianing oldini oldi. Bu haqda uning qarindoshi Shavkat Musinov «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirgan.

«Bu holat So‘g‘diyona massivida ro‘y berdi. Amakimning ismi-sharifi Nurali Qurbonovich Musinov. U odatiy kunlarning birida Ali Qushchi ko‘chasidagi temir yo‘l o‘tish qismi ortida joylashgan uylar oralig‘idan o‘z mashinasida chiqadi. Shu vaqt u to‘satdan benzin tashiydigan «Zil-131» rusumidagi yuk mashinasi tibbiyot kolleji tomon g‘alati harakatlanib ketayotganini ko‘radi. Mashinani hech kim boshqarib ketmayotganini ko‘rgan amakim o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi va o‘z avtomobilini tashlab, yugurib chiqadi», — deya yozadi Shavkat Musinov.

Nurali Musinov bor kuchini ishga solib, benzin tashuvchi mashinani quvib yetadi va ko‘plab jarohatlar olganiga qaramay, yurib ketayotgan mashinaga chiqib olishning uddasidan chiqadi. Nurali aka kabinaga amallab o‘tib olgach, yuk mashinasini to‘xtatadi.

Ma’lum bo‘lishicha, benzin tashuvchi yuk mashinasi haydovchisi ikki daqiqaga pastga tushgan, ammo qaytganidan so‘ng egasiz qolgan avtomobili yo‘l bo‘ylab harakatlanayotganini ko‘radi. Haydovchi mashinani ortidan yuguradi, ammo quvib yetishning uddasidan chiqa olmaydi. U juda qo‘rqib ketgan edi, chunki sisternada benzin to‘la bo‘lgan, yo‘l bo‘yida esa bir necha mashinalar to‘xtab turgandi. Tug‘ruqxona ko‘chasida odamlar bo‘lgan. Agarda 61 yoshli Nurali Musinovning jasorati bo‘lmaganda bo‘lajak fojianing ko‘lamini tasavvur etishga ham qo‘rqadi odam.

«Bunday qahramonlikni odatda faqat Gollivud filmlarida ko‘rish mumkin, og‘ir harakatlarni esa kaskadyorlar bajaradi. Bu yerda esa oddiy, hamma qatori bir odam og‘ir vaziyatga tushib qolganda o‘zini o‘ylamay, jasorat va fidokorlik namoyish etdi. U barchasi o‘ziga bog‘liq ekanini tushunib turgan edi.

Afsuski shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlab o‘tish lozim, fojia ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘sha holat kuppa-kunduz kuni ro‘y berdi. Atrofda esa tomoshatalab odamlar xotirjamlik bilan hammasini kuzatib turishgan edi», — deya holatga baho beradi Shavkat Musinov.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring