Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshidagi muruvvat uyiga Qorbobodan avval Bosh prokuror keldi

Qarshidagi muruvvat uyiga Qorbobodan avval Bosh prokuror keldi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Samarqand, so‘ng Jizzax safarlaridan sanoqli kunlar o‘tgach, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Qashqadaryoga yo‘l oldi. Bosh qonun posboni Qarshining o‘zida nari-beri «ishlarni bitirib», darhol ortga qaytgani yo‘q. Avvaliga 39 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilinib, ularni obdon tingladi. Murojaatlarning 9 tasi sud masalalari, 4 tasi prokuratura va 5 tasi ichki ishlar organlari faoliyatlariga hamda 21 tasi boshqa masalalarga oid ediki, ularning har birini eshitib, o‘sha joyning o‘zida tegishli topshiriqlar berilguncha vaqt peshindan o‘tdi. Qishning kuni bir tutam, ko‘z ochib, yumguncha qosh qorayadi. Shunday ekan, rejadagi boshqa ishlarga ham ulgurish kerak.

Bosh prokuror sayyor qabulni yakunlashi hamono Qarshi shahridagi «Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun Muruvat internat uyi»ga shoshildi. Yangi yil bayrami munosabati bilan tadbir o‘tkazayotgan tashkilotlar ko‘p. Ularga boradigan mehmonlar ham yetarli. Biroq ko‘ngli ham, joni ham yarim bolajonlar bilan eski yilni kuzatishga hamma amaldor ham oshiqavermaydi. Shundanmi, kim-kim Bosh prokurorning muruvvat maskaniga mo‘l-ko‘l sovg‘alar bilan tashrifi ko‘plar uchun kutilmagan hol bo‘lsa, ajabmas.

Bolajonlarga sovg‘a-salomlarni topshirib, ular bilan suhbatlashishdan tashqari muruvvat uyidagi shart-sharoitlar bilan tanishilgach, Qarshi tumaniga o‘tildi. Tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli, aholining turmush tarzi bilan tanishildi. Yuksak lavozimdagi shaxsning qishloqdagi o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda piyoda yurishini, «Mirmiron» mahalla fuqarolari yig‘ini aholisi bilan ko‘chaning shundoq o‘zida gurunglashishi, shuningdek, ushbu mahallada istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oila xonadoniga tashrif buyurib, ularning turmush tarzi va oilaviy ahvolidan xabar olgani hali-beri odamlar og‘zidan tushmasa kerak.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Katta lavozimdagi shaxslarning joylarga tashrifi bilan bog‘liq shov-shuvlar yillar davomida oddiy aholi va amaldorlar o‘rtasida qanchalar katta bo‘shliq paydo bo‘lganini ko‘rsatadi. Vaholanki, amaldor deganlari osmondan tushgan shaxs emas, ularning xalqqa xolis xizmat qilishdan boshqa ishi yo‘q, aslida. «Xalq bilan muloqot» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ana o‘sha bo‘shliq o‘rnini to‘ldirayotgani bilan ham ahamiyatli.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Darvoqe, Bosh prokurorning «Mirmiron»da o‘tkazgan vaqti havoga sovurilgani yo‘q: o‘zi tashrif buyurgan xonadondagi 3 sotix foydalanilmayotgan yer maydoniga issiqxona qursa bo‘larkan. Shu haqda topshiriq berilgani hamono o‘sha kunning o‘zida issiqxonaning qurilish ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 1,2 km. masofadagi tuproq yo‘lga shag‘al yotqizildi, ko‘cha bo‘ylab simyog‘ochlar o‘rnatildi.

...Fuqarolar tomonidan qabulda topshirilgan murojaatlar allaqachon nazoratga olinib, qonuniy hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring