Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident va boshqa rasmiylar atoqli olim vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirishdi

Prezident va boshqa rasmiylar atoqli olim vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirishdi

Bekjon Toshmuhammedov

Avvalroq akademik Bekjon Toshmuhammedovning olamdan o‘tgani to‘g‘risida xabar bergandik.

Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov, A.Aripov va B.Yo‘ldoshev atoqli olim Bekjon Toshmuhamedovning yorqin xotirasini yodga olishdi.

Xususan, Bekjon Toshmuhamedovning biofizika fanining O‘zbekistondagi asoschilaridan biri ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.

B.Toshmuhamedov biofizika, hujayra fiziologiyasi va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha yirik tadqiqotchi sifatida tanilgan olim edi. Uning biofizika maktabini dunyoga tanitishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb mavzulardagi ilmiy maqola va tadqiqotlari, risola va monografiyalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida e’tibor qozondi.

Olim hujayra membranasiga ta’sir qiluvchi faol moddalarning tadqiqoti bo‘yicha O‘zbekistonda ilmiy markaz yaratdi. Xalqaro miqyosda keng e’tirof etilgan ushbu markazning biofizika laboratoriyalarida Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston, Arab mamlakatlari, Polsha va boshqa davlatlardan izlanuvchilar kelib tadqiqot ishlarini amalga oshirishdi.

B.Toshmuhamedov AQSh, Angliya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Daniya kabi mamlakatlarning bir necha xalqaro ilmiy markaz va akademiyalarining faxriy a’zosi edi.

Akademik B.Toshmuhamedovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga va «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» unvoniga sazovor bo‘lgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring