Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Respublika kardiologiya markaziga yangi direktor tayinlandi

Respublika kardiologiya markaziga yangi direktor tayinlandi

Foto: SSV matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, vazirlik huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining direktori lavozimiga Fozilov Xurshid G‘ayratovich tayinlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

U 1976-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining A.N. Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohlik markazi klinik ordinatura hamda aspiranturasida o‘qigan. Yurtimizga qaytgach, ixtisosligi bo‘yicha faoliyat yuritgan. Tayinlovdan avval esa 2017-yildan buyon Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali direktori lavozimini egallab kelgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi  Senati a’zosi.

Xurshid Fozilovga aholiga sifatli va xalqaro talablar asosida ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish, kardiologik kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, ularga tashxis qo‘yish va oldini olishda samarali yondashuvlardan unumli foydalanish kabi vazifalar yuklandi. Shuningdek, kardiologiya sohasida yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va aniq innovatsion modellarni tatbiq etish, yosh malakali kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratish singari vazifalarga ham mas’ul etib belgilandi.

Bundan tashqari, ushbu tibbiyot muassasasida direktor lavozimida ishlab kelayotgan O‘zbekiston Qahramoni, akademik Kurbanov Ravshanbek Davletovich markaz direktorining maslahatchisi lavozimiga o‘tkazildi. U O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, fan sohasidagi 1-darajali Davlat mukofoti, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibi.

Shuningdek, R. Kurbanov antiaritmik ta’sirga ega dori vositasini ishlab chiqishda faol ishtirok etgan, bugungi kunda ushbu preparat MDH hududida keng foydalanilmoqda va boshqa mamlakatlar ham unga qiziqish bildirmoqda. Bundan tashqari, uning faoliyati davomida O‘zbekiston kardiologlar assotsiatsiyasi Yevropa kardiologlar uyushmasiga a’zo bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda yurak-qon tomir kasalliklari yosharib bormoqda. Ilgari bu kasalliklar asosan qariyalarda uchragan bo‘lsa, hozirda 20 yoshli insonlarda ham miokard infarkti, arterial gipertoniya, yurak ritmining o‘tkir buzilishi kabi kasalliklar uchramoqda. Bu esa markaz zimmasidagi mas’uliyatni kuchaytirmoqda. Uning asosiy maqsadi xalqaro standartlar darajasida mamlakatimizning barcha hududlaridagi  aholiga malakali kardiologik yordam ko‘rsatish, bemorlarni davolash va diagnostika qilishning zamonaviy usullarini sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq etishdan iborat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring