Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qarzni ikki hissa undirish bankda qachon joriy etilgan?

Qarzni ikki hissa undirish bankda qachon joriy etilgan?

Foto:«Xabar.uz»

Bankdan norozi bo‘lgan mijozlarning aksariyati kredit ololmayotganidan noliydi. Baliqchi tumanidagi «Qumtepa» fermer xo‘jaligi rahbari A’zamxo‘ja Hakimov e’tiroz bildirayotgan holat esa mutlaqo yangicha amaliyotki, kredit to‘lovlarini so‘ndirgan mijozni garovdagi mulkdan ham mosuvo etish chindan-da bank tarixida kam uchraydigan voqelik.

2011-yili «Sarbon hamkor rivoji» mas’uliyati cheklangan jamiyati «Xalq banki»ning Baliqchi filialidan tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 270 million so‘m kredit oladi. O‘sha kezlarda otning kallasidek bu mablag‘ uchun MChJ rahbari Muhammadjon Siddiqov o‘zining qolipli non va konditer mahsulotlari ishlab chiqarish majmuasi, avtotransport vositalari hamda «Qumtepa» fermer xo‘jaligiga qarashli dala shiyponini garovga qo‘ydi. Dala shiyponi tadbirkorning qudasi A’zamxo‘ja Hakimovga tegishli edi. Bu yog‘i endi tushunarli: qudachilik – ming yilchilik, degan gap bor axir...

Xullas, salkam to‘rt yil davomida qarzning deyarli to‘rtdan uch qismi qaytarilgani bois garovdagi mulklar – yengil avtoulovlar birma-bir taqiqdan chiqarildi. 2014-yilga kelib esa tadbirkorning ishlari chappa ketdi – kreditning 87 million so‘m qoldig‘ini qaytarishga hech imkon bo‘lmadi. Hisob-kitob joy-joyiga qo‘yilmaganidan keyingi chora aniq: da’vogar qarzdorni sudga beradi, uning ijrosi o‘laroq, garovga qo‘yilgan  dala shiyponi auksionga qo‘yildi.

Savdoga chiqarilgan ko‘chmas mulk darrov sotilib ketgandir, demoqchisiz-da?! Yo‘q, auksion takroran o‘tkazilganiga qaramay, xaridor chiqmadi. Shundan so‘ng sud ijrochisi I. Aliboyev 2015-yilning 11-mart kuni bank boshqaruvchisiga taklif xati kiritdiki: «garovdagi mulkni sotishning imkoni bo‘lmadi, shu sabab shiypon qonunda belgilangan tartibda ixtiyoringizga taklif etiladi». Taklif xatidan tuman kadastr bo‘limiga ham bir nusxa taqdim etildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday vaziyatda 30 kun ichida ko‘chmas mulkning bank nomiga egaligi tiklanishi kerak. Xo‘p, bank shu muddat oralig‘ida bunday imkoniyatdan foydalandimi? Kadastr idorasi esa zimmasidagi mas’uliyatni ado etdimi? Yo‘q-da!

Qisqasi, dala shiyponini bank tasarrufiga rasmiylashtirish «tuya go‘shti yeb» ketdi.

Oradan uch yil (!) o‘tib, «Sarbon hamkor rivoji» MChJ rahbari Muhammadjon Siddiqov bilan mahalladoshi, tadbirkor Oxunjon Hosilov o‘rtasidagi muloqotlarning birida mazkur sub’yektga qarashli non ishlab chiqarish majmuasi xususida gap ochiladi. O. Hosilov binoni sotib olish niyati borligini ma’lum qiladi: «Sotadigan bo‘lsangiz, shartingizni ayting, qishloqdosh!»

Muhammadjon Siddiqov bir zamonlar bankdan olgan qarzi muallaq turganligini, shu sabab qudasiga tegishli dala shiyponining taqdiri ham garovga olinganidan buyon arosatda ekanligini ma’lum qiladi. Pirovardida «Sexga xaridor bo‘lsangiz, eng avvalo, bankdagi to‘lovlarni yopishimga yordam bering, shiyponni taqiqdan chiqaray, qudamning oldida juda xijolatdaman», deya dangaliga ko‘chadi. Taklif O. Hosilovga ma’qul tushadi hamda 2018-yil 19-fevral kuni  64 million 530 ming so‘m mablag‘ «Sarbon hamkor rivoji» xususiy korxonasining kredit qarzlarini so‘ndirish uchun yo‘naltiriladi.

Xullas, O. Hosilovning bu yaxshiligi evaziga, har holda, M. Siddiqov zimmasiga majburiyat yuklatilganligi aniq – vaqtlar o‘tib qarzini qaytaradimi, yoki mahalladoshining nomiga non ishlab chiqarish sexini rasmiylashtirib beradimi – bu ikki o‘rtadagi, o‘zlarigagina ma’lum bo‘lgan norasmiy bitim, og‘zaki kelishuv. Har holda, O. Hosilov bitta yangi avtoulov pulini hamqishlog‘ining kredit to‘lovi uchun biror manfaatsiz qo‘shqo‘llab tutqazib qo‘ymaganligi aniq. Hozir gap bu haqda emas...

Shunday qilib, bankdan olingan qarz to‘liq qoplanadi. Endi shiypon o‘z-o‘zidan chin egasiga qaytarilishi kerak! To‘g‘rimi? Shak-shubhasiz!

Amalda esa... shiypon egalarining yetti uxlab tushiga kirmagan «o‘yin»lar boshlanib ketdiki, bank va kadastr idorasi mutasaddilari jur’atiga balli deysiz! Ya’ni shiypon 2018-yil 31-may kuni (qarzdorlik bartaraf etilganidan 101 kun o‘tib!) Baliqchi tumani yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasida ro‘yxatga olinib, mol-mulklar bank nomiga rasmiylashtirib beriladi. Shu tariqa «Xalq banki» filialining shiyponga nisbatan mulk huquqi vujudga keladi!

Mulkning asl sohibi esa hayron bo‘lib, bankirga va kadastr idorasi rahbariga savol qo‘yadi deng:

- Bunga asos bormi?

- Asosmi? Juda bor-da! Axir sud ijrochisi uch yil burun taklif xati berganidan xabaringiz yo‘qmi?

- Yaxshiroq qarang-chi, anoyiga o‘xshaymizmi? Axir sud ijrochisining sotilmagan mol-mulkni undiruvchiga topshirish haqidagi qarori va dalolatnomasida rasmiylashtirish muddati bir oy deb ko‘rsatilgan, shekilli. Qonun talabi ham shunday. Buning ustiga, uch yarim oy avval qarzimiz qoplandi-ku...

- Xohlasangiz shu, norozi bo‘lsangiz sudga bering!

E’tibor bering, zikr etilayotgan dala shiyponi bank changaliga o‘tib ketgungacha, ya’ni 2018-yil 31-may sanasiga qadar garovga qo‘yuvchi sub’yekt – «Qumtepa» fermer xo‘jaligi balansida bo‘lgan. Bank tomonidan shiyponni bandi qilib turishga asos bo‘lgan qarzdorlik esa 2018-yil 19-fevral kuniyoq tiyin-tiyinigacha to‘langan. Bunday vaziyatda garovdagi mulk darhol egasi qaytarilishi va garov shartnomasi bekor bo‘lishi shart. Ammo bankning bu qoidani bila turib, qarzi to‘la undirilgan mijozidan uning mulkini ham tortib olishini nima deb tushunish kerak? Bunday «operatsiya»ga tuman kadastr idorasi rahbari D. Nuriddinovning bosh qo‘shganligini-chi? Mavzuga chuqurroq kirib borilsa, sirli-sirli alomatlarining uchi ko‘rinadiki, buni ilg‘ab, fosh etadigan vallomat qani?!

Shiypon egasi – «Qumtepa» fermer xo‘jaligi rahbari A’zamxo‘ja Hakimov qarasaki, masalaga qonuniy nuqta  emas, noqonuniy  no‘xta qo‘yilibdi! Kutilmagan muammolarga duch kelingani uchun o‘rtada qudasi ham ming bir xijolatda. Fermer andishani bir chetga surib, sud eshigini qoqdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudi raisi A. Mamatovga rahmat: nizoli mol-mulkni da’vogar «Qumtepa» fermer xo‘jaligining egaligiga va tasarrufiga qaytarish haqida hal qiluv qarori (2018-yil 6- dekabr) qabul qildi.

Biroq da’vogarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Bank filiali sud qaroriga nisbatan kassatsiya shikoyati keltirdiki, FIB Andijon viloyati sudi (raislik etuvchi G. Asranova, sudyalar Ch. Ismoilova, I. Azizov) ishni ko‘rib chiqib, yuqorida zikr etilgan hal qiluv qarorini bekor qildi.

Nega?

 Ma’lum bo‘lishicha, «Jahon rieltor» MChJ tomonidan 2018-yil 22-iyun kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan tashkil etilgan savdoda Oxunjon Hosilov dala shiyponini 49 million so‘mga sotib olibdi?! «Qumtepa» fermer xo‘jaligi sudda da’vo qo‘zg‘agan vaqtda mulk garovga oluvchining (bank) ixtiyorida emas, O. Hosilovning tasarrufida ekan?!

Tushungandirsiz?

Xullas, kassatsiya instansiyasida shiypon O. Hosilovga sotilayotgan vaqtda mulk bankka tegishli ekanligi asos qilib olingan bo‘lsa-da, bankning mulk huquqi qonuniy asosda vujudga kelganmi yoki yo‘q, degan savol ochiq qolib ketgan... Da’vogar takror-takror yozg‘irganidek, olingan qarz 2018-yil 19-fevralda batamom qaytarilgan bo‘lsa-da, bank 2018 yilning 31 may sanasiga kelib, salkam uch yarim oy avval garovdan chiqib ketgan mulkka nisbatan huquqini vakolatli organlarda ro‘yxatdan o‘tkazib olishi qaysi qolipga to‘g‘ri keladi? Mana shu oddiy mantiqni anglash uchun kishidan huquqshunoslik diplomi talab qilinmaydi, axir?!

Ayni satrlarda yuqori instansiya sudlari deb bejiz ta’kidlanmayapti. «Qumtepa» fermer xo‘jaligi rahbari A’zamxo‘ja Hakimov masalani nazorat tartibida ko‘rib chiqishni so‘rab Oliy sudga murojaat etdi. Eng yuqori suddan esa kulchadek ajrim keldi: sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rishga asos yo‘q. 

Da’vogar  hayron: «shikoyatimga ilova qilingan bir dasta hujjat asos bo‘lmay nima?»

Boz ustiga, arzgo‘y bank hamda O. Hosilov o‘rtasidagi oldi-sotdi bitimi qalbaki ekanligini ishonch bilan ta’kidlamoqda. Uning qayd etishicha, oldi-sotdi bitimi chog‘ida bankka aynan 49 million so‘m to‘langanligini tasdiqlovchi kvitansiyaning o‘zi yo‘q. Yuqorida takror-takror aytilganidek, O. Hosilov tomonidan 2018-yil 19- fevral kuni bankka to‘lov qilinganligini tasdiqlovchi hujjatda esa «Sarbon hamkor rivoji» xususiy korxonasining kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun» degan jumlalar o‘qlovdek harflar bilan bitib qo‘yilibdi. Da’vo isbotiga  «manaman» deb turgan  shu dalil nahot e’tiborga molik bo‘lmasa?!

Fuqarolik kodeksining 283-moddasida garov bilan munosabatlar aniq-tiniq yozib qo‘yilibdi. Sodda tilda aytsak, garov bilan ta’minlangan majburiyat ado etilgach, o‘z-o‘zidan garov bekor bo‘ladi. Bunday vaziyatda garovga oluvchi tegishli mol-mulkni darhol garovga qo‘yuvchiga qaytarib berishi shart. Aslida, mazkur qonun talabi  da’vogarning sudma-sud sarson-sargardon yurishiga sabab bo‘layotgan muammoni chok-chokidan so‘kib yuborishga asos bo‘lmaydimi? Yoki Andijon sudida qonun talablari ko‘ngil mayliga qarab, istalgan yo‘sinda talqin qilinadimi? Hozirgi vaziyatda oxirgi savol haqiqatga yaqinroqdek tuyulmoqda.

Nurillo No‘’monov

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring