Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qo‘qonlik boyvachchaga tegishli korxonalarda tabiiy gaz o‘g‘irlanayotgani aniqlandi

Qo‘qonlik boyvachchaga tegishli korxonalarda tabiiy gaz o‘g‘irlanayotgani aniqlandi

Qo‘qonning boylaridan biriga tegishli ekani aytilayotgan korxonalarda tabiiy gaz o‘marilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati byuroning Farg‘ona viloyati boshqarmasi ma’lumotiga tayanib, «Xabar.uz»ga ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Qo‘qon shahriga tutash Dang‘ara tumani markazi hisoblanmish Toshkent ko‘chasida joylashgan to‘yxona, mehmonxona, oshxona, sauna, bouling klubi va nonvoyxonalar bir shaxsga tegishli ekani aytiladi. O‘sha qator-qator ko‘chmas mulklarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda gaz hisoblagichdan tashqari vizual aniqlab bo‘lmaydigan yashirin holatdagi baypas liniyasi orqali gaz so‘rg‘ich bilan tarmoqqa noqonuniy ulanib, tabiiy resursdan bemalol va noqonuniy foydalanib kelinayotgani fosh qilingan. Farg‘ona viloyati gaz ta’minoti korxonasi mutaxassislari hisob-kitobicha, 309 mln. 93,8 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.

Biroq xabarda «zangori olov» qancha vaqtdan beri o‘marib kelingani haqida ma’lumot yo‘q. Shuningdek, «tadbirkor»ning shaxsi ham ochiqlanmagan. Uning kimligi ayni holatda ahamiyatsiz, albatta. Chunki, ko‘p holatlarda, xususan, Qo‘qonda ko‘p ko‘chmas mulklarning qog‘ozdagi egasi boshqa, amaldagi sohibi umuman boshqa shaxs bo‘lib chiqadi. «Qo‘qoncha biznes» iborasi paydo bo‘lishi sababiyam shunda.

Ma’lumotning bir qadar mavhum tarzda taqdim etilishi boylarning qo‘li bir qadar uzun kelishini yodda soladi, bu esa aniqlangan zarar miqdoriga nisbatan shubha tug‘dirmay qolmaydi. Biroq aniq dalil yo‘q ekan, «Qo‘y semirsa orqasi qisiladi» maqolini birrov eslagan holda «MIBchilargachyam qiyin» demoqdan o‘zga chora yo‘qday.

Darvoqe, yetkazilgan zarar «bir deganda» qoplangani bois jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilinibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring