Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Paxta shartnomasidagi bitta band haqida eslaganlarim

Paxta shartnomasidagi bitta band haqida eslaganlarim

Bundan yigirma yillar oldin bo‘lgan voqea. Kuz, barglar sarg‘aygan, yig‘im-terim ayni avjida. Ertalablari ancha salqin, ammo tushlik vaqtida kuz quyoshi tikkadan kelganda naq peshonaga urib, qizdiradi, behol qiladi. Chanqoq, ochlik. Sen esa paxta terishing kerak.

Ikki dala narida qovun-tarvuz g‘arq pishib yotibdi. Borib bittaginasini yeb olsang, chanqog‘ing ham qonadi, qorning ham to‘yadi. Ammo men paxta maydonidan chiqa olmayman. Bunga haqqim yo‘q, umuman, xohlaganimda ham belimdagi fartukni yechib, otvorib keta olmayman baribir. Chunki maktabimning deyarli hamma o‘qituvchilari shu yerda, dala chetidagi daraxtlar soyasida qorovullik qilishyapti. Paxtadan qochmoqchi bo‘lganlar (ha, bizning davrimizda shunaqa «atamalar» bo‘lardi, u vaqtlarda nafaqat darsdan qochilardi) qo‘lga tushib qolsa, ahvol chatoq...

E, yigirma yil oldin paxta terish uchun shartnoma imzolash qayoqda edi, birodar. «Terimchining huquqi», degan gapni adashib aytib qolsang, ustingdan bir hafta kulishardi.

Endichi?

Kecha, terimchilar bilan imzolash uchun chiqarilgan fuqaroviy-huquqiy tusdagi shartnomani o‘qir ekanman, o‘sha kunlar esimga tushdi. Shu damlarga ham yetibmiz.

Bilasizmi shartnomaning nimasi menga juda yoqdi. Undagi 3.1 bandda shunaqa joyi bor ekan:

«Bajaruvchi (terimchi) shartnomani istalgan vaqtda o‘z ixtiyoriga ko‘ra bekor qilish huquqiga ega. Bunday huquqdan foydalanish Bajaruvchi uchun Buyurtmachining roziligini olish yoki boshqa biron bir majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi».

Bu nima degani? Deganiki, aytaylik siz — terimchisiz. Birdan sizga nimadir yoqmay qoldi —sharoit ko‘nglingizdagidek emas. Shartta fartukni yechib otasizu, ketvorasiz. Mazzami?

Paxtaning ham o‘z odami bo‘ladi, do‘st. Ya’ni, tergani sari tergisi kelib, yayraydiganlar bor. Qo‘li paxta teradi, miyasida olinajak pulni hisoblab ketaveradi. Unaqalarni ham ko‘rganmiz. Aslida terimni shundaylarga berish kerak. Egatda adashib yurgan, quvib olib kelinganlardan nima naf?

Endi u kunlar qaytmaydi. Paxtaga hammani yoppasiga quvib olib kelishmaydi — o‘zining odami teradi. Har holda qo‘limdagi shartnoma shundan dalolat berib turibdi.

Unga ko‘ra, Buyurtmachi, ya’ni paxta terdiradiganlar quyidagi majburiyatlarga ega:

- Mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi talablariga javob beradigan, munosib mehnat sharoitini yaratib berish.
- Terib berilgan paxta uchun Hukumat tomonidan belgilangan narxlardan kam bo‘lmagan miqdorda har kuni (kechi bilan besh kunda bir marta) to‘lab borish.
- Bajaruvchini (terimchini) uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlash. Shuningdek dam olish vaqtida kerakli jihozlar va maishiy texnikalar bilan ta’minlangan, tibbiy va maishiy xizmat ko‘rsatish tashkillashtirilgan yotoq joyi bilan ta’minlash, yotoq joy bilan paxta dala maydoni uzoqda joylashgan bo‘lsa, borib kelish uchun transport bilan ta’minlash.
- Terimchilar kasal bo‘lganda, sog‘ligiga shikast yetkazilganda ularga tibbiy yordam ko‘rsatilishini tashkil etish va sog‘ligi tiklanishi bilan bog‘liq harajatlarni qoplashi lozim.

Albatta terimchi ham o‘z navbatida ishini vijdonan bajarishi, hosilni nobud qilmay, toza-ozoda yig‘ib olishi kerak. Bu ham shartnomada ko‘rsatilgan.

Shunaqa. Men boya yigirma yil oldinni gapirdim, aslida 5-6 yil avval ham bunaqasi shunchaki utopiya edi. Endi davr o‘zgardi, do‘stim.

Shartnomani o‘qing. Ishni ham qiling, haqqingizni talab qilishni ham o‘rganing.

Abdulloh

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring