Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

Prezidentlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

Mamlakatimizda davlat va jamiyatni modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan tub islohotlarning ustuvor vazifalari va asosiy yo‘nalishlaridan biri – inson huquqlarini har tomonlama va keng ta’minlashdan iborat. Amalga oshirilayotgan tizimli va dadil islohotlar samarasida milliy saylov qonunchiligi va amaliyoti demokratik talablar va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirilib, fuqarolar o‘z xohish-irodasini yanada faolroq va erkinroq ifoda etishi uchun kafolatlar kengaytirilmoqda. So‘nggi besh yilda erkin va adolatli saylovlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, takomillashtirish va rivojlantirish borasida ulkan amaliy tajriba to‘plandi. Bu Prezident saylovi bilan bog‘liq qonunchilik normalari va talablarida ham o‘zining yorqin ifodasini topgan.

Xalqaro talablar va milliy qonunchilik

Konstitutsiyamizning 1-moddasiga asosan O‘zbekiston — suveren demokratik respublika. Demokratik respublikada davlat hokimiyati organlari, xususan, Prezident davriylik asosida o‘tkaziladigan saylovlarda muayyan muddatga saylanadi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 25-moddasida davriylik prinsipi asosida saylovlar o‘tkazish, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasining Kopengagen kengashi hujjatining 7.1, 7.7-bandlariga asosan xalq irodasi davlat hokimiyatining asosi bo‘lib xizmat qilishi uchun ishtirok etuvchi davlatlar qonunda belgilanganidek oqilona vaqt oralig‘ida erkin saylov o‘tkazishi belgilangan. Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan Saylovlarga oid yo‘l-yo‘riq tamoyillarda ham saylovlar davriylik prinsipi asosida muntazam o‘tkazilishiga oid tamoyil belgilangan. Ya’ni oqilona vaqt oralig‘ida saylov o‘tkazish – demokratiyaning muhim belgisi.

Shu ma’noda, mamlakatimizda ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti besh yil muddatga saylanadi. Ushbu besh yillik muddat jahondagi umumiy tendensiyaga mos bo‘lib, BMTga a’zo 193 mamlakatdan 95 tasida davlat rahbarlari 5 yil muddatga saylanadi. Fransiya, Germaniya, Vengriya, Gretsiya, Hindiston, Slovakiya, Sloveniya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarni bunga misol keltirish mumkin.

Milliy qonunchiligimizda Prezidentlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar jahon standartlariga to‘la mos. Saylovlarga oid yo‘l-yo‘riq tamoyillarda umumiy saylov huquqi muayyan shart-sharoitlarga ko‘ra cheklanishi mumkinligi qayd etiladi. Bunday cheklovlar sifatida yosh, fuqarolik, mamlakat hududida muayyan vaqt yashash muddati (o‘troqlik), jiddiy huquqbuzarlik uchun hukm qilinganlik kabilar ko‘rsatib o‘tilgan.

Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Prezident bo‘lishi mumkin emasligiga oid talabga to‘xtaladigan bo‘lsak, mazkur qoida birinchi marta dunyo konstitutsionalizmida AQSh Konstitutsiyasiga yigirma ikkinchi tuzatish bilan 1947-yil 21-martda kiritilgan.

Jahonda davlat rahbarlari vakolat muddatlarini cheklashning besh turi bo‘lib, ular:

umuman cheklovning yo‘qligi: Ozarboyjon, Belarus, Boliviya, Islandiya, Italiya, Kipr, Kosta-Rika (cheklovchi qoidalar yo‘q), Venesuela (cheksiz qayta saylanish uchun maxsus ruxsat beruvchi qoidalar mavjud);

uzluksiz muddatlarni cheklash (maksimal muddatni o‘rnatmasdan): Peru, San-Marino, Urugvay, Chili, Shveysariya;

muayyan muddatni o‘rnatish (ikki muddat): Albaniya, Jazoir, Vengriya, Gretsiya, Irlandiya, Kosovo, Makedoniya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Serbiya, Tunis, Turkiya, AQSh, Xorvatiya, Chernogoriya, Janubiy Afrika;

muayyan uzluksiz muddatni belgilash (ikki muddat): Avstriya, Argentina, Armaniston, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Braziliya, Germaniya, Gruziya, Isroil, Qozog‘iston, Latviya, Litva, Moldova, Rossiya, Slovakiya, Sloveniya, Ukraina, Finlyandiya, Fransiya, Chexiya, Estoniya;

qayta saylanishning to‘liq taqiqlanishi: Janubiy Koreya, Malta, Meksika.

O‘zbekiston qonunchiligida qayd etilgan uzluksiz muddatlarni belgilash (ikki muddat) turi mustahkamlangan.

Bunday qoida o‘rnatilishidan maqsad – inson huquqlarini, huquq ustuvorligini, demokratiyani himoya qilish, yangi g‘oyalar vujudga kelishini, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligini ta’minlash, hokimiyatni suiiste’mol qilishning oldini olish, konstitutsiyaviy o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimi kafolatlarini yaratishdan iborat.

Siyosiy-huquqiy adabiyotlarda saylanish huquqi passiv saylov huquqi deb nomlanadi. Saylov kodeksining 61-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodlar – passiv saylov huquqi talabgorlari quyidagi to‘rt talabga javob berishlari shart:

birinchidan, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmasligi (yosh senzi);

ikkinchidan, davlat tilini yaxshi bilishi (til senzi);

uchinchidan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan bo‘lishi (o‘troqlik senzi);

to‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi (fuqarolik senzi).

Nomzodlarga bunday talablarning qo‘yilishi bejiz emas, albatta.

Masalan, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmaslik talabiga to‘xtalib o‘tsak. Mazkur talab Saylov kodeksining 4-moddasidagi umumiy saylov huquqi prinsipining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, saylov kuni o‘ttiz besh yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Prezidentlik lavozimiga saylanish huquqiga ega ekanligini anglatadi.

Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir. O‘zbekistonda Prezidentlik uchun o‘rnatilgan 35 yosh eng maqbul yosh bo‘lib, bu yoshda inson har tomonlama shakllanadi.

Xorijiy mamlakatlar qonunlarida Prezidentlikka saylanuvchilarning yoshi turlicha: Kolumbiyada 30 yoshdan, Avstriya, AQSh, Braziliya, Meksika, Chili, Kipr, Indoneziya, Islandiya, Hindiston, Polsha, Rossiya, Portugaliyada 35 yoshdan, Armaniston, Chexiya, Estoniya, Germaniya, Iroq, Moldova, Pokiston, Janubiy Koreya, Filippinda 40 yoshdan, Italiyada esa 50 yoshdan etib belgilangan.

Til bilgan – el biladi

Davlat tilini yaxshi bilish talabi masalasiga kelsak, ma’lumki, davlat tili — jamiyatning, millatning asosiy ramzidir. Prezidentlikka nomzod o‘zi saylanadigan mamlakatda yashaydigan fuqarolarning dunyoqarashini, tafakkurini, xalqning orzu-umidlarini yaxshi anglaydigan va shu intilishlarni ro‘yobga chiqarishga qodir, tom ma’noda katta hayotiy tajriba, keng va chuqur bilimga ega shaxs bo‘lishi zarur. Shu bois Prezident bo‘ladigan shaxs davlat tilini yaxshi bilishi, shu tilda o‘z fikrini ravon tushuntira olishi, davlat tilida yozilgan hujjatlar bilan mustaqil ishlashi shart. Nomzodlarga tilni bilish bo‘yicha talab MDHga a’zo oltita davlat (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina) konstitutsiyalarida qayd etilgan.

Xalq bilan hamnafaslik

O‘troqlik senzining asoslanganligi ham hech kimga sir emas, albatta. Nega aynan kamida o‘n yil degan savolga javob shuki, birinchidan, o‘n yil bir odam ma’lum bir hududni yaxshi bilishi, shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi zamonda u yoki bu ishni amalga oshirish uchun, masalaning negiziga yetib borish uchun o‘sha joyning o‘ziga xos xususiyatlarini anglab yetishi, xalq bilan hamnafas yashashi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan boxabar bo‘lishi uchun yetarli muddat, ikkinchidan, ko‘plab davlatlar tajribasida ham o‘n yil eng ko‘p qo‘llaniladigan muddat hisoblanadi.

Shu sababdan ham bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashash talabi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va Saylov kodeksida juda to‘g‘ri belgilangan.

AQSh Konstitutsiyasiga binoan, prezidentlik saylovi paytida, AQSh Prezidenti lavozimiga nomzod 35 yoshda yoki undan katta, AQShda tug‘ilgan hamda u yerda so‘nggi 14 yil ichida doimiy yashagan bo‘lishi shart.

Davlat ishi va siyosiy huquqlar

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi kerak degan talabga to‘xtalib o‘tsak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga muvofiq jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga faqat O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari ega. Yana bir muhim zaruratni yoddan chiqarmaslik lozimki, mazkur modda Asosiy qomusimizning siyosiy huquqlar bobida keltirib o‘tilgan. Ma’lumki, taraqqiy etgan demokratik davlatlarda ham siyosiy huquqlardan faqat fuqarolar foydalanadilar.

«O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik shaxsning davlat bilan o‘zaro huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi yig‘indisida ifodalanadigan hamda inson qadr-qimmati, asosiy huquqlari va erkinliklarini e’tirof etish hamda hurmat qilishga asoslanadigan doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi.

Ayrim mamlakatlarda faqat tug‘ilish orqali fuqarolikka ega bo‘lgan shaxslargina Prezident bo‘lib saylanishi mumkin. AQSh, Kolumbiya, Mo‘g‘iliston, Filippin, Finlyandiya shunday mamlakatlar sirasidan. Bu mamlakatlarda fuqarolikka keyinchalik ega bo‘lganlar Prezidentlikka saylanish huquqiga ega emaslar.

Ma’naviy-huquqiy talab

Shuningdek, Saylov kodeksining 61-moddasiga muvofiq qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydilar.

Qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlanganlar Prezident lavozimiga saylanish uchun nomzod etib ro‘yxatga olinmasligi avvalambor — ma’naviy-huquqiy talab. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maqomi g‘oyat yuksak lavozim va davlat rahbari hisoblanadi. Bu shaxs yurt taqdiri, shu mamlakatda hayot kechirayotgan millionlab odamlarning farovon hayoti uchun mas’uldir. Shuning uchun bunday yuksak martabaga saylanadigan nomzod munosib xulq-atvori, intizomi, mas’uliyati, jamiyatdagi obro‘-e’tibori, ibratli hayot yo‘li bilan namuna bo‘lishi lozim.

Aytib o‘tilganidek, Saylovlarga oid yo‘l yo‘riq tamoyillarda ham umumiy saylov huquqi muayyan shart-sharoitlarga ko‘ra cheklanishi mumkin. Bunday cheklovlar sifatida jiddiy huquqbuzarlik uchun hukm qilinganlik ko‘rsatib o‘tilgan.

Davlat rahbarinig umumiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovi ko‘zda tutilgan Avstriya, Ozarboyjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Kipr, Moldova, Turkiya, Tojikiston kabi mamlakatlarda konstitutsiyalar va qonun hujjatlarida jinoyat sodir etganlik, shu jumladan, og‘ir, o‘ta og‘ir yoki harbiy jinoyatlar uchun hukm qilinganlarning, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarning saylanish huquqini cheklash belgilangan.

Diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari nomzod etib ro‘yxatga olinmasligiga sabab O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 61-moddasiga ko‘ra, diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmagani kabi diniy tashkilotlar va ularning xizmatchilari ham davlat siyosatiga aralashmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dinga e’tiqod qilish, ibodat, rasm-rusumlar va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzilgan ko‘ngilli birlashmalari (diniy jamiyatlar, diniy o‘quv yurtlari, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqalar) diniy tashkilotlar deb e’tirof etiladi.

Diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari — diniy tashkilotlarda mehnat shartnomalari (kontraktlari) bo‘yicha ishlayotgan fuqarolardir. Ular o‘z xizmat vazifasiga ko‘ra ibodat, rasm-rusumlar va marosimlarni ado etish bilan maxsus shug‘ullanadilar. Bunday shaxslarning nomzod etib ro‘yxatga olinmasligi ular egallab turgan kasbning o‘ziga xosligidan kelib chiqadi. Diniy faoliyat odamlarning his, kechinmalariga bog‘liq bo‘lib, din xizmatidagilarning nomzod bo‘lishi diniy etika nuqtai nazaridan ham uning kasbiy faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishiga monelik qilishi tabiiy.

Bundan diniy xizmatchilarning huquqlari buzilgan deb hisoblamaslik kerak. Chunki shaxs agar prezidentlikka saylanmoqchi bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shashi lozim va shundan keyin nomzod etib ro‘yxatga olinishi mumkin.

Boshqa mezonlar ham yo‘q emas

Qayd etilgan talablarning barchasi demokratik mezonlarga to‘la mos. Shu o‘rinda qiyos uchun aytish joizki, ba’zi mamlakatlarda bundan tashqari bir qator boshqa talablar ham belgilangan. Masalan, xorijiy davlatlar oldidagi majburiyati, ikkita davlat fuqarosi bo‘lmasligi, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, nomzod davlat organlarida, jamoat birlashmalarida, korxona, muassasa, tashkilotlarda doimiy ishlayotgan bo‘lishi kabilar shular jumlasidandir.

Ba’zi arab davlatlarida nomzodlarga kelib chiqishi ham shu davlatdan bo‘lishi, nomzodning ota-onasi ham shu yurtda tug‘ilgan bo‘lishi, turmush o‘rtog‘i ham shu davlat fuqarosi bo‘lishi, mamlakat hayotidagi u yoki bu muhim voqeada qatnashganligini hujjatlar bilan tasdiqlashi, ko‘char va ko‘chmas mol-mulki haqidagi deklaratsiyasini taqdim etishi, fe’l-atvori yaxshi bo‘lishi, muayyan dinga e’tiqod qilishiga oid talablar belgilangan.

Mo‘g‘ulistonda prezidentlik saylovi paytida nomzodning katta qarzi bo‘lmasligi kerak, shu jumladan, kredit va soliq qarzlari daromadidan oshib ketmasligi kerak (sud qarori bilan belgilanadi). Shu bilan birga, Ruminiyada konstitutsiya va saylov qonunchiligi prezident saylovida ishtirok etish uchun boshqa cheklovlarni ham belgilab qo‘ygan: siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lishi taqiqlangan shaxslar prezident saylovida ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.

Bundan tashqari, Turkiyada davlat rahbari lavozimiga sudyalar, davlat xizmatchilari va qurolli kuchlar vakillari saylana olmaydilar. Saylovda ishtirok etish uchun ular o‘z lavozimlarini tark etishlari lozim. Meksikada esa prezidentlikka nomzod saylovdan kamida 6 oy avval davlat kotibi yoki uning o‘rinbosari, bosh prokuror, gubernator sifatida faoliyat olib bormagan bo‘lishi kerak.

Demokratik talablar va standartlarga mos

Shu bilan birga qayd etish o‘rinliki, O‘zbekistonning zamonaviy saylov qonunchiligi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va me’yorlariga muvofiq shakllangan va ularning asosiy talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirib bormoqda.

Bu borda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega.

DIIHB missiyalari 1999-yildan buyon mamlakatimizda o‘tgan barcha parlament va prezident saylovlarini kuzatishda ishtirok etib kelmoqda. Byuroning tavsiyalari O‘zbekiston milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini umume’tirof etilgan xalqaro demokratik standartlarga uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda.

Shular qatorida:

saylovga oid qonunlar va qonunosti hujjatlari tizimlashtirilib, yagona Saylov kodeksi qabul qilingani;

saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilgani;

jazoni o‘tash joylarida saqlanayotgan ayrim toifadagi shaxslarning saylovlarda ishtiroki borasidagi cheklovlarning olib tashlangani;

to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov prinsiplariga zid bo‘lgan Qonunchilik palatasidagi o‘rinlar uchun kvotalar institutining bekor qilingani kabi ko‘plab ko‘rsatkichlar buning yorqin dalilidir.

Yaqinlashib kelayotgan Prezident saylovi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan joriy yilning 24-28-may kunlari DIIHBning Ehtiyojlarini baholash missiyasi (EBM) tashrifi bo‘lib o‘tdi. EBM mamlakatimizdagi saylovoldi holati va bo‘lajak Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, saylovlarda xalqaro kuzatuvni tashkil etish bo‘yicha tavsiyalarini taqdim etdi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, EBM 2021-yil 24-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholagan jihatlari qatorida O‘zbekiston tomonidan YeXHT DIIHBning oldingi bir qancha tavsiyalari bajarilganini hamda bo‘lajak saylov yangilangan va takomillashtirilgan qonunchilikka muvofiq o‘tkazilishini ta’kidladi.

Jumladan:

saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun ruxsatnoma olish o‘rniga xabardor qilish mexanizmining belgilanishi;

haqorat va tuxmat uchun jinoiy jazoning liberallashtirilishi (ozodlikdan mahrum qilish jazosining bekor qilinishi);

davlat resurslaridan saylov maqsadlarida noqonuniy foydalanish taqiqlanishi;

siyosiy partiyalar tomonidan saylov kampaniyasi xarajatlari bo‘yicha oraliq va yakuniy hisobotlarning taqdim etilishi;

shikoyatlar berishning ikkiyoqlama tizimi bartaraf etilishi va sudning saylovga oid nizolarni hal qilish bo‘yicha yagona instansiya sifatida belgilanishi.

Xulosa o‘rnida shuni qayd qilish lozimki, yurtimizda saylov qonunchiligi va amaliyoti, jumladan, prezidentlikka nomzodlarga qonun yo‘li bilan qo‘yilgan talablarning barchasi umume’tirof etilgan demokratik mezonlar va standartlarga to‘la javob beradi.

Gulnoza Rahimova, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring