Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshi shahar «Oydin» mahallasidagi 90 nafar fuqaro nimadan norozi?

Qarshi shahar «Oydin» mahallasidagi 90 nafar fuqaro nimadan norozi?

Foto: «Xabar.uz»

Qarshi shahridagi «Oydin» mahallasiga aynan ko‘p qavatli binolar oyday yarashib turibdi. Yo‘laklar chinnidek toza, yam-yashil archalar ekilgan, binolar arixitektura talablari asosida tartib bilan qurilgan. Ana shu tartib bilan qurilgan ko‘p qavatli uylar yoniga qo‘shimcha binoning qurilishi esa bu mutanosiblikka andak soya soladigandek.

2020-yil 13-oktyabrda shahar hokimining Feruza Usanovaga mahalla hududiga umumiy maydoni 120.0 kv.metr bo‘lgan «savdo paviloni» qurilishi uchun 1943-10 sonli qaror chiqarib berishi ushbu mahalla fuqarolarining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Aytishingiz mumkin, «ha nima qipti bitta hududda savdo paviloni tashkil qilinsa, odamlarga qulay sharoit yaratiladi, mushkuli oson bo‘ladi», deb. Ammo fuqarolar yozgan arizada ko‘rsatilishicha, bu binoning qurilishi o‘zi shundoq ham havo aylanmasi yo‘q joyda biqiqlik yuzaga keltirishi, bolalar maydonchasining qisqarib ketishi, yam-yashil ekilgan o‘t, daraxt va archalarning payhon qilinishi, ya’ni ekologiyaga zarar yetkazilishi, ekinlarni sug‘oradigan fontan trubalarining buzib tashlanishi, maxsus yong‘in xavfsizligini bartaraf etish uchun joylashgan suv hovuzining to‘sib qo‘yilishi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Foto: «Xabar.uz»

Gapning indaollosini aytadigan bo‘lsak, hududda savdo paviloni o‘rnatmoqchi bo‘lgan fuqaro bir taraf, o‘z huquqlari uchun kurashayotgan 90 nafardan ziyod fuqarolar bir taraf.

Xo‘sh, bunga qonun nima deydi? O‘zbekistonda aholi yashash joylarida qurilish ishlarini olib borish Shaharsozlik kodeksi bilan tartibga solinadi. Uning 4-moddasi, birinchi qismida «shaharsozlik vositalari orqali shahar va qishloq aholi punktlari, aholisining qulay yashash sharoitlarini ta’minlash, xo‘jalik va boshqa faoliyatning atrof muhitga yetkazadigan zararli ta’siriga yo‘l qo‘ymaslik, ekologik holatni yaxshilash, aholi punktlarining va ularga tutash hududlarning muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirish, madaniy meros ob’yektlarini saqlash jamiyatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir» deyilgan.

Ya’ni yangi quriladigan ob’yekt atrof-muhitga zarar yetkazmasa, ekologik holatni buzmasa, aksincha yaxshilanishiga hissa qo‘shsagina manfaatlidir.

Ushbu moddaning beshinchi qismida esa «Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyati, basharti bunday faoliyat chegaradosh yer uchastkalari va boshqa ko‘chmas mulk ob’yektlarining mulkdorlari, egalari hamda mazkur uchastka va ob’yektlardan foydalanuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishiga monelik qiladigan bo‘lsa, cheklanishi kerak» deyilgan. Ushbu moddaning eng oxirgi qismida «Agar shaharsozlik faoliyati jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak», deyilgan, ya’ni har qanday qurilish ishlari boshlanishidan oldin, rejalashtirilayotganda, loyihalashtirilayotganda shu hududdagi fuqarolar, korxona va tashkilotlarning manfaatlariga zid emasligi tekshirilishi, ularning roziligi olinishi shart hisoblanadi.

Aynan shu kodeksning 5-moddasi fuqarolarning qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta’minlanish huquqlariga bag‘ishlanadi. Uning 4-qismida fuqarolarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etishi belgilab qo‘yilgan.

6-moddasida shaharsozlik faoliyatining asosiy talablariga urg‘u berilgan. Ya’ni shaharsozlik faoliyati sohasida qarorlarning muhokamasi va qabul qilinishida fuqarolar, jamoat birlashmalari ishtirok etishi uchun sharoitlarni ta’minlash talab qilinarkan. Mana shu moddaga kengroq to‘xtaladigan bo‘lsak, xo‘sh, qaror muhokamasiga fuqarolar jalb qilinganmi? Ular ogohlantirilganmi, ularning fikri o‘rganilganmi?

Foto: «Xabar.uz»

Keyingi paytlarda ko‘p qavatli uylar hududidagi daraxt va gullar ekilgan, fontan barpo qilingan, bolalar maydonchalari qurilgan yerlar aksariyat hollarda bo‘sh turgan yerlar hisoblanib, xususiy tadbirkorlarga ajratilayotgan holatlari shunday ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda.

Axir, ko‘p qavatli uylar oldining foydali ob’yektlar bilan band bo‘lishi — ko‘m-ko‘k maysalar va gullar ekilishi, fontandan zilol suvlarning otilib turishi aholining hordiq chiqarishi uchun qulaylik emasmi? Qolaversa, bu qulayliklar shu hududdagi har bir fuqaroning hordiq olish huquqi hamdir.  Nima uchun bir fuqaroning tadbirkorligi sabab bir necha fuqaro qisqa qilib aytganda ko‘pgina qulayliklardan, «toza havo»dan mosuvo bo‘lishi kerak? Bunday yerlarga biron inshoot qurishdan oldin aholining, shu yerda yashayotgan fuqarolarning fikri inobatga olinsa, bunday ziddiyatlar va noroziliklar kelib chiqmasdi.

Yana bir gap: ko‘pni norozi qilgan odamning boshlagan ishida xayr-baraka bo‘larmikan?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring