Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Zangiotadagi innovatsion farmatsevtika klasteri qurilishi bilan tanishdi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Zangiotadagi innovatsion farmatsevtika klasteri qurilishi bilan tanishdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning videokonferensaloqa orqali ishtirokida 17 aprel kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri qurilishi boshlandi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Telemuloqot chog‘ida davlatimiz rahbari bu yerda innovatsion va yuqori sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan dori-darmonlar, tibbiy mahsulot va texnik vositalar ishlab chiqarish, aholining bu boradagi talab va ehtiyojlarini ta’minlash, zamonaviy kadrlar tayyorlash, shuningdek, mamlakatimizda farmatsevtika sohasini yanada rivojlantirish, samarali infratuzilma yaratishga qaratilgan loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha boshlangan ishlar va rejalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil yanvar oyida qabul qilingan qarori bilan klasterni tashkil etish bo‘yicha konsepsiya va amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan edi.

Ushbu maqsadda Zangiota tumanida jami 79 gektarlik yer maydoni ajratildi. Jami 14 ta investitsion loyiha amalga oshirish orqali mintaqada yagona zamonaviy farmatsevtika klasteri hamda 1700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Klaster texnopark va sanoat zonasidan iborat bo‘ladi.

Texnopark hududida akademik, ilmiy hamda dori-darmonlar ishlab chiqaradigan sektorlar joylashadi. Xususan, bu yerda Farmatsevtika texnik universitetini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu o‘quv dargohida dori vositalari, tibbiyot mahsulotlari va texnikalar, kosmetologiya va boshqa ashyolar ishlab chiqarish sohasida xalqaro ta’lim standartlari darajasidagi yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi.

Sanoat zonasida yetakchi farmatsevtika kompaniyalarining innovatsion dori vositalari ishlab chiqarish maydonlari barpo etiladi.

Kelgusida bu yerda chet el klinikalari, tibbiyot markazlarini ochish, klasterning infratuzilmalarini yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Koreya Respublikasi Eksimbankining Iqtisodiy taraqqiyot hamkorlik fondi bilan uzoq muddatli kredit yordamida klasterning ilmiy va ta’lim tuzilmalarini moliyalashtirish haqida kelishuvga erishildi.

«Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri Homiylik kengashi hamda rivojlantirish direksiyasi tuzildi. Uning faoliyatini Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi amalga oshiradi.

Tashkil etilayotgan klaster sohada o‘ziga xos birinchi «ilmiy shaharcha» bo‘lib, u butun tarmoq uchun mustahkam poydevor yaratadi. Unda xalqaro tajribani keng qo‘llash, xorijdan investitsiyalar va ilg‘or ilmiy ishlanmalarni jalb qilish, innovatsion yechimlar va yuksak texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan yurtimizda farmatsevtika rivojini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.  

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring